Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2008-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (954-I-son)
22.01.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2008-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2009-yil 22-yanvar,
954-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2008-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2008-yildagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan ilgari surilgan mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish, ijtimoiy hayotni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish konsepsiyasiga muvofiq amalga oshirildi.
Qonun ijodkorligi, qonunlar ijrosini nazorat va tahlil qilish, qabul qilinayotgan qonunlar boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borish, xalqaro parlamentlararo aloqalar, deputatlarning oʻz saylov okruglaridagi ishlari Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻldi.
“Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni kuchga kirganligi hisobot yilida Qonunchilik palatasi faoliyatiga yangi omil baxsh etdi. Mazkur Konstitutsiyaviy Qonun siyosiy partiyalar fraksiyalarining parlament quyi palatasidagi roli va ahamiyatini yanada kuchaytirdi, siyosiy partiyalar elektorati manfaatlarini ifodalovchi qonun loyihalari tashabbusi bilan chiqish borasidagi faolligini oshirdi.
Bundan tashqari, kiritilayotgan qonun hujjatlari loyihalari boʻyicha deputatlarning takliflari soni ortdi. Qonunchilik tashabbusi subyektlari tomonidan kiritilgan qonun loyihalari ustida ishlash boʻyicha deputatlar amalga oshirgan faoliyat natijasida loyihalarning ayrimlari tubdan qayta koʻrib chiqildi, boshqalariga jiddiy oʻzgartishlar kiritildi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining faolligi oshganligi fraksiyalararo kurashning kengayganligida, qonun loyihalari boʻyicha fraksiyalarning aniq nuqtai nazarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilayotganligida ham kuzatilmoqda, bu hol qabul qilinayotgan qonunlar sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
I. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyati
Hisobot yilida Qonunchilik palatasining 24 ta majlisi oʻtkazilib, ularda 69 ta qonun qabul qilindi. Senatga yuborilgan 68 ta qonundan 60 tasi maʼqullandi. Bundan tashqari, 13 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi va ikkinchi oʻqishlarda koʻrib chiqildi. Mazkur qonun loyihalari ustida majlislarda bayon etilgan taklif va mulohazalar hisobga olingan holda ishlash qoʻmitalarda davom ettirilmoqda, ular tayyorlik darajasiga qarab, ikkinchi va uchinchi oʻqishlarda deputatlar koʻrib chiqishi uchun kiritiladi.
Qonunchilik palatasining 2008-yildagi qonun ijodkorligi faoliyati jamiyatimiz hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy va boshqa sohalarini erkinlashtirishning chuqurlashib borayotgan jarayonlarini huquqiy jihatdan tartibga solishning obyektiv zaruriyatidan kelib chiqqan holda belgilandi.
Mamlakat iqtisodiyotining barqaror oʻsish surʼatlari va makroiqtisodiy barqarorligi, ishlab chiqarishning tarkibiy jihatdan qayta tuzilishi, modernizatsiya qilinishi, texnik va texnologik jihatdan yangilanishi bu yoʻnalishda amalga oshiriladigan ishlarning qonunchilik yoʻli bilan taʼminlashni taqozo etadi.
Hisobot yilida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan bir qator qonunlar bevosita iqtisodiy sohadagi islohotlarga daxldordir. Bu qonunlarning qabul qilinishini mazkur sohadagi tarkibiy va institutsional oʻzgarishlar taqozo etgan boʻlib, ular moliya-bank sohasini, bozor infratuzilmasini rivojlantirish va raqobat muhitini shakllantirishga doir zamonaviy talablarni aks ettiradi. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur huquqiy bazani yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Masalan, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonun ilgari amalda boʻlgan toʻrtta qonun normalarini oʻzida mujassam etgan boʻlib, zamonaviy talablarga, chet el moliya institutlariga integratsiyalashish shart-sharoitlariga muvofiq ravishda qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining faoliyatini erkinlashtirishga, korporativ boshqarish tizimini takomillashtirishga, qimmatli qogʻozlarni hisobga qoʻyish tizimini soddalashtirishga, qimmatli qogʻozlar bozorining ochiq-oshkoraligi va samarali faoliyatini taʼminlashga, investorlar va qimmatli qogʻozlar egalarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgandir.
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonun mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatishda texnik jihatdan tartibga solishning tarkib topgan xalqaro tizimini hisobga olgan holda xavfsizlikka nisbatan qoʻyiladigan majburiy talablarni belgilash, qoʻllash va bajarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Soliq kodeksi kuchga kirganidan keyin uni tushuntirish boʻyicha talay ishlar amalga oshirildi – seminarlar, davra suhbatlari, tadbirkorlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar, Kodeksni qoʻllash amaliyoti boʻyicha boshqa tadbirlar tashkil etilib, ularda qabul qilingan yangi Kodeks normalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi. Tushgan takliflarni oʻrganish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari va jismoniy shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish natijasida, Soliq kodeksining ayrim normalarini yanada takomillashtirish va ularga aniqliklar kiritish, baʼzi ziddiyatlarni va ayrim normalarning ikki xil talqin qilinishini bartaraf etish hamda uning toʻgʻridan toʻgʻri amal qilishini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi, shuningdek “Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonunni qabul qilish orqali amaldagi qonunlarning 36 tasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bojxona va Havo kodekslariga, shuningdek “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi va boshqa bir qator qonunlarga mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirishning chuqurlashib borayotgan jarayonlarini oʻz vaqtida tartibga solish uchun zarur boʻlgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonunchilik palatasi sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni, jazolarni erkinlashtirishni, advokaturaning, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi roli kuchaytirilishini qonunchilik yoʻli bilan taʼminlashga, qonuniylik va huquq-tartibotni qaror toptirishga alohida eʼtibor qaratdi.
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga va boshqa qonunlariga: viloyat boʻgʻini sudlari zimmasiga tushadigan ogʻirlikni kamaytirishga va quyi sudlar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish boʻyicha shart-sharoitlar yaratishga; nizo mavjud boʻlmagan fuqarolik ishlari boʻyicha buyruq tartibidagi ish yuritish qoʻllanilishi sohasini kengaytirishga; jinoyat ishini koʻrib chiqish bosqichlarida sudlar tomonidan amnistiya akti qoʻllanilishiga; sud qarorlarini ijro etishdan boʻyin tovlayotgan shaxslarga nisbatan majburiy ijro etish mexanizmini va taʼsir koʻrsatish choralarini takomillashtirishga; jarimani ixtiyoriy toʻlash muddatlarini qisqartirishga; ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqida axborotga ega boʻlgan muassasalarning mansabdor shaxslari va fuqarolar tomonidan hududiy vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaganlik yoki oʻz vaqtida xabar qilmaganlik uchun, alimentlar toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun, shuningdek vasiylik va homiylik organlari tomonidan ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish shakllarini tanlashda gʻayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilganligi uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilashga; Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishga; jinoyatlarni qasddan yashirganlik uchun mansabdor shaxslarning jinoiy javobgarligini belgilashga; jinoyat qurolini musodara qilish va keyinchalik realizatsiya etish tartibiga; litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashga, shuningdek transportda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning maʼmuriy javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan bir qator oʻzgartishlar kiritildi.
“Advokatura institutining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish ishida advokaturaning rolini yanada oshirish, advokaturaning tashkiliy mustaqilligini, huquqiy maqomini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasining Advokatlar palatasini tashkil etishning huquqiy asoslari masalasini hal qilish, advokatlar oʻz faoliyatini amalga oshirishlari chogʻida ularning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.
Odam savdosining, yaʼni tahdid qilish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishning oldini olish, bunday hollarni aniqlash va ularga chek qoʻyishga qaratilgan bir qator qonunlar odam savdosidan jabrlanganlar himoya qilinishini va ularga yordam koʻrsatilishini taʼminlaydi. Bu qonunlarda odam savdosidan jabrlanganlarni normal turmush tarziga qaytarish boʻyicha ularga yuridik, psixologik, tibbiy, kasbiy yordam berishni, ularni ishga joylashtirishni, ularga vaqtinchalik turar joy berishni oʻz ichiga oluvchi choralar nazarda tutildi, shuningdek odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonun va mazkur Qonun qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kirituvchi Qonun transport vositasidan foydalanilganda transport vositalari egalarining va fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga shikast yetkazilgan taqdirda, jabrlanganlarning mulkiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgandir. Ushbu qonunlar transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi tuzish, sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan taqdirda, zararning oʻrnini qoplash, kompensatsiya toʻlovlari olish va majburiy sugʻurta boʻyicha Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasini tashkil etishning huquqiy asoslarini belgilaydi.
“Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun davlat hokimiyati organlarini shakllantirish tartibini yanada isloh qilishga, parlament faoliyatini tashkil etishda siyosiy partiyalarning, mamlakatni demokratik yangilashda hokimiyat vakillik organlarining roli va taʼsirini oshirishga qaratilgan boʻlib, unda Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrinlari sonini 120 tadan 150 taga oshirish nazarda tutilgan. Bunda 135 nafar deputat hududiy saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida saylanadi. Atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash uchun kurash olib borish, aholining sogʻliqini saqlash masalalari muhimligi eʼtiborga olingan holda 15 ta deputatlik oʻrni Oʻzbekiston ekologik harakatiga beriladi.
Saylov toʻgʻrisidagi qonunlarga saylov tizimini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan, ijtimoiy hayot va davlat qurilishini bosqichma-bosqich demokratlashtirishning koʻrinishi boʻlgan bir qator boshqa oʻzgartishlar kiritildi.
2008-yilda xalqaro jamoatchilik Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligini nishonladi. Mazkur Deklaratsiya Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qoʻshilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjatdir. Demokratik, huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlini tanlab olgan Oʻzbekiston inson huquqlari va manfaatlarini ijtimoiy rivojlanish hamda davlat qurilishining eng muhim ustuvorligi etib belgilab oldi.
Shu munosabat bilan inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy bazasini mustahkamlash Qonunchilik palatasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonini amalga oshirish doirasida Ombudsman vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator qonunlar qabul etildi, bola huquqlarini himoya qilishga doir xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi, Qonunchilik palatasi Kengashining ushbu masalaga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi, shuningdek konferensiyalar, davra suhbatlari, kitoblar, broshyuralar va bukletlarning taqdimotlari, boshqa tadbirlar tashkil etildi. Fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, bu sohada qabul qilingan qonunlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga doir normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan qonunlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi amaldagi Qonunga, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi, shuningdek tegishli xalqaro hujjatlarga qoʻshilish toʻgʻrisidagi qonunlar fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlashga koʻmaklashadi.
2008-yil yanvar oyidan eʼtiboran Oʻzbekistonda oʻlim jazosining bekor qilinganligi, qamoqqa olish uchun sanksiya berish huquqining sudlarga berilganligi, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro paktga doir, oʻlim jazosini bekor qilishga qaratilgan Ikkinchi fakultativ Protokolga (Nyu-York, 1989-yil 15-dekabr) qoʻshilishi haqida”gi Qonun qabul qilinganligi inson huquqlarining ishonchli himoya qilinishini taʼminlash ishida muhim qadam boʻldi.
Fan va sanʼatni rivojlantirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻyicha mamlakatda koʻrilayotgan kompleks chora-tadbirlar taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va ijtimoiy himoya kabi sohalarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishni taqozo etadi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi tomonidan bu yoʻnalishda muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi hamda “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarning qabul qilinganligi ishlovchi fuqarolarning huquqiy kafolatlarini davlat tomonidan taʼminlashning, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan jabrlanganlarni moddiy jihatdan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning mustahkam huquqiy asosini yaratadi, ijtimoiy sugʻurta tizimini yanada rivojlantirishga koʻmaklashadi.
“Muzeylar toʻgʻrisida”gi Qonun xalqimiz maʼnaviy-madaniy boyligining ajralmas qismi boʻlgan muzey ashyolarini saqlash, oʻrganish, tiklash boʻyicha zaruriy harakatlar va chora-tadbirlar tizimining huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgandir.
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning asosiy maqsadi nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sharoitlarini yanada takomillashtirishdan, ularning ish, zamonaviy uy-joy-maishiy va tibbiy shart-sharoitlar bilan taʼminlanishi borasidagi huquqlari va kafolatlarini kengaytirishdan, shuningdek qonunning normalari va huquqiy mexanizmlarini Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar talablariga muvofiq rivojlantirishdan iboratdir.
Mudofaa va xavfsizlik, jinoyatchilikka qarshi kurash hamda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi ustuvor davlat kompleks vazifalarini hal etish uchun Qonunchilik palatasi tomonidan bir qator muhim qonunlar qabul qilindi.
Fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni oʻtash sharoitlarini takomillashtirish maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18 va 19-moddalariga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun bilan fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish muddati oʻzgartirildi hamda muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga bir marta: har yili fevral-mart oylarida chaqirish belgilab qoʻyildi.
“Qutqaruv xizmati va qutqaruvchining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda amalga oshiriladigan hamda odamlar hayotini qutqarish va sogʻliqini saqlashga qaratilgan qutqaruv va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar majmui tartibga solindi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qonunlardan tashqari, Qonunchilik palatasi tomonidan mudofaa va xavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga, terrorchilik faoliyatiga chek qoʻyishga, yadroviy terrorizm harakatlari, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashga qaratilgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish hamda ularga qoʻshilish toʻgʻrisida 10 ta qonun qabul qilindi.
Qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish maqsadida Qonunchilik palatasi rahbariyati, qoʻmitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar sifatini oshirish, ishning yangi shakl va usullarini qidirib topish, qonun loyihalari tayyorlashni yaxshilash boʻyicha muntazam ish olib borildi.
Qonun loyihalarini tayyorlash chogʻida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalariga muvofiqligi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi, bu hol ekspertlarning, shu jumladan, chet ellik mutaxassislarning mazkur qonunlar boʻyicha xulosalarida oʻz ifodasini topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi qonun loyihalarini ikkinchi va uchinchi oʻqishlarga tayyorlash jarayonida davlat tili qoidalariga rioya etilishini, normativ-huquqiy atamalardan izchil va bir xilda foydalanilishini, turli tillar qoidalaridan kelib chiqadigan nomutanosibliklar tahrir qilinishini taʼminladi.
Barcha qonun loyihalari Qonunchilik palatasining majlislariga kiritilishidan oldin siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokama qilindi. Huquqiy normalarni takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar kiritilib, qonunlarni qabul qilish chogʻida inobatga olindi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan oʻzaro hamkorlik yaxshilandi. Deputatlar qonun loyihalarining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar darajasida tayyorlanishi bosqichidayoq faol ishtirok etadigan boʻlib qoldilar. Bunga Qonunchilik palatasi qoʻmitalari bilan tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar oʻrtasida ancha yaqin amaliy aloqalarning yoʻlga qoʻyilganligi yordam berdi.
Qabul qilinayotgan qonunlarda havola qiluvchi normalarning tez-tez qoʻllanilishidan iborat eski amaliyotdan voz kechishga intilish Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatida yangicha yondashuv boʻldi, bu pirovard natijada huquq qoʻllanilishi amaliyoti samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, ijrochilar qonun normalarini oʻzboshimchalik bilan sharhlashiga barham beradi.
Hisobot davrida qonunchilik tashabbusi huquqini roʻyobga chiqarishda deputatlarning faolligi oshganligi qayd etildi. Xususan, deputatlar Azamat Ziyo va O. Isayev tomonidan “Muzeylar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi, deputatlar N. Ismoilov va S. Jabborov tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi tayyorlandi va kiritildi. Qonunlar qabul qilindi va kuchga kirdi.
Oliy Majlis ikkala palatasi Kengashlarining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaroridan kelib chiqib, deputatlar A. Ahmedov, U. Vafoyev, B. Dadaboyev, M. Yoʻldoshev va A. Saidov “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga tegishli oʻzgartishlar kiritishga doir qonun loyihasini kiritdilar. Qonun palata tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar Azamat Ziyo va B. Yusupovning tashabbusi bilan tayyorlandi hamda Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritildi.
2008-yilda deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda 5 ta qonun kiritildi va qabul qilindi, yana 10 ta qonun loyihasi ustidagi ishlar davom ettirilmoqda.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2007-2008-yillardagi ijrosining borishi haqidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va 2009-yilgi Davlat budjetini qabul qilish
Qonunchilik palatasi yil davomida 2007-yilgi Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi va 2008-yilning har bir choragi yakunlari boʻyicha hisobotlarni koʻrib bordi, shuningdek 2009-yilgi Davlat budjetini tasdiqladi.
Mamlakatimiz asosiy moliyaviy hujjatining oʻziga xos xususiyati – uning yuqori darajada ijtimoiy yoʻnaltirilganligidir. Xususan, 2009-yilgi Davlat budjetida fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimida, shuningdek ijtimoiy himoya sohasida aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash nazarda tutilgan. 2007-yil 12-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakatni 2006-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2007-yilda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan budjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini 2010-yilgacha 2,5 baravar oshirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarning bajarilishini taʼminlash aholi daromadlari darajasini va farovonligini oshirish sohasida 2009-yilgi budjet siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Umumtaʼlim maktablarini rivojlantirish, bolalar suv sporti turlarini rivojlantirishning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasini oshirish, qishloq aholisini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan taʼminlashni yaxshilash boʻyicha davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar ajratish rejalashtirilgan. Shu bilan birga melioratsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tozalashni, kam hosilli yerlarda paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturini amalga oshirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hajmlarini koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish sohasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlash va ularning jadal rivojlanishini ragʻbatlantirish maqsadida ular uchun yagona soliq toʻlovining amaldagi bazaviy stavkasini 8 foizdan 7 foizga pasaytirish taklif etilmoqda. Xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan qatʼiy belgilangan soliq miqdorlarini kamaytirish ham nazarda tutilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar yangi ish oʻrinlarini yaratishga, aholining ish bilan taʼminlanishini va farovonligini oshirishga koʻmaklashadi, yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan band boʻlgan odamlar sonining oshishi hisobiga soliq solinadigan bazani kengaytirishga yordam beradi.
Davlat budjetining ijrosini koʻrib chiqish vaqtida mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirayotgan korxonalar, zarar koʻrib ishlayotgan sohalar, toʻlov intizomi va budjet mablagʻlaridan samarali foydalanish tartibini buzayotgan vazirliklar hamda idoralar boʻyicha munozaralar oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi Davlat budjetini hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, korxonalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik zimmasidagi soliq yukini kamaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirish, ish haqi miqdorlarining oshirib borilishi yoʻnalishini saqlab qolish, iqtisodiyotni, ayniqsa qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish vazifalari yuklatildi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining nazorat-tahlil faoliyati
Qonunchilik palatasi faoliyatida nazoratga oid vakolatlarni amalga oshirishga jiddiy ahamiyat berildi. Bunda qonunlarning ijrosini taʼminlash, ularni roʻyobga chiqarish samaradorligini oshirish va qonuniylikni mustahkamlash, qabul qilingan qonunlar va qarorlar taʼsirchanligini puxta tahlil qilish orqali huquqiy tartibga solishga muhtoj boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni aniqlash asosida qonunlarga zarur oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish asosiy maqsad boʻldi.
Qonunchilik palatasining qoʻmitalari 2008-yilda qonunlar, konvensiyalar, milliy dasturlar ijrosini nazorat qilish tartibida 40 tadan ziyod masalani koʻrib chiqdi. Bu faoliyat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, bir qator viloyatlar, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, davlat kompaniyalari va milliy kompaniyalar hamda agentliklarni oʻrganish obyekti sifatida qamrab oldi.
Qoʻmitalar majlislarida oʻrganilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinib, ular bevosita ijrochilarga va boshqa manfaatdor shaxslar hamda tashkilotlarga yetkazildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Ularning ijrosi nazoratga olindi, muhokama yakunlari ommaviy axborot vositalarida muntazam eʼlon qilib borildi.
Joylarda qonunlar ijrosini tekshirish jarayonida deputatlar, ishchi guruhlarining aʼzolari tomonidan kamchiliklarni bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatildi, ayrim qonunlarning mohiyati va mazmuni tushuntirildi.
Jumladan, Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunning “Yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati” uyushmasi korxonalaridagi ijrosini oʻrganish jarayonida ijobiy natijalar bilan bir qatorda kamchilik va nuqsonlar ham aniqlandi. Xususan, uyushma tomonidan xomashyo, materiallar va tayyor mahsulot hisobini yuritish boʻyicha maxsus yoʻriqnoma ishlab chiqilmagan. Buxgalteriya hisobini yuritishda xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan, tashqi audit esa yuzaki oʻtkazilgan, tizimning baʼzi korxonalarida belgilangan ishlab chiqarish koʻrsatkichlari bajarilmagan, katta miqdorlardagi debitorlik-kreditorlik qarzi saqlanib qolgan. Ushbu masalani muhokama qilish yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, uyushmaning kengaytirilgan hayʼat majlisi oʻtkazildi, kamchiliklarni bartaraf etish va Qonun normalarini ogʻishmay bajarish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi Andijon shahrida oʻtkazgan oʻz majlisida Andijon viloyatida fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi qonunlar ijrosining samaradorligini oʻrganish yakunlarini muhokama qildi. Ushbu ishni tashkil etishda hali oʻz yechimini topmagan bir qator muammolar borligi qayd etilib, Qoʻmita tomonidan qonun hujjatlarini targʻib qilish va aholiga koʻrsatilayotgan huquqiy yordam sifatini oshirish boʻyicha advokaturaning, Andijon viloyatidagi ayrim mahalliy hokimiyat organlari va adliya organlarining faoliyatini kuchaytirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasining davlat soliq xizmati tizimida “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi va “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlarni oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan majlisida taʼkidlab oʻtildiki, Davlat soliq qoʻmitasida yagona axborot tizimini yaratish, elektron hujjat aylanishini yoʻlga qoʻyish va soliq toʻlovchilarga interaktiv xizmatlar koʻrsatishga qaratilgan qonunlar bazasi mavjud.
Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralariga oʻz faoliyatiga elektron hujjat aylanishi va elektron raqamli imzoni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish, Davlat soliq qoʻmitasidan ibrat olgan holda bu yoʻnalishdagi qonun hujjatlari bazasini takomillashtirish tavsiya etildi.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonunning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi ijrosini oʻrganish jarayonida bir qator kamchilik va nuqsonlar, shuningdek ularni keltirib chiqargan sabablar aniqlandi. Mazkur masalani koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, chegara oldi tumanlarining hokimliklari tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish, mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqildi. Qoʻmitaning mazkur masalaga doir qarori hamda tadbirlarning bajarilishi nazoratga olindi va vaqti-vaqti bilan Qoʻmitaga bajarilgan ishlar toʻgʻrisida axborot kelib turibdi.
Nazorat-tahlil ishlarining natijalarini muhokama qilib borish deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida baʼzi qonun loyihalarini ishlab chiqish haqida qarorlar qabul qilinishiga taʼsir koʻrsatdi. Jumladan, “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Qonun talablarining bajarilishini muhokama qilish jarayonida Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining tegishli moddasiga oʻzgartishlar kiritish haqidagi masalani koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Bu taklif “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni qabul qilishda inobatga olindi. Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksiga, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi, “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlarga oʻzgartishlar kiritish haqida takliflar tayyorlandi.
Nazorat-tahlil tadbirlari natijasida qonunlarni ijro etishda ular jiddiy ravishda buzilayotganligi hollari bartaraf etildi. Masalan, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi ijrosi oʻrganilishi yakunlaridan kelib chiqib, mazkur tuzilmaning yoʻlovchilarga servis xizmatlari koʻrsatish borasidagi ishida jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tizimida “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi oʻrganilishi yakunlari boʻyicha koʻplab yoʻlovchilarning eʼtirozlariga sabab boʻlgan salbiy holatga barham berildi, yaʼni yoʻlovchilardan oziq-ovqat va choyshab, koʻrpa-yostiq jildlari uchun qonunga xilof ravishda majburiy tartibda qoʻshimcha haq undirilishiga chek qoʻyildi. Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi qonunlarning Surxondaryo viloyatidagi ijrosining koʻrib chiqilishi bir hudud misolida madaniy meros obyektlarini tiklash, saqlash va targʻib qilish, madaniy boyliklar olib chiqilishi va olib kirilishiga oid qonun hujjatlari normalarining bajarilishi boʻyicha ishlarni tahlil qilish imkoniyatini berdi. Oʻrganish ayrim rahbarlar baʼzi qonunlarning mohiyatini tushunmasligini, tuzatish va qayta tiklash tartibiga zid harakatlarga yoʻl qoʻyayotganliklarini koʻrsatdi. Obyektlarda kadastr ishlari lozim darajada bajarilmayotganligi hollari aniqlandi, koʻp joylarda muhofaza belgilari oʻrnatilmagan va talabga javob bermaydi. Ayrim obyektlarning hududida betartib ravishda har joy-har joyda axlat uyumlari paydo boʻlgan, oʻzboshimchalik bilan imoratlar qurilgan. Madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirishdagi huquqbuzarlik hollari ham qayd etildi. Mazkur masalani oʻrganish yakunlari Qoʻmita tomonidan mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, boshqa manfaatdor mansabdor shaxslar ishtirokida muhokama qilindi, aniq tavsiyalar berildi. Qoʻpol qonunbuzarliklarga doir materiallar chora koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga kiritildi.
“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunlar ijrosini oʻrganish yakunlari boʻyicha prokuratura organlari qonun buzilishlariga olib keladigan shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun 42 ta taqdimnoma kiritildi, mansabdor shaxslardan 62 nafari kelgusida qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilmaslik haqida ogohlantirildi, 281 nafari maʼmuriy javobgarlikka, 15 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi, 6 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, fuqarolik sudlariga 9 ta protest kiritildi.
Ijro etuvchi hokimiyat rahbarlarining, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻzlari rahbarlik qilayotgan sohalardagi ishlarning holati haqidagi axborotlarini eshitish parlament nazorati huquqini roʻyobga chiqarish boʻyicha Qonunchilik palatasi faoliyatida sifat jihatidan yangi yoʻnalish boʻldi. Masalan, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusi bilan Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining bosh direktori A. Aripovning Oʻzbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisidagi axborotini eshitish masalasi tayyorlandi.
Axborotni eshitish yakunlari boʻyicha tarmoqni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari belgilanib, ular asosida Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishni normativ taʼminlashga qaratilgan qonun ijodkorligi ishlari dasturini ishlab chiqish va muhokamaga kiritish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Bu sohadagi faoliyatni tartibga soluvchi barcha qonun hujjatlari inventarizatsiya qilinib, olingan natijalar boʻyicha 3 ta qonun loyihasi va qonun hujjatlariga 5 ta tuzatish tayyorlandi, shuningdek Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan birgalikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishni normativ taʼminlashga qaratilgan qonun ijodkorligi ishlari dasturi ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Xalq-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi N. Xanovning “Uy-joy fondini va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qishki mavsumda issiqlik bilan taʼminlashning holati toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish masalasi tayyorlandi. Muhokama yakunlari boʻyicha Qonunchilik palatasining belgilangan chora-tadbirlar soʻzsiz bajarilishini, qish mavsumida uy-joy fondi va ijtimoiy infratuzilma obyektlarining faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha ishlarni kuchaytirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Hisobot yilida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti faol qoʻllanila boshlandi. Masalan, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasida “Oʻzbekyengilsanoat” kompaniyasi raisining “Tarmoqni modernizatsiya qilish, texnik jihatdan yangilash va bozorni isteʼmol tovarlari bilan toʻldirishga doir qonun hujjatlarining ijrosi toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi. Muhokama yakunlari boʻyicha “Oʻzbekyengilsanoat” kompaniyasiga manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda standartlashtirish boʻyicha yengil sanoat tovarlariga nisbatan qoʻyilayotgan isteʼmol talablarining hozirgi darajasiga va ularga baho berish mezonlariga javob beradigan tarmoq normativ hujjatlari ishlab chiqish, shuningdek mazkur tarmoqdagi ishlarni huquqiy tartibga solish uchun tarmoq qonun loyihasini tayyorlash toʻgʻrisidagi taklifni belgilagan tartibda kiritish tavsiya qilindi.
Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi Davlat budjeti yilning har choragidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqishi vaqtida Iqtisodiyot, Moliya, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi, Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirliklari, shuningdek tijorat banklari, boshqa muassasa va tashkilotlar tomonidan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning bajarilishi va budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishiga doir axborotlar eshitildi.
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisining “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi tizimidagi ijrosi toʻgʻrisidagi, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining agentlikda noshirlik faoliyatining holati va uni rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisidagi axboroti, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi rahbarining Qoʻmita tegishli qarorlarining ijrosi toʻgʻrisidagi, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi rahbarining “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi sanoat korxonalarida kooperatsiyani rivojlantirishga doir qonun hujjatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining “Tovarlar xalqaro oldi-sotdisiga doir shartnomalar toʻgʻrisida”gi BMT konvensiyasining ijrosi toʻgʻrisidagi hamda rivojlangan davlatlarda iqtisodiy va moliyaviy inqiroz kuchaygan sharoitlarda mamlakatni tashqi iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqidagi axborotlari eshitildi. Eshitishlarning yakunlari boʻyicha qoʻmitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Bunday amaliyot deputatlarga tegishli tarmoqlar muammolariga chuqurroq kirib borish imkoniyatini bermoqda, ijro etuvchi tuzilmalar masʼuliyatini oshirmoqda va Qonunchilik palatasining davlatni boshqarishda shakllanib borayotgan muvozanatni taʼminlash tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida qaror topishiga koʻmaklashmoqda.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari amaldagi qonun hujjatlarining ogʻishmay bajarilishi va aholi huquqiy madaniyatining oʻsishi uchun joylardagi xodimlarning yuqori darajadagi javobgarligini taʼminlash, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorlikni yaxshilash maqsadida 25 ta sayyor majlis oʻtkazdi.
IV. Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning), Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va siyosiy partiyalarning hisobotlarini koʻrib chiqish
Qonunchilik palatasi Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2007-yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitdi va tasdiqladi.
2007-yilda Inson huquqlari boʻyicha vakil Qonunchilik palatasining qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan bir qator qonun loyihalarini inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan oʻtkazdi.
Fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklashga koʻmaklashish Ombudsmanning Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklariga yanada toʻlaroq va samaraliroq rioya etilishi, ularning himoya qilinishi maqsadida davlat organlari, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz faoliyatini amalga oshirishidagi ustuvor vazifalaridan biridir.
Hisobot yilida Ombudsman institutiga 8,5 mingtadan ziyod murojaat tushdi, shundan 1250 tasi takroriy murojaatdir. Uning markaziy idorasiga 7 mingtadan, mintaqaviy vakillariga 1200 tadan ortiq murojaat tushdi. “Ishonch telefoni” orqali 700 tadan ziyod yuridik maslahat va tushuntirish berildi. Inson huquqlari boʻyicha vakil nomiga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida tushgan murojaatlardan 2053 ta shikoyat nazoratga olindi. Har toʻrt murojaatning bittasi ijobiy hal etildi.
Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi faoliyati xorijiy ombudsmanlar, inson huquqlari boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek chet el delegatsiyalarini qabul qilish va ular bilan uchrashuvlar uyushtirish, inson huquqlari masalalariga bagʻishlangan xalqaro anjumanlarda Ombudsmanning ishtirok etishi, inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi xalqaro tashkilotlar, chet mamlakatlar ombudsmanlari, chet ellik fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish orqali amalga oshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili 30 dan ziyod rasmiy delegatsiyani, chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini qabul qildi.
Qonunchilik palatasi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2007-yildagi ishi toʻgʻrisidagi hisobot eshitildi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi har yili Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisida va kelgusi yilgi Davlat budjeti parametrlari yuzasidan xulosalar taqdim etadi. Ish rejasiga muvofiq Oʻtkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbirlari jarayonida aniqlangan kamchiliklar hamda moliyaviy qoidabuzarliklar boʻyicha aybdor shaxslarga nisbatan choralar koʻrish va Davlat budjetiga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida koʻrsatmalar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotni muhokama qilish yakunlari boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.
Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalarning 2007-yildagi oʻz faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlari koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
V. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish
Tarkib topgan qonun ijodkorligi amaliyotiga koʻra va Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining faoliyati kuchayganligi munosabati bilan 2008-yilda Qonunchilik palatasi majlislarida qoʻmitalarning ishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib borish amaliyoti joriy etildi.
Masalan, 2008-yilning mart oyidan noyabr oyiga qadar Qonunchilik palatasi majlislarida barcha qoʻmitalarning 2005 – 2007-yillar va 2008-yilning oʻtgan davridagi ishiga doir hisobotlari eshitildi.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining faoliyati qonun ijodkorligi, qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish, aholi oʻrtasida qonunlar va qonun loyihalarini tushuntirishdan iborat parlament ishining ustuvor yoʻnalishlariga qaratildi.
Qonunchilik palatasi majlisiga kiritilayotgan qonun loyihalarining sifati yil sayin yaxshilanmoqda, amalga oshirilayotgan nazorat-tahlil ishlarining samaradorligi oshmoqda. Qoʻmitalarning sayyor majlislarini oʻtkazish ish amaliyotidan joy oldi. Muhokamalar natijalari boʻyicha qonunlarning normalari amalga oshirilishini takomillashtirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va tavsiyalar berildi.
Qoʻmitalar ishning qonunlarni va deputatlar tomonidan tayyorlanayotgan qonun loyihalarini tushuntirish, shuningdek jamiyatimizni rivojlantirishning eng dolzarb masalalari boʻyicha konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazish kabi shakllaridan keng foydalandi. Ularda davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirok etdilar.
Tanqidiy ruhda oʻtgan muhokamalar yakunlari boʻyicha Qonunchilik palatasining qoʻmitalar faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan tegishli qarorlari qabul qilindi. Xususan, ularda qonun loyihalarini oʻz vaqtida tayyorlash va Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish, qonun loyihalarini muhokama qilishning barcha bosqichlarida palataning har bir qoʻmitasi qoshidagi jamoatchilik ekspert guruhining faol ishtirok etishini taʼminlash, qonunlarni tayyorlash va qabul qilish jarayonini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish maqsadida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari bilan qonunchilik tashabbusi subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni takomillashtirish tavsiya etildi.
Umuman olganda, bunday hisobotlarni eshitib borish amaliyotining joriy etilganligi Qonunchilik palatasi qoʻmitalarini amaldagi qonun hujjatlari monitoringi sohasida ham, qabul qilinayotgan qonunlar samarali ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ham ishning yangi usullarini qidirib topishga yoʻnaltirgan holda ularning faoliyatini qayta koʻrib chiqish imkoniyatini berdi.
VI. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining xalqaro hamkorligi
Hisobot davrida Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalari rivojlandi, parlament delegatsiyalarini almashish davom ettirildi. Jami 50 tadan ziyod delegatsiya, shu jumladan, 10 ta parlament delegatsiyasi qabul qilindi.
2008-yilda Qonunchilik palatasiga chet mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillaridan 13 nafari tashrif buyurdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi kuchaydi. “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorligi qoʻmitasining boʻlib oʻtgan yettinchi majlisi ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Adliya vazirligi vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili ishtirok etdi. Qoʻmitaning navbatdagi majlisi jarayonida Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim doirasida Oʻzbekiston bilan YI oʻrtasidagi munosabatlar masalalari koʻrib chiqildi, Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi Parlamentlararo hamkorlik qoʻmitasining oltinchi majlisidan (2007-yil mart) keyingi munosabatlarni rivojlantirish, shu jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy masalalar, Oʻzbekistonda demokratlashtirish jarayonlari, inson huquqlari va fuqarolar erkinliklari, ilmiy-texnikaviy, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimidagi hamkorlik, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiat resurslaridan foydalanish masalalari boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek taraflar uyushgan jinoyatchilikka, giyohvandlik moddalarining qonunga xilof aylanishiga, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashdagi ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildilar.
Hisobot davrida Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasida Xalqaro valyuta fondi missiyasining vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ijobiy siljishlar, oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlarning samaradorligi oshganligi chet ellik mutaxassislar tomonidan qayd etildi, shuningdek bu sohaga taalluqli qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar maʼqullandi.
“Hokimiyatning vakillik organlariga saylovlar va elektoratning siyosiy madaniyatini oshirish masalalari” mavzuida Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro davra suhbati doirasida Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasi parlamentida fraksiyalar faoliyati” mavzuida munozara boʻlib oʻtdi. Unda turli davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kelgan 25 nafardan ziyod chet ellik ekspert ishtirok etdi.
Qoida tariqasida, uchrashuvning Oʻzbekiston tarafidan ishtirokchilarini tanlashda chet el delegatsiyalari tarkibida mamlakat turli siyosiy partiyalarining vakillari borligi ham inobatga olindi.
Hisobot davrida Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar va boshqa xalqaro tashkilotlar boshliqlarining Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan 15 dan ortiq uchrashuvi tashkil etildi.
Parlamentlararo aloqalar oʻrnatish va ularni rivojlantirish, parlament ishi bilan tanishish hamda tajriba almashish maqsadida Qonunchilik palatasi 14 ta delegatsiyasining chet mamlakatlarga tashrifi amalga oshirildi.
Chunonchi, Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Indoneziyaga, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi, shuningdek Qonunchilik palatasi Devoni xodimlarining Italiya Parlamentida ish oʻrganishi amalga oshirildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Respublikasi va Turkmanistonga mazkur mamlakatlarda Oʻtkazilgan prezident va parlament saylovlari paytida xalqaro kuzatuvchilar sifatida tashrif buyurdilar, shuningdek 2008-yilda Hamdoʻstlik davlatlarida boʻlib oʻtgan saylovlardagi MDH mamlakatlari kuzatuvchilari missiyasining faoliyatiga bagʻishlanib Belorus Respublikasida tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida ishtirok etdilar.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasi deputatlari va Devoni xodimlari konferensiyalar hamda seminarlar ishida qatnashish uchun 5 ta mamlakatga bordilar.
Qonunchilik palatasi deputatlari Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati Parlamentlararo Assambleyasi Doimiy Komissiyalari va Byurosining Rossiya Federatsiyasida oʻtkazib kelinayotgan navbatdagi majlislarida bir necha bor ishtirok etdilar.
Qonunchilik palatasining bir necha deputati Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining boshqa davlatlar ombudsmanlari bilan aloqalar oʻrnatish va ularni rivojlantirish uchun chet mamlakatlarga boradigan delegatsiyalari tarkibiga kiritdilar.
VII. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar
Qonunchilik yoʻli bilan tartibga solishni talab qiladigan masalalarni chuqurroq oʻrganish maqsadida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari ishning konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazish kabi shakllaridan keng foydalandi. Bunday tadbirlarning bir qismi Yoshlar yiliga bagʻishlandi.
2008-yilda jami 110dan ziyod ana shunday tadbir oʻtkazildi.
Tadbirlarda davlat hokimiyati organlari, turli nohukumat tashkilotlarining vakillari, olimlar, ekspertlar ishtirok etganligi tegishli tavsiyalar ishlab chiqish imkoniyatini berdi, bu tavsiyalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuborildi.
Masalan, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi huquqshunos olimlar, oliy oʻquv yurtlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida “Hozirgi bosqichdagi sud-huquq islohotlari” mavzuida konferensiya oʻtkazdi. Yoshlar yili munosabati bilan Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi “Yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini takomillashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki” mavzuida konferensiya, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi “Yoshlarga eʼtibor – kelajakka eʼtibor” hamda “Mamlakat kelajagi yoshlar qoʻlida” mavzularida seminarlar oʻtkazdi.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tadbirlar oʻtkazishda yangicha yondashuvlardan foydalangan holda Toshkent davlat pedagogika universitetida “Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaning (Nyu-York, 1989-yil 20-noyabr) Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga uygʻunlashtirilgan xalqaro normalarini amalga oshirishning dolzarb masalalari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etdi. Konferensiyaning onlayn rejimida oʻtkazilishi uning ishida Samarqand va Guliston davlat universitetlari vakillari ham ishtirok etishi imkoniyatini berdi.
2008-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yoʻnalishlari orasida yerlar unumdorligini oshirish va meliorativ holatini yaxshilash ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi. Bu vazifani hal etish jarayonida yerga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy bazani mustahkamlash talab qilinadi. Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi bir qator vazirliklar hamda idoralar vakillari, tarmoq mutaxassislari ishtirokida oʻtkazgan “Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish muammolari va ularni hal etish yoʻllari” mavzuidagi seminar aynan ana shu muammolarga bagʻishlandi. Muhokama yakunlari yuzasidan yer uchastkasidan foydalanishga boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazishga, tuproq unumdorligini oshirishga, fuqarolarning, shuningdek yuridik shaxslarning binolari va inshootlari band etgan yer uchastkalarini xususiylashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga doir masalalarni hal etish boʻyicha tavsiyalar qabul qilindi.
Qabul qilingan qonunlarning joylardagi ijrosini monitoring qilish boʻyicha muayyan mavzuga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazish qoʻmitalarning ish amaliyotidan joy olmoqda. Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi YuNISEF Bolalar fondi vakolatxonasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Fargʻona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosini taʼminlash ishlarining holatini oʻrganish masalalariga bagʻishlangan seminar-kengashlar turkumini oʻtkazdi. Oʻtkazilgan tadbirlar jarayonida muammolar va ularni hal etish yoʻllari muhokama qilindi, aholi oʻrtasida qonun normalarini tushuntirish, joylardagi ishlarning ahvolini yaxshilash uchun manfaatdor tashkilotlar tomonidan tegishli choralar koʻrish, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
VIII. Fuqarolarning xatlari, arizalari, murojaatlari bilan ishlash va aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazish
Fuqarolarning xatlari, arizalari va murojaatlari bilan ishlashga katta eʼtibor qaratilib, bu ish “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq amalga oshirildi. 2008-yilda Qonunchilik palatasiga 4104 ta yozma murojaat tushdi, ularning soni 2007-yilga nisbatan 654 taga koʻpaydi.
Xatlarning aksariyati Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Samarqand viloyatlaridan tushdi.
Koʻpgina shikoyat va arizalarda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xatti-harakatlaridan noroziligi ifodalangan. Turli darajadagi sudlarning hukmlari va hal qiluv qarorlaridan norozilik bayon etilgan xatlar kelishi davom etmoqda.
Qonunchilik palatasining vakolatiga taalluqli murojaatlar palata rahbariyati va qoʻmitalar tomonidan koʻrib borildi. Deputatlar fuqarolarni Qonunchilik palatasida ham, saylov okruglarida ham qabul qildilar. Fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati tegishli hokimliklar, sudlar, prokuratura organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, boshqa mutasaddi organlarga koʻrib chiqish uchun yuborildi. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash Qonunchilik palatasi rahbariyati, deputatlari va Devonining doimiy nazorati ostida boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq okruglarda saylovchilar bilan ishlash joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi aniq maqsadli oʻrganilgan, muammolar aniqlangan va ularni hal etish boʻyicha choralar koʻrilgan holda muntazam asosda yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda 2008-yilda deputatlarning oʻz saylov okruglariga (fevral, may va noyabrda) bir haftaga borish amaliyoti davom ettirildi. Saylovchilar bilan 2800 dan ziyod uchrashuv va suhbatlar oʻtkazilib, ularda deputatlar aholini mamlakatda jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, qabul qilingan qonunlar, Prezident farmonlari hamda Hukumat qarorlarining mohiyati va mazmuni, parlament faoliyati, siyosiy partiyalar fraksiyalarining ishi haqida xabardor qildilar. Saylovchilar salkam 2600 ta masalani hal etishda yordam koʻrsatish iltimosi bilan deputatlarga murojaat etdilar, bundan 888 tasi joylarda hal etildi, qolganlari boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga soʻrovlar yuborildi. Bildirilgan fikrlarning bir qismidan deputatlar qonun ijodkorligi faoliyatida foydalandilar.
Deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yakunlari Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalarining majlislarida muntazam koʻrib borildi. Jumladan, Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi bola ikki yoshga toʻlgunga qadar uni parvarishlash uchun joylarda ayollarga nafaqalar tayinlash va toʻlash boʻyicha ishlarni oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazdi. Normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning mohiyatini aholiga tushuntirish boʻyicha tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga tavsiyalar berildi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining jamoatchilik, yoshlar tashkilotlari vakillari, Oʻzbekiston yoshlar parlamenti faollari bilan uchrashuvlari aholi bilan ishlashning yangi shakllaridan biriga aylandi. Ularda parlament quyi palatasi qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatini takomillashtirish, “Yoshlar yili” Davlat dasturini amalga oshirish, aholining mamlakatimizda oʻtkazilayotgan keng miqyosli islohotlarda faol ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi.
2008-yilda Qonunchilik palatasida jamiyatimiz turli ijtimoiy qatlamlari sirasiga kiruvchi salkam 2 ming kishi uchrashuvlar, suhbatlar va ekskursiyalarda boʻldi. Bular – maktablar, kollejlar va litseylar oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalari, akademiyalar tinglovchilari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari, mahallalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va boshqalardir.
Hisobot yilida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi 25 ta majlis oʻtkazdi. Majlislarda Qonunchilik palatasining ish rejalari va majlislarning kun tartibi loyihalari, palata faoliyatini tashkil etishga doir boshqa masalalar muhokama qilindi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Vazirlar Mahkamasining 2007-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008-yilda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisidagi maʼruzasidan kelib chiqadigan vazifalari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlaridan kelib chiqadigan vazifalari haqida”gi masalalar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 4 ta qoʻshma majlisi Oʻtkazildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining 2008-yil 3-iyul va 10-iyuldagi qoʻshma majlislarida “Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining vazifalarini amalga oshirish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlarni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi masalalar muhokama qilindi. Hozirgi paytda ularning ishi eng yuksak demokratik talablar hisobga olingan holda, oshkoralik, ochiqlik, xolisonalik prinsiplari asosida yoʻlga qoʻyildi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini moliyalashtirish manbalarini shakllantirish tizimi ishlab turibdi.
Oʻtgan davrda bevosita NNTga ularning buyurtmanomalari asosida va Parlament komissiyasining qarorlariga muvofiq biron-bir oraliq boʻgʻinlar va tuzilmalar ishtirokisiz subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmani joylashtirish tariqasida 2,1 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Hozirgi vaqtda aholini va jamoatchilikni Fond faoliyatining natijalari toʻgʻrisida xabardor qilish boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qonunchilik palatasining hisobot yilidagi faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi. Qonunchilik palatasining deputatlari aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borishga katta eʼtibor qaratdilar. Shu maqsadda markaziy bosma nashrlarda 350 tadan ziyod maqola, deputatlar bilan suhbatlar, parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot materiallari eʼlon qilindi. “Xalq soʻzi” gazetasida har haftada “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida” rukni ostida sahifa berib borildi.
Qonunchilik palatasining deputatlari qabul qilingan qonunlar boʻyicha oʻz sharhlari, fuqarolarning savollariga javoblar bilan televideniye orqali faol chiqishlar qildilar. Parlament faoliyati yangiliklari va majlislar zalidan reportajlar bir qator telekoʻrsatuvlarning mazmunini tashkil etdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston televideniyesida “Parlament vaqti”, “Parlament soati” kabi koʻrsatuvlar muntazam ravishda berib borildi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining ishiga bagʻishlangan maxsus materiallar partiya nashrlarida, idoralar, viloyatlar, tumanlar va shaharlar gazetalarida muntazam eʼlon qilib borildi, shuningdek OʻzA, “Turkiston-press”, “Jahon” axborot agentliklari “Regnim” va “Trend” chet el axborot agentliklari tomonidan yoritildi.
Aholi oʻrtasidagi tushuntirish ishlarida axborot texnologiyalaridan keng foydalanish maqsadida iyun oyida Qonunchilik palatasining Veb-saytini modernizatsiya qilish boshlandi. 2008-yilning sentyabr oyida portalning yangi turkumi ishga tushirilgach, deputatlarning zarur axborotni tarqatish va olish, jamoatchilikning parlament quyi palatasi faoliyati toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalari monitoringi boʻyicha funksional imkoniyatlari ancha kengaydi. Veb-saytning yangi mundarijasi (versiyasi) orqali Qonunchilik palatasining huquqiy maqomini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar, qonun loyihalarining Qonunchilik palatasi qoʻmitalaridagi, majlislaridagi, siyosiy partiyalar fraksiyalarining majlislaridagi muhokamalari toʻgʻrisidagi axborot, Qonunchilik palatasining davlat organlari, jamoat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan tanishish mumkin. Ular uch tilda berib boriladi.
Shu bilan birga 2008-yilda Qonunchilik palatasining faoliyatidagi ayrim kamchiliklarga barham berishga, parlament ishining bir qator yoʻnalishlari boʻyicha mavjud imkoniyatlarning barchasidan foydalanishga muvaffaq boʻlinmadi. Xususan, ayrim qoʻmitalarda qonunchilik tashabbusi huquqidan yanada samarali foydalanish, amaldagi qonun hujjatlaridagi nuqsonlarni aniqlash maqsadida joylarda huquqni tatbiq etish amaliyotini oʻrganish, Qonunchilik palatasi qoʻmitalari bilan qonun ijodkorligi jarayonida ishtirok etuvchi tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar oʻrtasidagi hamkorlik borasida qonun ijodkorligi jarayonini tashkil etishni yanada maqbullashtirish zarur.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar faoliyatidagi dolzarb masalalar boʻyicha ularning rahbarlari axborotini Qonunchilik palatasining majlislarida eshitish, parlament soʻrovi kabi Parlament nazorati shakllaridan toʻliq foydalanildi, deb boʻlmaydi.
Mavjud kamchiliklarga barham berish va kelgusida ularga yoʻl qoʻymaslik maqsadida deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan jamiyatimizni yangilash va demokratlashtirishning, mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning strategik dasturiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyatining 2009-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqdilar va tasdiqladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 16 yilligiga bagʻishlangan, shuningdek Navoiy va Toshkent viloyatlari xalq deputatlari Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalaridagi maʼruzalarida qoʻyilgan vazifalar amalga oshirilishi munosabati bilan Qonunchilik palatasi faoliyatiga muayyan oʻzgarishlar kiritiladi. Xususan, palataning qonunchilik faoliyati rejasiga eʼlon qilingan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” doirasidagi vazifalarni amalga oshirishga, jahon moliyaviy tangligining salbiy omillari taʼsirini hisobga olgan holda mamlakat iqtisodiyoti real sektorini mustahkamlashga, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, eksport salohiyatini oshirishga, mamlakatda tadbirkorlik faoliyatining huquqiy bazasini rivojlantirishga qaratilgan qonunlar loyihalari kiritiladi. Shu bilan birga, sud-huquq islohoti, inson huquqlarini taʼminlash, sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, mamlakat mudofaa qobiliyati, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada mustahkamlash masalalari palataning doimiy eʼtibori markazida boʻladi.
Nazorat-tahlil faoliyatini kuchaytirish va qabul qilingan qonunlar ijrosi ustidan monitoringni amalga oshirish moʻljallangan. 2009-yilda parlamentda 17-marta hukumat aʼzolari, vazirliklar va idoralar rahbarlarining axborotlarini eshitish rejalashtirilgan boʻlib, bundan 12 tasi qoʻmitalarda, 5 tasi Qonunchilik palatasining majlislarida oʻtkaziladi.
Deputatlar 2008-yilda erishgan yutuqlar shundan dalolat beradiki, kelgusi yilda ham Qonunchilik palatasi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, mustaqil Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyati, ravnaq topgan kelajagi buyuk demokratik davlat barpo etish boʻyicha oʻz oldiga qoʻyilgan barcha vazifalarni bajaradi.
