19-modda. Xususiy kapitalni hisobga olish
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-404-son) · Sana: 13.04.2016 · Amalda
Xususiy kapital ustav fondidan (ustav kapitalidan), qoʻshilgan, zaxira kapitalidan va taqsimlanmagan foydadan tarkib topadi.
Ustav fondi (ustav kapitali) taʼsis hujjatlarida belgilangan hissalarning (pulda ifodalangan holdagi) yigʻindisini aks ettiradi. Ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissalar shaklida kiritiladigan moddiy va nomoddiy aktivlar taʼsischilar (ishtirokchilar) oʻrtasidagi kelishuvga koʻra baholanadi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi kerak.
Qoʻshilgan kapital aksiyalarni nominal qiymatidan baland narxlarda dastlabki sotishdan olinadigan emissiya daromadini, shuningdek ekvivalenti chet el valyutasida ifodalangan ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish jarayonida yuzaga keladigan kurs farqini aks ettiradi.
Zaxira kapitali uzoq muddatli aktivlarni qayta baholashda hosil boʻladigan inflyatsiya zaxiralarini, qonunchilikda va taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlarda sof foydadan ajratmalarni, shuningdek tekinga olingan mol-mulkning qiymatini aks ettiradi.
Taqsimlanmagan foyda foydaning jamgʻarilayotganligini ifodalaydi va mulkdorlarning qaroriga binoan ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshilishi mumkin.
