Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori H. Muhitdinovning “Oʻzbekistonda dasturiy taʼminot industriyasini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (289-II-son)
17.05.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusiga koʻra Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori H. Muhitdinovning “Oʻzbekistonda dasturiy taʼminot industriyasini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov ilgari surgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, dasturiy taʼminot industriyasining rivojlantirilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari amalga oshirilishi natijasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishda barqaror oʻsish surʼatlarini namoyish etmoqda. Axborot sohasi korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari oshmoqda, jamiyat hayotining turli sohalariga eng yangi axborot tizimlari va texnologiyalari joriy etilmoqda, axborot resurslari bozori va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlanmoqda.
Shu bilan birga mazkur sohani rivojlantirish boʻyicha foydalanilmagan resurslar mavjud. Intellektual imkoniyatlar va kadrlar imkoniyatlari mavjud boʻlgan bir paytda bir qancha muammolarning yechilmaganligi, soha faoliyati yetarli darajada aniq tartibga solinmaganligi uni yanada rivojlantirishga halaqit qilmoqda.
Bularning barchasi dasturiy taʼminot industriyasi, uning eksport salohiyatini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning, milliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga qoʻshimcha sharoitlar yaratishning maqsadli dasturi ishlab chiqilishi va roʻyobga chiqarilishini, dasturlash sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini, shuningdek axborot sohasiga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishini talab qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori H. Muhitdinovning “Oʻzbekistonda dasturiy taʼminot industriyasini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
dasturiy taʼminot ishlab chiqarish industriyasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi va qabul qilinishini jadallashtirsin;
saʼy-harakatlarini milliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirsin;
dasturiy mahsulotlar eksportini ragʻbatlantirish, shuningdek ularning raqobatbardoshliligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
dasturchilar tayyorlash tizimi kengaytirilishi va uning sifati oshirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi erkin va ochiq kodli dasturiy taʼminotdan foydalanishni rivojlantirish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dasturiy mahsulotlarning hamda dasturiy taʼminotni ishlab chiquvchi kompaniyalarning yigʻma elektron katalogini yaratish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tegishli qonunlarga dasturiy taʼminot industriyasini yanada rivojlantirishga koʻmaklashadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida qonun hujjatlari tahlilini amalga oshirsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 17-may,
289-II-son
