Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezidenti Devonining Oʻzbekiston Mustaqilligining 16 yilligiga bagʻishlangan qoʻshma majlisidagi maʼruzasidan kelib chiqadigan vazifalari toʻgʻrisida (588-I-son)
05.09.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezidenti Devonining Oʻzbekiston Mustaqilligining 16 yilligiga bagʻishlangan qoʻshma majlisidagi Oʻzbekiston mustaqilligining oʻn olti yili davridagi tarixiy oʻzgarishlar chuqur va batafsil tahlil etilgan, Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishning, fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy vazifalari va ustuvorliklari belgilab berilgan maʼruzasini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Taʼkidlansinki, mustaqillik yillarida mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishida erishilgan natijalar Oʻzbekiston tanlagan huquqiy demokratik davlat qurish, ijtimoiy jihatdan yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish yoʻli Oʻzbekiston xalqining hozirgi va kelajak avlodlari uchun ulkan imkoniyatlar hamda istiqbollar ochganligining ishonchli dalilidir.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezidenti Devonining Oʻzbekiston Mustaqilligining 16 yilligiga bagʻishlangan qoʻshma majlisida bayon etilgan xulosalar, belgilab berilgan maqsad va vazifalar asosida jamiyatni yanada demokratlashtirish va yangilashga, mamlakatni isloh etish hamda modernizatsiya qilishga qaratilgan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatining samaradorligini oshirsin.
3. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari saylovchilar bilan uchrashuvlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari, jamoat birlashmalarining vakillari bilan yaqin hamkorlikda, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oqsoqollari va faollari, olimlar, taʼlim, madaniyat va sanʼat xodimlari ishtirokida mamlakatni mustaqil rivojlantirish davrida bosib oʻtilgan yoʻlning mohiyati, mazmuni va ahamiyatini, mamlakatda keng koʻlamda amalga oshirilayotgan islohotlarning hozirgi bosqichida jamiyat oldida turgan vazifalarni keng tushuntirib borsinlar. Bu ishda ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, mustaqillik yillarida xalqimiz erishgan yutuqlarni oʻz saylovchilariga yetkazish borasidagi ishlarni kuchaytirish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-sentabr,
588-I-son
