Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2008-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisida (858-I-son)
26.08.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2008-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2008-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2008-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 257,6 mlrd soʻm miqdorda ortiq boʻldi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,9 foiz miqdorda profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bozor islohotlari va iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari yanada chuqurlashtirilishini, soliq tushumlari mexanizmi takomillashtirilishini, qatʼiy pul-kredit siyosati oʻtkazilishini, shuningdek budjet xarajatlarining samaradorligi va maqbulligi oshirilishini, ish haqi, stipendiyalar, nafaqalar hamda aholiga boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlash uchun budjet xarajatlari toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirilishini, “Yoshlar yili” Davlat dasturini roʻyobga chiqarish yuzasidan tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet daromadlari koʻrsatkichlarining soʻzsiz bajarilishi zarurligiga, Davlat budjetining gʻazna ijrosi taʼminlanishiga, mintaqalarning soliq bazasini va moliyaviy salohiyatini kengaytirish yuzasidan amaliy choralar koʻrilishi hamda shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlari moliyalashtirilishiga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 26-avgust,
858-I-son
