Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritgan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga) tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihalarining umumxalq muhokamasini tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vazifalari haqida (241-I-son)
21.11.2006
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F.F. Muhitdinovaning axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Senat qoʻmitalari qoʻmitalar majlislarida va joylarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlar korpusi, partiya faollari, aholi orasida quyidagi asosiy vazifalarni hal etish uchun “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga) tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining loyihalari muhokamasini tashkil qilsin:
a) tavsiya etilayotgan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga) tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining loyihalari mohiyatini tushuntirish;
b) ushbu qonunlar loyihalarining Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar va jarayonlarni chuqurlashtirishdagi ahamiyatini, ushbu qonunlar loyihalari qabul qilinishi hamda ularning qoidalari amaliyotga tatbiq etilishi munosabati bilan yuzaga keladigan natijalarni tushuntirish.
2. Senatning sakkizinchi yalpi majlisi oldidan qonunlar loyihalarining umumxalq muhokamasini tashkil etish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari – xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislarining axborotlari eshitilsin, umumxalq muhokamasi doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlarga uslubiy yoʻnalish berilsin.
3. Senat Devoni senatorlarning va Devon xodimlarining aholi bilan uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazishda foydalanishlari uchun maʼruzalar tezislarini ishlab chiqsin, senatorlar va mahalliy Kengash deputatlariga tarqatish uchun qonunlar loyihalarini, maʼruzalar va suhbatlar tezislarini risola tarzida nashr etsin, qonunlar loyihalarining muhokamasini tashkil etish uchun Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar va Senat Devoni xodimlarining mintaqalarga chiqishlarini uyushtirsin.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F.F. Muhitdinova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-noyabr,
241-I-son
