22-modda. Moliyaviy hisobot
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-404-son) · Sana: 13.04.2016 · Amalda
Moliyaviy hisobot buxgalteriya hisobi subyektining hisobot sanasidagi moliyaviy holati, hisobot davridagi faoliyatining moliyaviy natijasi va pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi tizimlashtirilgan axborotdan iboratdir.
Yillik moliyaviy hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
buxgalteriya balansi;
moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
pul oqimlari haqidagi hisobot;
xususiy kapital toʻgʻrisidagi hisobot;
izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar.
Xalqaro standartlar boʻyicha tuziladigan moliyaviy hisobotga doir talablar moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarida belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi subyekti moliyaviy hisobotni tuzishda mustaqil balansga ajratilgan oʻz vakolatxonalarining, filiallarining va boshqa tarkibiy boʻlinmalarining buxgalteriya balanslarini hamda boshqa hisobot shakllarini kiritishi kerak.
Moliyaviy hisobot hisobot yili boshidan ortib boruvchi yakun bilan tuziladi.
Budjet tashkilotlarining, budjet mablagʻlarini oluvchilarning hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarining moliyaviy hisoboti budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tuziladi va taqdim etiladi.
Moliyaviy hisobotning tarkibi va mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Banklar va boshqa kredit tashkilotlari moliyaviy hisobotining tarkibi hamda mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
