Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2009-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (57-II-son)
08.05.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2009-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtgan davr mobaynida atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan mamlakatimizda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
2009-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning tarkibiy boʻlinmalari oʻz faoliyatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2009-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qaratdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2009-yil 28-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2008-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi 641-I-sonli qarorini bajarish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan, bu tadbirlar natijasida atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning umumiy hajmi 2008-yildagiga nisbatan 55 ming tonnaga yoki 2,5 foizga kamaygan, 1,26 mln tonna qattiq va 161,7 ming kub metr suyuq chiqindilar qayta ishlangan, 1,4 mln kub metr ichimlik suvi tejab qolingan, 1263,3 gektar yer qayta tiklangan. 18,6 mingta avtotransport vositasi gaz yoqilgʻisiga oʻtkazilgan. Ettita daryo, shu jumladan, Sirdaryo havzasining suvni muhofaza qilish zonalaridan ekologik xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan 167 ta obyekt olib chiqilgan. Orolboʻyi mintaqasida Orol dengizining qurib qolgan qismidagi 15 ming gektar maydonga tuz va changni toʻxtatuvchi oʻsimliklar ekilgan.
Nazoratdagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda oʻtkazilgan tekshirishlar soni 66,2 foiz kamaygan. Tahliliy va profilaktika yoʻnalishidagi ishlar kuchaytirilgan. Asbob-uskunalar yordamida tekshirish usuli bilan 248,4 mingta atrof muhitni ifloslantiruvchi manba koʻrikdan oʻtkazilgan, bu 2008-yildagiga nisbatan 7,7 foiz koʻpdir. “Toza havo” operatsiyasini oʻtkazish chogʻida 226,5 mingta avtotransport vositasi tekshiruvdan oʻtkazilgan. Atrof muhitni belgilangan normativlardan ortiq darajada ifloslantirayotgan 21 mingga yaqin harakatlanuvchi manba aniqlanib, 2907 dona avtotransport vositasidan foydalanish vaqtincha toʻxtatib qoʻyilgan.
Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻpol tarzda buzganligi uchun 18,3 ming nafar mansabdor shaxs va fuqaro maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlib, bu 2008-yildagiga nisbatan 16,4 foiz kamdir. Atrof muhitga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha oldingi hisobot yilidagiga nisbatan tegishlicha 29,2 foiz koʻp jarima solingan va 31,8 foiz koʻp daʼvo qoʻzgʻatilgan.
Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalariga 4,25 mlrd soʻm tushgan boʻlib, bu 2008-yil darajasiga mos, shundan 1,68 mlrd soʻm Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan harakat dasturini amalga oshirish jarayonida hisobot davrida 2008 — 2012-yillarga rejalashtirilgan 76 ta tadbirdan sakkiztasi bajarilgan, 64 tasi bajarilmoqda, bitta tadbir bajarilmagan, uchta tadbirni roʻyobga chiqarish muddati kelmagan. 62 ta qonun, qaror, xalqaro hujjat va idoraviy normativ hujjat loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari davlat ekologik ekspertizasiga taqdim qilingan materiallar yuzasidan 16176 ta xulosa bergan boʻlib, bu 2008-yilga nisbatan 32,2 foizga koʻpdir. Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturi amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish narxi pasaytirilgan, natijada, tadbirkorlik subyektlarining mablagʻlari 346,9 mln soʻm miqdorida tejalgan va ishlab chiqarishni rivojlantirishga investitsiyalangan.
Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqiga xalqaro ahamiyatga molik suvchil-botqoq maydonlar toʻgʻrisidagi Ramsar konvensiyasining bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy hisoboti yuborilgan. Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlarini Xalqaro ahamiyatga molik suvchil-botqoq maydonlar roʻyxatiga kiritish haqida loyihaviy taklif taqdim etilgan. Turgʻun organik ifloslantiruvchilar toʻgʻrisidagi Stokgolm konvensiyasi hamda Transchegaraviy kontekstda atrof muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisidagi konvensiyaga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi zarurligi asoslarini tayyorlashda ishtirok etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan manfaatdor vazirliklar va qoʻmitalar bilan hamkorlikda Mayluu-Suu daryosi mintaqasida joylashgan radioaktiv chiqindilarning atrof muhitga taʼsiri toʻgʻrisida tahliliy maʼlumotlar toʻplab borilmoqda. “Tojikiston alyumin kompaniyasi” davlat unitar korxonasi taʼsiri ostida boʻlgan Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida atrof muhitning holatini monitoring qilish dasturi boʻyicha ishlar bajarilgan. 2008 — 2009-yillar va 2010-yilning birinchi choragi davomida olib borilgan kuzatuvlar Tojikiston alyumin kompaniyasi Surxondaryo viloyati ayrim tumanlarining atrof muhitiga koʻrsatayotgan taʼsir oʻrtacha barqaror darajada ekanligini aniqlash imkonini bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining ilmiy boʻlinmalari tomonidan tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik jihatdan toza va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish texnologiyalarini joriy etish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 132 mln soʻmlik ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilgan. Shu yilning 14-aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish dasturi Konsepsiyasining loyihasi kiritilgan.
Tabiiy resurslar davlat kadastrini yuritish boʻyicha ishlar davom ettirilgan. Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi oʻsimlik va hayvonot dunyosining davlat kadastri tuzilgan.
Oʻzbekiston Respublikasida 2009 — 2011-yillarda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, tabiatni muhofaza qilish respublika va mahalliy jamgʻarmalaridan baliq xoʻjaliklarini rivojlantirishga 81,6 mln soʻm ajratilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va toʻrtta viloyatda baliq resurslarini qayta yetishtirish boʻyicha beshta sex tashkil etilgan.
Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi statistik hisobotlarni yuritish tizimini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining qoʻshma hayʼati tomonidan davlat statistika hisobotiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Ekologik bilimlar va taʼlimni targʻib qilish boʻyicha ishlar faollashtirilgan. Ekologik mavzudagi radioeshittirishlar va telekoʻrsatuvlar soni 2008-yildagiga nisbatan 27 foizga, maʼruza va suhbatlar — 43,7 foizga oʻsgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshiradigan maxsus mutasaddi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida oʻz vakolatlaridan toʻla foydalanmayotir;
tabiatdan foydalanishni boshqarishning iqtisodiy mexanizmini yanada takomillashtirish boʻyicha yetarli darajada samarali choralar koʻrmayapti;
atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan hududiy harakat dasturlari tadbirlarini roʻyobga chiqarish imkoniyatlaridan toʻla foydalanayotgani yoʻq;
daxldor vazirliklar, idoralar va xalqaro tashkilotlarning Orolboʻyi zonasida ekologik holatni sogʻlomlashtirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirishni yetarlicha amalga oshirmayapti;
Angren, Fargʻona, Toshkent, Navoiy, Nukus, Chirchiq, Buxoro va Sariosiyo singari shaharlarda ifloslantiruvchi moddalarning ayrim ingrediyentlari boʻyicha ifloslanish darajasi sanitariya-gigiyena normalariga qadar pasaytirilishiga zarur eʼtibor qaratmayotir;
qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar yerlaridan, keng tarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish, shuningdek yerlarni qayta tiklash ustidan toʻliq nazoratni amalga oshirmayotir;
Oʻzbekiston Respublikasi Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida ekologik vaziyatning barqarorligini taʼminlash va undan samarali foydalanish boʻyicha 2008 — 2015-yillarga moʻljallangan harakat rejasini amalga oshirish yuzasidan yetarlicha ish olib bormagan;
ekologik jihatdan toza va resurslarni tejaydigan texnologiyalar, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish texnologiyalarini joriy etish ishlarining samaradorlik darajasini oshirmagan.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2009-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (N. Umarov) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Ikromov), Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (B. Matlyubov), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Z. Roʻziyev), Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (T. Xudoybergenov), Oʻzbekiston Respublikasining Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (S. Arabov), “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi (I. Xalmatov) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (V. Chub) bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish yuzasidan 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan Harakat dasturi hamda atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha tegishli hududiy harakat dasturlarini amalga oshirish tadbirlari bajarilishini muvofiqlashtirib borishni va qatʼiy nazorat qilishni taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (N. Umarov):
ekologik xavfsizlikni va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlashga qaratilgan ishni davom ettirsin;
jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda sanoat chiqindilarini qayta ishlash, ekoturizm sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish yoʻli bilan aholi bandligini taʼminlasin;
Orolboʻyi zonasidagi ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish ishini faollashtirsin;
tabiatdan foydalanishda iqtisodiy mexanizmni yanada takomillashtirish va joriy etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi boshqa daxldor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida ekologik vaziyatning barqarorligini taʼminlash va undan samarali foydalanish boʻyicha 2008 — 2015-yillarga moʻljallangan harakat rejasini amalga oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Z. Roʻziyev), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti (I. Murabdullayev) bilan birgalikda baliq xoʻjaliklarini pasportlashtirishni yakuniga yetkazsin, Inqirozga qarshi chora-tadbirlarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi baliq xoʻjaliklarining mahsuldorligi va rentabelligini oshirish boʻyicha aniq tadbirlar ishlab chiqsin;
daxldor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda ekologik jihatdan toza va resurslarni tejaydigan texnologiyalar, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha ishlarni faollashtirsin;
sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati organlarining chiqindilarni toʻplash, yoʻq qilish va qayta ishlash punktlari va poligonlarini qurish hamda mavjud punkt va poligonlarni belgilangan talablarga mos holga keltirish borasidagi faoliyatini nazorat qilib borsin va muvofiqlashtirsin;
aholining ekologik taʼlimi, madaniyati hamda tarbiyasi tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga koʻmaklashsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy davlat hokimiyati organlari:
atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan hududiy harakat dasturlarida belgilangan tadbirlarning bajarilishini taʼminlasin;
Angren, Fargʻona, Toshkent, Navoiy, Nukus, Chirchiq, Buxoro va Sariosiyo singari shaharlarda ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalariga qadar pasaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrsin;
sanoat va kommunal-maishiy oqova suvlarni tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ishlash samaradorligini oshirish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
turli obyektlar qurish va joylashtirish uchun yer uchastkalarini ajratish chogʻida tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlarining talablari bajarilishiga qatʼiy rioya etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mazkur qaror ijro etilishining borishi haqida 2010-yilning 1-oktabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim qilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (X. Razakov) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 8-may,
57-II-son
