Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yilgi faoliyati toʻgʻrisida (202-I-son)
31.01.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2006-yil 31-yanvar,
202-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
2005-yilda ikki palatali parlament ish boshlashi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining faoliyati palata rahbariyatini, uning qoʻmitalari raislarini saylash, shuningdek siyosiy partiyalarning fraksiyalarini va palataning Devonini shakllantirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etishdan boshlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2005-yil 28-yanvarda boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan bayon etilgan jamiyatni demokratlashtirish hamda yangilashning aniq va teran dalil-isbotli konsepsiyasi, shuningdek mamlakatni 2005-yilda hamda uzoq muddatli istiqbolda isloh etish va modernizatsiya qilishning asosiy vazifalari 2005-yilda palata faoliyatining siyosiy dasturi boʻldi.
Davlatimiz boshligʻi tomonidan qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, palata majlisida deputatlar korpusi xalq vakillari ishining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan hujjatni — “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsadli vazifalari hisobga olingan holda 2005-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan qonunchilik faoliyati dasturi”ni qabul qildi. Shu hujjatga muvofiq palata qoʻmitalari 2005-yil uchun joriy ish rejasini ishlab chiqdilar va reja asosan bajarildi.
Ikki palatali parlamentning tashkil etilishi mamlakatda qonun chiqaruvchi hokimiyat rivojini yangi bosqichga koʻtarish imkoniyatini berdi, u aholi turli qatlamlarining manfaatlarini kengroq va toʻlaroq ifodalay borib, davlat boshqaruvida yanada samaraliroq ishtirok eta boshladi. Bunda qonun ijodkorligi jarayoni birmuncha murakkablashganiga qaramay, qabul qilinayotgan qonunlarning sifati ancha yaxshilandi. Qonun hujjatlarini qabul qilishda siyosiy partiyalarning roli oshdi.
Deputatlar oʻz ishlarini tashkil etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti”ni qabul qildilar. Unda Qonunchilik palatasi majlislarini oʻtkazish, deputatlar birlashmalarini tuzish, palata organlarini shakllantirish va ularning faoliyatini tashkil etish, qonunchilik tartib-taomillarini amalga oshirish, shuningdek boshqa masalalarni hal etish tartibi belgilab berildi.
Reglamentga muvofiq qonunlar, qoida tariqasida, palata tomonidan uch oʻqishda qabul qilinadi. Birinchi oʻqishda qonun loyihasining konsepsiyasi va asosiy qoidalari tasdiqlanadi, ikkinchi oʻqishda har bir modda batafsil koʻrib chiqiladi va alohida-alohida ovoz berish oʻtkaziladi, uchinchi oʻqishda qonun loyihasining kiritilgan taklif va mulohazalar hisobga olingan holda takomiliga yetkazilgan varianti muhokama qilinadi, shundan soʻng u uzil-kesil tahrirda qabul qilinib, Senatga yuboriladi. Qonun loyihalarini muhokama qilishda deputatlar faollik koʻrsatmoqdalar, ular barcha tafsilotlarni oʻrganadilar va loyihalarni ishlab chiquvchilar, mutaxassislar hamda tegishli qoʻmitalardan toʻliq va asosli javoblar berilishini talab qiladilar. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining taklifiga binoan majlislar kun tartibiga qoʻshimchalar kiritish palata ishi amaliyotidan oʻrin oldi. Bu qoʻshimcha masalalar, qoida tariqasida, mamlakatimiz hamda jamiyatimiz hayotidagi jarayonlar va hodisalarni aks ettirib, ular u yoki bu fraksiyaning fikriga koʻra darhol munosabat bildirilishini talab etadi.
Palataning, qoʻmitalarning va qonun hujjatlarini tayyorlovchi ishchi guruhlarining majlislariga vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari rahbarlari, tegishli soha mutaxassislari taklif etildi.
Deputatlar qonun loyihalarini muhokama qilish vaqtida ular bildirgan fikrlarni diqqat bilan tinglab, inobatga oladilar. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasining qoʻmitalari huzurida qonun loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish masalalari boʻyicha jamoatchilik ekspert guruhlari tashkil etildi. Ularning tarkibiga yetakchi olimlar va katta amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislar kiritildi.
Parlament ikkala palatasining yaxshi yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro hamkorligi qonun chiqaruvchi hokimiyatni mustahkamlashda va qabul qilinayotgan qonunlar sifatini oshirishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Qisqa vaqt ichida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati bahsli masalalarni hal etishning yetarlicha taʼsirchan mexanizmini yaratishga erishdilar. Palatalar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining kelishuv komissiyasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi”ni tasdiqladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ishining 2005-yildagi mahsuli 27 ta qonundan iborat boʻlib, ular koʻrib chiqish uchun Senatga yuborildi.
Deputatlar Davlat budjetining 2004-yilgi va 2005-yilning har bir choragidagi ijrosini koʻrib chiqdilar, mamlakatimizning 2006-yilgi asosiy moliyaviy hujjatini uning ijtimoiy yoʻnaltirilganligiga alohida eʼtibor qaratgan holda batafsil muhokama qildilar va tasdiqladilar.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan bir qancha qonunlar ham qabul qildi. Ular orasida “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 58-moddasiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish masalalariga oid ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi, “Tadbirkorlik subyektlariga soliq solish va ularning hisobot berish tizimi tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi qonunlar bor.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi, “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasida islohotlarning amalga oshirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari samarali, bozor iqtisodiyotiga mos uy-joy bozorini shakllantirishga, uy-joy qurilishini ragʻbatlantirishga doir vazifalarni roʻyobga chiqarishga, uy-joy egalarining huquqlari va majburiyatlari bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan.
Sud-huquq tizimini isloh qilish va yanada liberallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshira borib, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
“Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Shu bilan birga baʼzi davlat boshqaruv organlari qayta tashkil etilganligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil qilinganligi munosabati bilan bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalarda islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari roʻyobga chiqarilishini huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Chexiya Respublikasi, Estoniya Respublikasi, Kipr Respublikasi, Vengriya Respublikasi, Latviya Respublikasi, Litva Respublikasi, Malta Respublikasi, Polsha Respublikasi, Sloveniya Respublikasi va Slovakiya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga Aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sherikchilik va Hamkorlik toʻgʻrisida Bitimga Bayonnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlikning sherikchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
“Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipining izchillik bilan roʻyobga chiqarilishi eng muhim davlat masalalarini hal etishda siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli va taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinishini taqozo etdi. Chunonchi, palata tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilingan “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi shunday qonunlar jumlasiga kiradi. Unda nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash shakllari (subsidiyalar, grantlar), jamoat tuzilmalari faoliyatining huquqiy kafolatlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish choralari nazarda tutilgan.
Hozirgi paytda Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida muhokama etilishi kerak boʻlgan 40 dan ziyod qonun loyihasi bor.
Qonunchilik palatasining hisobot davridagi qonun ijodkorligi faoliyati tahlili ilgari qabul qilingan qonunlarni mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini va huquqni qoʻllanish amaliyotini hisobga olgan holda takomillashtirish yoʻlidan borilayotganini koʻrsatadi. Amaldagi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlar soni avvalgi yillardagiga qaraganda ancha koʻpaydi.
Qonunchilik palatasi oʻzining nazorat qilishga doir vazifalarini amalga oshira borib, 2005-yilning dekabr oyidagi majlisida mamlakatimiz Hukumatining aholini qish davrida elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash masalasi boʻyicha axborotini eshitdi.
Nazorat-tahlil ishlari rejasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻtgan yili qonunlar, konvensiyalar, milliy dasturlar ijrosini nazorat qilish tartibida 40 dan ziyod masalani koʻrib chiqdilar. Bunday oʻrganishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, mamlakatimizning barcha viloyatlari, Toshkent shahri, shuningdek bir qator vazirliklar va idoralar qamrab olindi.
Normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi joylarda mahalliy hokimiyat organlari vakillari, viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari ishtirokida oʻrganildi. Natijalar qoʻmitalar majlislarida davlat hokimiyati organlari rahbarlari, mutaxassislar, jamoat birlashmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari, shuningdek palata boshqa qoʻmitalarining aʼzolari boʻlgan deputatlar ishtirokida tahlil etildi hamda muhokama qilindi. Muhokamalar yakunlari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar berilgan qarorlar qabul qilindi, amaldagi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining oʻtgan yilgi nazorat faoliyati tahlili qoʻmitalar jamiyatimizni rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlarida huquqni qoʻllanish amaliyotini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratishga intilayotganligini koʻrsatadi. Bu yoʻnalishda qilingan ishlar joylarda qonunlarni tushuntirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek amaldagi normativ hujjatlarga ogʻishmay rioya etilishi uchun rahbar xodimlarning masʼuliyatini oshirishga doir faoliyatning yaxshilanishiga koʻmaklashdi.
2005-yilda parlamentlararo aloqalar yanada rivojlandi. Yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga 36 ta delegatsiya, shu jumladan quyidagi 10 ta parlament delegatsiyasi tashrif buyurdi:
Fransiya Senatining Moliya, budjet nazorati va milliy hisob komissiyasi Raisi oʻrinbosari E.de Monteskye boshchiligidagi delegatsiyasi;
Bremen Landtagi aʼzosi, Ishchi-samarityanlar uyushmasi Raisining oʻrinbosari B.Chyope boshchiligidagi Bremen shahar delegatsiyasi;
Chexiya Respublikasi Senatining Xavfsizlik va mudofaa qoʻmitasi aʼzosi T. Irsa boshchiligidagi delegatsiyasi;
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasining MDH ishlari va vatandoshlar bilan aloqalar boʻyicha qoʻmitasining raisi A. Kokoshin boshchiligidagi delegatsiyasi;
Quvayt Milliy Assambleyasining Ichki ishlar va mudofaa masalalari boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi A.X. Al-Xajiriy boshchiligidagi delegatsiyasi;
Koreya Respublikasining Milliy Assambleyasi Spikeri Kim Von Ki boshchiligidagi delegatsiyasi;
Isroilning Knesset Xotin-qizlar trafikiga qarshi kurash boʻyicha qoʻmitasi Raisi Z. Gal-On boshchiligidagi delegatsiyasi;
AQShning Kongress Vakillar palatasi aʼzosi, EXHT Parlament Assambleyasi Raisi E. Xastings boshchiligidagi delegatsiyasi;
Rossiya Federatsiyasining Federal Majlis Federatsiya Kengashining MDH ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi V. Gustov boshchiligidagi delegatsiyasi;
Saudiya Arabistoni podshohligining Shoʻro Maslahat Kengashi Raisi doktor Solih Bin Humayd boshchiligidagi delegatsiyasi shular jumlasidandir.
Koʻrsatib oʻtilgan davrda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, shuningdek:
EXHTning amaldagi raisi, Sloveniya tashqi ishlar vaziri D. Rupel;
NATO Bosh kotibining Markaziy Osiyo va Kavkaz boʻyicha maxsus vakili R. Simmons;
EXHT Bosh kotibi M.P. Brishambo;
Koreya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti Yon Gol Yun;
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Yan Kubish;
Xitoy Xalq Siyosiy Maslahat Kengashi Butunxitoy qoʻmitasi (XXSMK) Raisining oʻrinbosari B. Lichen;
GFR Tashqi ishlar vazirligining Rossiya, Markaziy Osiyo va Kavkaz boʻyicha vakili N. Baas kabi yuqori martabali shaxslar ham tashrif buyurdilar.
Hisobot davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri boshchiligidagi Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Hindistonga rasmiy tashrifi boʻlib oʻtdi. Bu safar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga va davlatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga koʻmaklashdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakillari, shuningdek “Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish” YevropEyd dasturi loyihasi amalga oshirilishi doirasida Gretsiya va Ispaniya parlamentlarining faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bunday tanishuv deputatlarning parlamentlararo aloqalari miqyosini ancha kengaytirish, bir palatali va ikki palatali parlamentlar ish tajribasini oʻrganish nuqtai nazaridan foydali boʻldi. Bundan tashqari, hisobot davrida Qonunchilik palatasi deputatlari va Devoni xodimlari Isroil, Chexiya Respublikasi, Ruminiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Qozogʻistonda boʻldilar.
Oʻtgan yili fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga katta eʼtibor qaratilib, bu ish “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qatʼiy rioya etilgan holda amalga oshirildi.
2005-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga 3198 ta yozma murojaat tushdi. Xatlarda fuqarolar mamlakatimiz va jahonda roʻy berayotgan voqealarga oʻz munosabatlarini bayon etganlar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy sohalardagi oʻzgarishlar haqida fikr-mulohazalarini bildirganlar.
Ayni vaqtda koʻpgina maktublarda fuqarolar turli darajadagi sudlarning qarorlaridan norozi ekanliklarini bayon qilganlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining fuqarolar nuqtai nazariga koʻra qonunga xilof harakatlari, kommunal xizmatlar, ijtimoiy taʼminot xizmatlari faoliyatidagi kamchiliklar, joylarda shikoyatlarga eʼtiborsizlik qilinayotgani ustidan arz qilganlar. Xatlarning aksariyati Toshkent shahridan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridan tushdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatiga taalluqli murojaatlar palata rahbariyati tomonidan va qoʻmitalarda koʻrib borildi. Deputatlar fuqarolarni Qonunchilik palatasida ham, saylov okruglarida ham qabul qildilar. Fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati koʻrib chiqish uchun tegishli hokimliklar, sudlar, prokuratura organlari, vazirliklar, idoralar, boshqa vakolatli organlarga yuborildi. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash Qonunchilik palatasi rahbariyati, deputatlari va Devonining muntazam nazorati ostida boʻldi.
Deputatlar mamlakatimiz va xorijda roʻy berayotgan eng muhim voqealarga tezkorlik bilan munosabat bildirdilar. 2005-yilning may oyida Andijon shahrida roʻy bergan terrorchilik harakatlari munosabati bilan Qonunchilik palatasi ikki marta majlis oʻtkazdi. “Andijon shahridagi voqealarga doir” hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Andijon shahrida roʻy bergan voqealarni tekshirish boʻyicha mustaqil komissiyasini tuzish toʻgʻrisida” ikkita qaror qabul qilindi.
Matbuotda eʼlon qilingan qator maqolalar va Tojikiston alyuminiy zavodi salbiy taʼsir koʻrsatayotgan mintaqada yashovchi Surxondaryo viloyati aholisining murojaatlari munosabati bilan komissiya tuzilib, u hozir mazkur muammoni oʻrganish bilan shugʻullanmoqda.
Deputatlar hisobot davrida mamlakatda oʻtkazilayotgan islohotlarning mohiyati, mamlakatimiz rahbariyatining bozor iqtisodiyoti rivojlangan demokratik fuqarolik jamiyati qurishga qaratilgan yoʻli toʻgʻrisida saylov okruglarida keng tushuntirish ishlarini olib bordilar, joylarda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatdilar.
Parlament ishining shakllari va usullari Qonunchilik palatasi vazifalari hamda maqsadlariga, xalq vakilligining demokratik xususiyatlariga toʻla javob beradi. Majlislar parlament barcha tuzilmalari ishining eng koʻp qoʻllaniladigan shaklidir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi hisobot davrida 11 ta, qoʻmitalar esa 265 ta majlis oʻtkazdilar.
Kengash Qonunchilik palatasining qoʻmitalar raislari va siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlaridan tarkib topgan kollegial rahbar organi sifatida aholi turli qatlamlarining siyosiy gʻoyalari va ruhiyatini ifodalovchi xalq vakillarining keng qamrovli manfaatlarini aks ettiradi. Kengashning puxta tashkil etilgan faoliyati qoʻmitalarning oʻzaro hamkorligini, qonun loyihalarining va quyi palata vakolatiga kiradigan boshqa masalalarning Qonunchilik palatasi muhokamasiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminladi.
Hisobot davrida siyosiy partiyalar fraksiyalarining faoliyati Qonunchilik palatasi ishida muhim ahamiyat kasb etdi. Palatada mamlakatimizdagi barcha beshta siyosiy partiyaning fraksiyalari rasmiy roʻyxatga olingan. Qonunchilik faoliyatida faol ishtirok etish uchun ularga barcha huquq va imkoniyatlar berilgan. Qisqa muddat ichida qonun loyihalarini partiya fraksiyalarida oldindan koʻrib chiqish, huquqiy hujjatlarning loyihalarini Qonunchilik palatasi majlislarida muhokama etish paytida ularning fikrlarini albatta hisobga olishning samarali amaliyoti tarkib topdi. Siyosiy partiyalar vakillari Qonunchilik palatasi majlislarida ham, uning qoʻmitalari majlislarida ham turli masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarlarini qatʼiy himoya qildilar.
2005-yilda Qonunchilik palatasi tomonidan oʻtkazilgan 130 dan ziyod konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarda qonunlar loyihalarining konsepsiyalari muhokama qilindi, mamlakatimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy va madaniy sohalaridagi oʻzgarishlarning nazariy hamda amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Bu tadbirlar, qoida tariqasida, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining, turli nohukumat tashkilotlarining vakillari, mamlakatimiz va xorijdagi yetakchi olimlar, tegishli ixtisoslikdagi ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazildi.
Masalan, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi sudlar, Advokatlar uyushmasi vakillari, huquqshunos olimlar, oliy oʻquv yurtlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida “Sud tizimi samaradorligi va qonun ustuvorligini taʼminlashning qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirish” mavzuida konferensiya, Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi Sihat-salomatlik yili munosabati bilan “Aholining tibbiy bilimlarini oshirishda mahalla va oilaning oʻrni” mavzuida konferensiya, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi “Xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash — hozirgi davrning dolzarb vazifasi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi “Fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi hamda mamlakatda fermerlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzuida konferensiya, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi “Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishning ahvoli” mavzuida konferensiya, Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish maqsadida budjet siyosatini va bank tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari” mavzuida seminar, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi “Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashning asosiy omillari” mavzuida seminar, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Jamiyatni axborotlashtirish muammolari va shartlari” mavzuida seminar, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi “Uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini qonunchilik jihatidan taʼminlash masalalari” mavzuida davra suhbati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzuida davra suhbati oʻtkazdi va hokazo.
Hisobot davrida ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishga, Qonunchilik palatasida amalga oshirilayotgan ishlarning matbuotda, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarda oʻz vaqtida yoritib borilishiga katta eʼtibor qaratildi. Shu davrda quyi palata deputatlari mamlakatimizning faqat markaziy ommaviy axborot vositalarida parlament faoliyatining turli masalalari yuzasidan salkam 1420-marta chiqish qildilar. Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalari faoliyati ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borildi.
Qonunchilik palatasi faoliyatining yakunlari shuni koʻrsatadiki, 2005-yilda professional parlamentni shakllantirish va rivojlantirish yoʻlida salmoqli qadam qoʻyildi. Mamlakatimizni yangi asr boshlarida rivojlantirish konsepsiyasiga, qoʻmitalar qonunchilik va nazorat faoliyatining ustuvorliklariga muvofiq 2006-yilda Qonunchilik palatasi zimmasida oʻtkazilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash, qabul qilingan qonunlar ijrosini nazorat qilish hamda parlament faoliyatining boshqa yoʻnalishlari boʻyicha yanada koʻproq ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi.
