Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va Ohangaron tumani hududlarini birlashtirish hamda Ohangaron shahrini tuman boʻysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish toʻgʻrisida (137-II-son)
04.12.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2, 5, 9 va 11-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va Ohangaron tumani hududlarini birlashtirish hamda Ohangaron shahrini tuman boʻysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish toʻgʻrisida”gi 2010-yil 30-noyabrdagi 219-II-sonli qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi maʼqullansin — Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va Ohangaron tumani hududlari birlashtirilsin hamda Ohangaron shahri tuman boʻysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilsin.
3. Toshkent viloyati tarkibida Ohangaron shahri va Ohangaron tumani negizida umumiy maydoni 318 717 gektar boʻlgan Ohangaron tumani tuzilsin hamda uning tarkibiga Ohangaron shahri, “Birlik”, “Doʻstlik”, “Ozodlik”, “Susam”, “Telov”, “Uvak”, “Qoraxitoy” va “Qurama” qishloq fuqarolar yigʻinlari kiritilsin.
Ohangaron shahri Ohangaron tumanining maʼmuriy markazi etib belgilansin.
4. Toshkent viloyati Ohangaron tumanining chegarasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan chizma shaklga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Ohangaron shahridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Ohangaron shahar Kengashining deputatlari xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashi deputatlari hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorni bajarishga doir kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 4-dekabr,
137-II-son
