“271-modda. Davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan shikoyat qilish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-405-son) · Sana: 25.04.2016 · Amalda
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan bevosita sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilishga haqli.
Davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi.
Davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan sudga shikoyat qilinishi uning ijro etilishini sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar toʻxtatib turadi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq boʻlgan koʻrsatmalar mustasno”.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi 223-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 6-mayda qabul qilingan OʻRQ-370-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 128-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 18-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin.
Qoʻshimcha aksiyalar faqat jamiyat ustavida belgilangan, eʼlon qilingan aksiyalarning soni doirasida jamiyat tomonidan joylashtirilishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi va jamiyat ustaviga tegishli oʻzgartishlar kiritish haqidagi qarorlar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan yoki, agar jamiyat ustaviga yoxud aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq jamiyatning kuzatuv kengashiga shunday qarorlar qabul qilish huquqi berilgan boʻlsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarorda joylashtiriladigan qoʻshimcha oddiy aksiyalarning va imtiyozli aksiyalarning soni, ularni joylashtirish muddatlari hamda shartlari belgilangan boʻlishi kerak.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish joylashtirilgan qoʻshimcha aksiyalarning nominal qiymati miqdorida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Bunda jamiyat ustavida koʻrsatilgan, eʼlon qilingan muayyan turdagi aksiyalarning soni ushbu turdagi joylashtirilgan qoʻshimcha aksiyalarning soniga kamaytirilishi kerak.
