17-modda. Aktivlar va majburiyatlarni baholash
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-404-son) · Sana: 13.04.2016 · Amalda
Tovar-moddiy zaxiralarni baholash quyidagi ikkita bahoning eng pasti boʻyicha — balans tuzilayotgan sanadagi haqiqiy tannarx (sotib olish narxi yoki ishlab chiqarish tannarxi) boʻyicha yoki bozor bahosi (realizatsiya qilishning sof qiymati) boʻyicha amalga oshiriladi.
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar ularning boshlangʻich (qayta tiklanish) qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar qiymatini hisobdan chiqarish ularning qiymati toʻliq qoplanguniga yoki obyekt hisobdan chiqib ketguniga qadar eskirishni (amortizatsiyani) hisoblash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Amortizatsiya ajratmalari obyekt foydalanishga topshirilganidan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi. Yerning qiymati amortizatsiya qilinmaydi.
Moliyaviy qoʻyilmalar buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq hisobga olinadi.
Majburiyatlar taraflarning kelishuviga muvofiq pulda ifodalangan holda aks ettiriladi.
Sud qarori boʻyicha yuzaga kelgan majburiyatlar tegishli summada aks ettiriladi.
Shartli aktivlar va majburiyatlar buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq aks ettiriladi.
Budjet tashkilotlarining aktivlari va majburiyatlarini baholash budjet hisobi standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Buxgalteriya hisobi milliy valyutada — soʻmda yuritiladi.
