Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida (641-I-son)
09.11.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Davlat budjetining Oʻzbekiston Respublikasi Xukumati tomonidan taqdim etilib, muhokama qilish mobaynida Qonunchilik palatasi deputatlarining taklif va mulohazalari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Davlat budjeti hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
iqtisodiy rivojlanishning barqaror va muvoziylashgan surʼatlarini, aholining daromadlari va turmush sifati izchil oʻsishini taʼminlasin;
soliq siyosatini yanada erkinlashtirishni va kichik biznes subyektlari rivojlanishini xar tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, iqtisodiyotga chet el investitsiyalari toʻgʻridan-toʻgʻri kirib kelishini va mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini ragʻbatlantirishga, banklarning investitsiya bozoridagi ishtirokini faollashtirishga qaratilgan soliq boshqaruvini soddalashtirishni davom ettirsin;
maorif va sogʻliqni saqlash tizimlarida xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirishni, shuningdek aholining muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoyalashni taʼminlashni nazarda tutadigan davlat xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligini saqlab qolsin;
yerlarning meliorativ holatini oshirishga maqsadli mablagʻlar ajratish orqali fermer xoʻjaliklarini yanada qoʻllab-quvvatlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va ularning asossiz sarflanishini bartaraf etish ustidan gʻaznachilik ijrosi tizimi vositasida qatʼiy nazorat qilinishini bundan buyon ham taʼminlash borasidagi ishlarni davom ettirsin;
Davlat budjeti taqchilligini respublika budjetining zaruriy aylanma kassa mablagʻi hajmidan ortiqcha boʻlgan respublika budjetining erkin qoldiqlari hamda inflyatsiyaga taalluqli boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasinlar, mintaqalarning soliq solish bazasi kengaytirilishi va moliyaviy salohiyati mustahkamlanishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
4. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
5. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri oʻrinbosari A. RUSTAMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-noyabr,
641-I-son
