2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida (694-I-son)
04.12.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2009-yil 29-oktabrda qabul qilingan 1082-I-sonli “2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi Qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2010-yilda Oʻzbekiston Respublikasida 950 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish dasturini bajarish yuzasidan amaliy choralar koʻrsin;
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturi doirasidagi kompleks chora-tadbirlarga, Investitsiya dasturiga, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlariga, tarmoqlarni rivojlantirishning eng muhim maqsadli dasturlariga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hududiy dasturlariga muvofiq mamlakatning iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarini rivojlantirish boʻyicha 2010-yilga nazarda tutilgan tadbirlarning samarali bajarilishini taʼminlasin.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlari 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining prognoz koʻrsatkichlari tegishli hududlarda ogʻishmay bajarilishini taʼminlasinlar, bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida, shuningdek yangi obyektlarni ishga tushirish, amal qilib turgan ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, kasanachilikni, kosiblikni va xalq hunarmandchiligini tashkil etish, qurilishda pudrat ishlarini kengaytirish, shu jumladan qishloq joylarda ham kengaytirish hisobiga ish oʻrinlari sonini koʻpaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrishga alohida eʼtibor qaratsinlar.
5. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 4-dekabr,
694-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2009-yil 4-dekabrdagi 694-I-sonli qaroriga ILOVA
2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash
DASTURI
2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-sentabrdagi 519-f-sonli farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Dasturning maqsadi aholi bandligi, daromadlari va turmush darajasi oʻsishini taʼminlash, mehnat bozorida ish kuchiga boʻlgan talabni oshirish boʻyicha mamlakat hududlari va iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini oshirish masalalarini amalda hal etish uchun masʼuliyatini kuchaytirishdan iborat.
Dastur 2009-yilda ish oʻrinlari tashkil etish ishlarining kutilayotgan yakunlarini, mehnat bozorining joriy holatini va 2010-yilda uni rivojlantirish prognozini baholash va tahlil qilish natijalariga, shuningdek Investitsiya dasturi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlari, tarmoqlarni rivojlantirishning eng muhim maqsadli dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hududiy dasturlariga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlarini rivojlantirish boʻyicha 2010-yilga moʻljallangan tadbirlarga asoslandi.
Dasturda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashning tarmoqlar (bandlik yoʻnalishlari) va hududlar boʻyicha prognoz parametrlari;
Dasturning prognoz parametrlari bajarilishini taʼminlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar.
I. 2009-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining bajarilishi
2009-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining tasdiqlangan parametrlariga muvofiq 932,6 mingta yoki 2008-yildagiga nisbatan 1,4 baravar koʻp ish oʻrni tashkil etish nazarda tutilgan.
Koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2009-yilning yanvar — sentyabr oylari mobaynida 743,5 mingta ish oʻrni tashkil etildi, shundan:
62,6 mingta ish oʻrni yirik ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlarida, shu jumladan “Oʻzbekyengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi (3,4 mingta), “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi (2,9 mingta), “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasida (1,1 mingta), ishga tushirilgan kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlarida (13,0 mingta);
311,1 mingta ish oʻrni kichik biznesda, shu jumladan 203,0 mingta ish oʻrni xizmatlar koʻrsatish va servis sohasida, 50,4 mingta ish oʻrni sanoatda, shu jumladan qishloq xoʻjaligi va goʻsht-sut mahsulotlarini qayta ishlash sohasida (9,0 mingta), qandolatchilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida (8,5 mingta), tikuvchilik buyumlari, poyabzal, mebel ishlab chiqarish sohasida (7,4 mingta), mahalliy xomashyodan qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida (6,5 mingta), 57,7 mingta ish oʻrni iqtisodiyotning boshqa sohalarida;
77,9 mingta ish oʻrni korxonalar (asosan tikuvchilik, ipakchilik, mebel, elektron sanoati korxonalari) bilan kooperatsiyaga asoslangan kasanachilikni rivojlantirish hisobiga, 52,6 mingta ish oʻrni kosiblik, xalq hunarmandchiligi va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga, 26,0 mingta ish oʻrni pudrat shartnomalari asosida uyda ish bajarish hisobiga tashkil etildi.
Tashkil etilgan ish oʻrinlarining umumiy sonidan 213,3 mingta ish oʻrni Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish hisobiga, shu jumladan:
34,5 mingtasi ixtisoslashtirilgan uy-joy taʼmirlash-qurilish tashkilotlarini barpo etish va ularning faoliyatini kengaytirish hisobiga;
11,7 mingtasi aholi punktlarini obodonlashtirish boʻyicha ishlarni bajarish uchun qoʻshimcha ajratilgan shtat birliklari hisobiga;
14,9 mingtasi oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida;
14,1 mingtasi maqsadli davlat dasturlariga muvofiq avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar qurish hamda ularni rekonstruksiya qilish hisobiga;
6,8 mingtasi melioratsiya va irrigatsiya ishlarining, shu jumladan kollektor tarmoqlari hamda suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarining koʻlamini kengaytirish natijasida;
104,5 mingtasi “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” davlat dasturining qoʻshimcha tadbirlarini amalga oshirish, shu jumladan parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik boʻyicha ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari, issiqxonalar, mahalliy xomashyodan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni barpo etish hisobiga;
26,8 mingtasi vaqtincha ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash, shu jumladan 4 mingtasi qonun hujjatlariga muvofiq tijorat banklari balansiga berilgan yirik bankrot korxonalarda faoliyatni tiklash natijasida tashkil etildi.
2009-yil toʻqqiz oyida koʻrilgan chora-tadbirlar Samarqand (73 mingta), Qashqadaryo (72 mingta), Fargʻona (71 mingta), Andijon (57 mingta), Namangan (52 mingta) va Xorazm (46 mingta) viloyatlari kabi ish oʻrinlariga ehtiyoj yuqori darajada boʻlgan hududlarda tashkil etilayotgan ish oʻrinlarining sonini koʻpaytirishga yordam berdi.
II. 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari va prognoz parametrlari
Dasturning prognoz parametrlari vaqtincha ishlamayotgan fuqarolarni (ishsizlarni), mehnat bozoriga birinchi marta kirayotgan yoshlarni va iqtisodiyotdagi tarkibiy qayta oʻzgartishlar natijasida boʻshab qolayotgan xodimlarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlariga boʻlgan ehtiyojni baholashdan, shuningdek, mavjud ehtiyojni yanada toʻlaroq qondirish uchun ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha barcha mavjud imkoniyatlar va zaxiralardan kelib chiqib belgilangan.
Dastur loyihasida 2010-yilda 950,0 mingta (1-ilova*) yoki 2009-yilda kutilayotgan koʻrsatkichdan 17,4 mingdan koʻp ish oʻrni tashkil etish nazarda tutilmoqda.
* 1-ilova berilmaydi.
2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari va parametrlari quyidagilardir:
1. Investitsiya dasturini, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlarini amalga oshirish hisobiga, ushbu dasturlar doirasida 56,3 mingta ish oʻrinlari, shundan 25,1 mingtasini tarmoqlarning xoʻjalik boshqaruvi mamlakat organlari tarkibiga kiruvchi korxonalarda, 31,2 mingtasini investitsiya dasturiga va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hududiy dasturlariga muvofiq tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Tarmoqlar boʻyicha eng koʻp ish oʻrinlari metallurgiya, yengil sanoat, neft va gaz, kimyo, avtomobil sanoatining yirik korxonalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida tashkil etiladi.
2. 476,6 mingta ish oʻrni tashkil etilishini taʼminlaydigan kichik korxonalar, mikrofirmalar tashkil etish va yakka tartibdagi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish. Kichik biznesda ish oʻrinlarining kattagina qismi xizmat koʻrsatish va servis sohasida (282 mingta), sanoatda (52,9 mingta), pudrat-qurilish ishlarida, shu jumladan uy-joy taʼmirlash va rekonstruksiya qilish sohasida (43,6 mingta) tashkil etiladi.
3. 208,0 ming nafar band boʻlmagan fuqaroni, asosan koʻp bolali ayollar, nogironlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan boshqa toifalarini ish bilan taʼminlaydigan kasanachilikni, eng avvalo mehnat shartnomalari boʻyicha korxonalar bilan kooperatsiyaga asoslangan kasanachilikni, kosiblik va xalq hunarmandchiligini, shuningdek oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish. Shundan 62,5 mingta ish oʻrni yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, kimyo sanoati, mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika majmui, shuningdek qurilish, transport, aloqa va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi yirik va kichik korxonalar bilan kooperatsiya asosida kasanachilikni tashkil etish hisobiga yaratiladi.
Milliy hunarmandchilikning anʼanaviy markazlari hisoblangan tumanlar va shaharlarda “Usta-shogird” usulida kasanachilarni oʻrgatish va tayyorlashni tashkil etish hamda ularni imtiyozli mikrokreditlar ajratish orqali qoʻllab-quvvatlash yoʻli bilan tashkil etiladigan kasanachilik ish oʻrinlari sonini koʻpaytirishga alohida eʼtibor beriladi. Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qoʻqon, Margʻilon, Xiva shaharlari, shuningdek Shahrixon, Gʻijduvon, Chust, Urgut, Rishton tumanlari va boshqalar ana shunday anʼanaviy milliy hunarmandchilik markazlari hisoblanadi.
4. Parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish va kengaytirish, buning hisobiga 127,7 mingdan ortiq ish oʻrni tashkil etilishi kutilmoqda. Har bir fermer xoʻjaligida kamida 200 ta parranda yetishtirishni tashkil etish, har bir tumanda kamida 2 ta ixtisoslashgan parrandachilik xoʻjaligi, 5 ta yengil konstruksiyali issiqxona tashkil etish nazarda tutilmoqda.
5. Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish, bu avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar, elektr, suv va gaz taʼminoti obyektlarini qurish va taʼmirlash, telekommunikatsiya tarmoqlari va inshootlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish ishlarini bajarish hisobiga 61,3 mingta ish oʻrni tashkil etish imkonini beradi.
6. Vaqtincha ishlamayotgan korxonalar faoliyatini, shu jumladan tijorat banklari balansiga berilgan bankrot korxonalarning faoliyatini tiklash chora-tadbirlarini koʻrish, bu 8,9 mingta ish oʻrni tashkil etish, shuningdek 11,2 mingta ish oʻrni tashkil etilishini taʼminlaydigan bozor infratuzilmasi obyektlarini hamma joyda rivojlantirish imkonini beradi.
Hududlar boʻyicha jami ish oʻrinlaridan 240,1 mingtasini aholi zich joylashgan Fargʻona vodiysi viloyatlarida, 107,3 mingtasini shimoliy hududlarda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida), 81,2 mingtasini Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida, 165,9 mingtasini poytaxt mintaqasida (Toshkent viloyati va Toshkent shahrida), 92,0 mingdan ortigʻini Samarqand viloyatida, 113,3 mingtasini Buxoro va Navoiy viloyatlarida, shuningdek 86,4 mingtasini Qashqadaryo viloyatida va 63,7 mingtasini Surxondaryo viloyatida tashkil etish kutilmoqda. Bunda, mehnat bozoridagi vaziyat murakkab boʻlgan 30 ta tumanda (shaharda) ish oʻrinlarini ancha koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.
Qayd etilgan yoʻnalishlar va prognoz parametrlar tumanlar, shaharlar, xarajatlar miqdori va moliyaviy manbalar boʻyicha aniqlangan hamda ish oʻrinlari tashkil etishning tegishli hududiy dasturlari bilan tasdiqlangan.
Tarmoqlar boʻyicha sanoatda 109,2 mingta ish oʻrni, qishloq xoʻjaligida 127,7 mingta, qurilishda 105 mingta, xizmat koʻrsatish va savdo sohasida 328,7 mingta ish oʻrni tashkil etish moʻljallanmoqda.
Investitsiya dasturiga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashning tarmoq dasturlariga, eng muhim maqsadli dasturlarga va boshqa dasturlarga muvofiq ish oʻrinlari tashkil etish sohasida tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish jarayonida kapital qoʻyilmalarning umumiy hajmi 18 833,3 mlrd soʻmni tashkil etadi, shu jumladan:
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini tashkil etish va ishga tushirish, aholi punktlarini obodonlashtirish maqsadlari uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar 825 mlrd soʻmni;
korxonalar va aholining tarmoq dasturlarini amalga oshirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun jalb etiladigan mablagʻlari 8 993,7 mlrd soʻmni;
xorijiy investorlarning investitsiya va maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan mablagʻlari 4 751,5 mlrd soʻmni;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda budjetdan tashqari jamgʻarmalardan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasidan jalb etiladigan mablagʻlar 2 120,1 mlrd soʻmni;
tijorat banklarining kichik biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, inqirozga qarshi chora-tadbirlarlarni amalga oshirishni davom ettirish uchun jalb etiladigan mablagʻlari 2 134,9 mlrd soʻmni;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan xizmat koʻrsatish va servis sohasida, ayniqsa, mehnat bozoridagi vaziyat murakkab boʻlgan chekka qishloq tumanlari va mintaqalarda kasanachilikni, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun jalb etiladigan mablagʻlar 8,1 mlrd soʻmni tashkil etadi.
III. 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash Dasturining prognoz parametrlari bajarilishini taʼminlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar
2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etishning prognoz parametrlari bajarilishini taʼminlash maqsadida monitoring olib borilib, Dasturning tumanlar, shaharlar, tarmoqlar va aniq obyektlar boʻyicha bajarilishi har oyda koʻrib chiqiladi.
Dasturning bajarilishi:
hududiy va tarmoqlar boʻyicha dasturlarda nazarda tutilgan parametrlar bajarilishi yuzasidan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va ularning hududiy organlari tomonidan;
ish oʻrinlari tashkil etishning tegishli hududiy parametrlari bajarilishi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan;
oʻz tarkibiga kiradigan tarmoqlar va korxonalar boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etish dasturlari bajarilishi yuzasidan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan;
majmualar mutasaddi boʻlgan xoʻjalik boshqaruvi organlari va hududlar tomonidan ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini oshirish dasturlari bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi majmualari tomonidan monitoring oʻrnatiladi.
Monitoring va Dastur bajarilishining borishi har oyda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etishning belgilangan parametrlaridan orqada qolayotgan korxonalar, tarmoqlar, bandlik yoʻnalishlari, shuningdek, tumanlar va shaharlar aniqlanadi, ish oʻrinlari tashkil etish yuzasidan tasdiqlangan topshiriqlar bajarilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Dastur parametrlari soʻzsiz bajarilishi va aholining ish bilan bandligi muammolari amalda hal etilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari, uyushmalar, kompaniyalar, korxonalar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
