14-modda. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish uchun talab qilinadigan hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-405-son) · Sana: 25.04.2016 · Amalda
Fondni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etiladi:
roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi, muassislar (muassis) yoki ular (u) vakolat bergan shaxslar (shaxs) tomonidan imzolangan, ularning (uning) familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili va yashash joyi (pochta manzili) koʻrsatilgan ariza;
agar fond vasiyatnoma boʻyicha tashkil etilayotgan boʻlsa, vasiyatnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
taʼsis yigʻilishining (syezdi, konferensiyasining) yoki muassisning (agar fond bir yuridik shaxs tomonidan tashkil etilayotgan boʻlsa) fond muassislari (muassisi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, fondning maqsad va vazifalari koʻrsatilgan qarori;
fond ustavi yoxud yuridik shaxs boʻlgan vakolatxona yoki filial toʻgʻrisidagi nizom davlat tilida ikki nusxada;
joylashgan yeri fondning pochta manzili sifatida foydalanilishi moʻljallanayotgan koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqini yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
fondni tashkil etish tashabbuskorlari yoxud uning muassislari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
bosh fondning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi — vakolatxonalar va filiallar uchun;
davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi bank toʻlov hujjati;
fondning dastlabki mablagʻlari shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar fondni tashkil etish toʻgʻrisida muassislar (muassis) tomonidan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladi. Agar fond vasiyatnoma boʻyicha tashkil etilayotgan boʻlsa, mazkur hujjatlar merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma berilganidan keyin ikki oy ichida taqdim etiladi.
Qoʻshib yuborish va qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etish yoʻli bilan tuzilayotgan fondlar qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
qayta tashkil etilayotgan fondga maʼlum boʻlgan barcha kreditorlar yozma ravishda xabardor qilinganligining va qayta tashkil etish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinganligining tasdiqnomasi;
qayta tashkil etilayotgan fondning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari, shu jumladan taraflar nizolashayotgan majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorislik toʻgʻrisidagi qoidalar koʻrsatilgan topshirish dalolatnomasi (qoʻshib yuborilgan taqdirda);
