Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovining yakunlari haqida (206-I-son)
10.08.2006
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari vakolat muddati tugaganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi va “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq shu yilning may-iyun oylarida mamlakatimizning barcha hududlarida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi oʻtkazildi.
Mamlakatimizda ilgari oʻtkazilgan saylovlardan farqli ravishda, bu saylov birinchi marotaba “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asosida oʻtkazildi. Qonunga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar hamda Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan 199 ta tuman va shaharda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tuzildi. Shuningdek, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha 8843 ta ishchi guruh tuzildi.
Saylov kampaniyasining asosiy maqsadi uni qonun talablari asosida, ijtimoiy adolat, erkin fikr bildirish va oshkoralik tamoyillariga rioya etgan holda oʻtkazish, muqobil nomzodlar koʻrsatish yoʻli bilan rais (oqsoqol) va uning maslahatchilari lavozimiga munosib shaxslarni saylash imkoniyatini yaratishdan iborat edi.
Saylovoldi tadbirlarini tashkil etishda joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasining deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh aʼzolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari oʻz saylov okruglarida, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar, “Mahalla” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati hududiy boʻlinmalarining vakillari, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari professor va oʻqituvchilari faol qatnashdilar.
Ular joylarda davlatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy va demokratik oʻzgarishlar mohiyatini tushuntirish boʻyicha keng qamrovli ishlarni amalga oshirdilar, fuqarolarning saylovda faol ishtirok etishini taʼminladilar.
Saylov kampaniyasida 12 milliondan ortiq saylovchi qatnashdi. Yigʻilishlarda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning qilingan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlari tinglandi. Fuqarolar yigʻinlarining koʻpchiligida saylov muqobillik asosida oʻtkazildi.
Saylovlarda jami 8843 nafar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) (2003-yilda 8360 nafar boʻlgan edi) va ularning 84 ming nafardan ortiq maslahatchisi saylandi. Oliy maʼlumotli raislar (oqsoqollar) koʻpaydi. Ularning soni 6016 nafar boʻlib, 68 foizni tashkil qiladi. Bular asosan muhandislar, agronomlar, iqtisodchilar va oʻqituvchilardir. 4177 nafar (47%) rais (oqsoqol) 50 yoshga toʻlmagan, 818 nafar (9%) rais (oqsoqol) 40 yoshga yetmagan shaxslardir. 2300 nafar rais (oqsoqol) yoki ular umumiy sonining 26 foizi birinchi marta saylandi. Fuqarolar yigʻinlari raislari orasida ayollar soni koʻpaydi. Agar 2003-yilda ular 734 nafar yoki 9 foiz boʻlgan boʻlsa, 2006-yilda 981 nafar yoki 11 foizni tashkil etdi.
Saylov kampaniyasi ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritib borildi.
Saylovlar jarayonida asosiy diqqat-eʼtibor yangi saylangan fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari ilgari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan ishlarni kuchaytirishlariga, oʻzlaridan oldingi raislarning xatolarini takrorlamasliklariga, tegishli hududlar aholisining manfaatlarini ogʻishmay taʼminlab borishlariga qaratildi.
Fuqarolar yigʻinlarida oqsoqollarning hisobotlari amaliy ruhda muhokama qilindi, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar kiritildi. Soʻzga chiquvchilar joylarda kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish hamda muhtoj oilalarning bolalariga nafaqalar tayinlash chogʻida ijtimoiy adolat tamoyillarini buzish hollarini, shuningdek fuqarolar yigʻinlari bilan xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari oʻrtasida oʻzaro tushunmovchiliklar mavjudligini, baʼzi fuqarolar yigʻinlari qonun hujjatlari bilan oʻz zimmalariga yuklatilgan ayrim notarial harakatlarni bajarmayotganligini tanqid qildilar.
Yigʻilishlarning ishtirokchilari “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9 va 15-moddalari talablarida nazarda tutilgan fuqarolar yigʻini toʻgʻrisidagi, fuqarolar yigʻini taftish komissiyasi toʻgʻrisidagi, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi maʼmuriy komissiyalar toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni tezroq qabul qilish zarurligi masalalarini oʻrtaga qoʻydilar.
Saylovlar fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongi oʻsganligini, ular mavjud kamchiliklarga yuksak talabchanlik va murosasizlik bilan munosabatda boʻlayotganligini namoyish qildi. Chunonchi, oʻnta fuqarolar yigʻinida koʻrsatilgan nomzodlardan birortasi ham saylanmadi (Qashqadaryo viloyatida – 5 , Samarqand viloyatida – 3, Sirdaryo viloyatida – 1, Xorazm viloyatida – 1) va bu yigʻinlarda qayta saylov boʻlib oʻtdi. 143 ta yigʻinda ular rahbarlarining oʻtgan davrdagi ishi qoniqarsiz deb topildi, oqsoqollarga ishonchsizlik bildirildi va ular qayta saylanmadilar. Qashqadaryo viloyatida 71 nafar, Andijon viloyatida 30 nafar, Toshkent shahrida 14 nafar fuqarolar yigʻini raisiga ishonchsizlik bildirildi.
Saylov hayotimizning hamma sohalarini erkinlashtirish va demokratiyalashtirish, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining roli va ahamiyati oshib borayotganini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” siyosiy tuzilish konsepsiyasini amalga oshirishning muhimligini yana bir bor isbotladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi axborotini tinglab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, demokratiya va oshkoralik sharoitida, fuqarolarning yuksak ijtimoiy-siyosiy faolligida oʻtganligi qayd etilsin.
3. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir 2006 — 2008-yillarga moʻljallangan harakat dasturini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tasdigʻiga kiritish boʻyicha ishchi guruh tuzilsin (ilova).
4. Ishchi guruh saylovdan koʻzda tutilgan asosiy maqsadlar va saylov yakunlaridan, fuqarolar yigʻinlarining yigʻilishlarida koʻtarilgan masalalarni samarali hal qilish, aholi tomonidan ilgari surilgan gʻoyat muhim ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muammolarning yechimini topishdagi kamchiliklarni bartaraf etish zarurligidan kelib chiqqan holda:
joylarga borib, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarini jalb qilgan holda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlarini atroflicha tahlil qilsin, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni aniqlasin, saylov davrida fuqarolardan tushgan xat va murojaatlarda bildirilgan taklif va fikr-mulohazalarni oʻrganib chiqsin. Tahliliy maʼlumotnomalarni tayyorlashda asosiy eʼtiborni aholi va saylovchilarni tashvishlantirayotgan masalalarga qaratsin;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi viloyat, tuman va shahar ishchi guruhlari va komissiyalarining faoliyatini sinchiklab tahlil qilsin. Saylov jarayonida oʻz harakati yoki harakatsizligi bilan xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼul shaxslarni javobgarlikka tortish haqida tavsiyalar tayyorlasin va tegishli tashkilotlarga yuborsin;
Harakat dasturiga kiritiladigan har bir bandni yuqorida qayd etilgan tahlil natijalari bilan asoslasin, tegishli qonun hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartishlar yuzasidan aniq takliflar tayyorlanishini taʼminlasin.
5. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari faoliyatining qonunchilik asoslarini mustahkamlash va fuqarolar yigʻinlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari navbatdagi sessiyalarda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlarini muhokama qilsin, ular faoliyatini takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsin va ijrosini taʼminlasin;
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9 va 15-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Fuqarolar yigʻini toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolar yigʻini taftish komissiyasi toʻgʻrisida”gi, “Shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi maʼmuriy komissiyalar toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomlarni qabul qilishni tezlashtirish, ularni nashr etish va joylarga yuborish tavsiya etilsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlariga yangi saylangan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlari qoidalarini oʻrganish, ularning faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan olimlar, mutaxassislar, tajribali oqsoqollar, moliya, soliq organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillarini jalb etgan holda seminar-treninglar oʻtkazishni tashkil etish tavsiya etilsin.
6. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
qonun hujjatlari bilan berilgan vakolatlardan aholining keng qatlamlarini mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayoniga faol jalb etish uchun toʻla va samarali foydalansin;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikni, ayniqsa yosh avlodni gʻoyaviy-axloqiy tarbiyalash, xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan ishlarni kuchaytirsin.
7. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari oʻz hududlarida kam taʼminlanganlarga yordam berish, moliyaviy mablagʻlarni sarflash borasida va boshqa masalalarda ijtimoiy adolat va oshkoralik prinsiplariga rioya etilishini taʼminlasin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F.F. Muhitdinova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2006-yil 10-avgust,
206-I-son.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2006-yil 10-avgustdagi 206–I-sonli Qaroriga ILOVA
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2006 — 2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturini tayyorlash boʻyicha ishchi guruhi
TARKIBI
1. Muhitdinova Farruxa Faxriddinovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari, ishchi guruh raisi 2. Rajabova Mavjuda Abdullayevna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi, ishchi guruh aʼzosi 3. Qosimov Rustam Sobirovich — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, ishchi guruh aʼzosi 4. Inomova Svetlana Tursunovna — senator, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, ishchi guruh aʼzosi 5. Boqiboyev Erkin Joʻrayevich — senator, Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi, ishchi guruh aʼzosi 6. Saidov Akmal Xolmatovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi, ishchi guruh aʼzosi (kelishuvga muvofiq) 7. Abdullayev Ixtiyor Baxtiyorovich — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari, ishchi guruh aʼzosi 8. Ahmedov Anvar Akmalovich — Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi raisi, ishchi guruh aʼzosi 9. Aʼzamov Quddus Aʼzamovich — Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi rahbari, ishchi guruh aʼzosi 10. Boboyev Abdurahmon Boboyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Devoni Nazorat-axborot boʻlimi mudiri, ishchi guruh aʼzosi 11. Jabborov Shuhrat Jabborovich — “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri vazifasini bajaruvchi, ishchi guruh aʼzosi 12. Ubaydullayeva Raʼno Ahatovna — “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi direktori, ishchi guruh aʼzosi 13. Quronboyev Qahramon Qoʻchqorovich — Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati raisi vazifasini bajaruvchi, ishchi guruh aʼzosi 14. Hamdamov Adham Qosimovich — Fuqarolik jamiyatini oʻrganish instituti direktorining oʻrinbosari, ishchi guruh aʼzosi
