26-modda. Moliyaviy hisobotni eʼlon qilish
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-404-son) · Sana: 13.04.2016 · Amalda
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yillik moliyaviy hisoboti manfaatdor banklar, birjalar, investorlar, kreditorlar, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa shaxslar uchun ochiqdir.
Aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek sugʻurta tashkilotlari, banklar, jamoat fondlari va qonunchilikka muvofiq boshqa tashkilotlar har yilgi moliyaviy hisobotni aksiyadorlarning yoki buxgalteriya hisobi subyekti boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin auditorlik xulosasi bilan birga eʼlon qilishi shart.
Ushbu modda oʻziga nisbatan qonunchilikning boshqa talablari belgilangan buxgalteriya hisobi subyektlarining moliyaviy hisobotiga tatbiq etilmaydi.
