Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2006-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida (273-I-son)
15.05.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2006-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2006-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2006-yil birinchi choragida Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 30,6 mlrd soʻm miqdorida ortiq boʻlishiga erishildi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,0 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligi va maqbulligi yanada oshirilishini, milliy valyuta kursining mustahkamlanishini, soliq tushumlari mexanizmi takomillashtirilishini, samarali investitsiya siyosati oʻtkazilishini, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini, shuningdek budjetning birinchi navbatdagi xarajatlari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini muhofaza qilish tadbirlari hamda budjet xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligini kuchaytirishga oid boshqa tadbirlar toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirilishi yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlasin, bunda “Homiylar va shifokorlar yili” davlat dasturi amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori tegishli mintaqalar boʻyicha budjetga toʻlovlar toʻliq tushishini, mintaqalarning soliq bazasi va moliyaviy salohiyatini kengaytirish yuzasidan amaliy choralar koʻrish hamda shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlari toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlash zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2006-yil 15-may,
273-I-son
