Tumandagi mavjud transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (63-son)
13.02.2016
Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2013-y., 16-son 197-modda) 17-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq, transport vositalarining 2016-yilgi texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 1-ilovaga, texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tumandagi barcha transport vositalari egalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga transport vositalarini texnik pasporti bilan birgalikda, oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatilsin.
4. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
5. Mazkur qarorning 4-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarning texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta — 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkaziladi.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-mart — 30-iyunda;
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 13-fevraldan — 31-avgustga qadar oʻtkazilsin.
6. Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasi (M. Oʻsarov)ga:
transport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish;
transport vositalarining texnik holati va uskunalari yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga muvofiqligini baholash vazifasi yuklatilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining 3-bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligining ichki va soqchilik qoʻshinlari, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy boʻlinmalari transport vositalari koʻrsatib oʻtilgan idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi inobatga olinsin.
8. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq yigʻim undirilsin.
9. Tuman ichki ishlar boʻlimi (K.Umarov) majburiy texnik koʻrik yakuni toʻgʻrisida tuman hokimligiga axborot taqdim etsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Oʻ. Raxmonov zimmasiga, ijrosini tashkil etish tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi K. Umarov zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi
Hokim v.b Oʻ. RAXMONOV
Zarbdor t.,
2016-yil 13-fevral,
63-son
Tuman hokimining 2016-yil 13-fevraldagi 63-sonli qaroriga 1-ILOVA
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining
TARKIBI
Tuman hokimining 2016-yil 13-fevraldagi 63-sonli qaroriga 2-ILOVA
Texnik koʻrikdan oʻtkazish
jadvali
T/r Tashkilot nomi Transport vositalari soni Texnik koʻrikdan oʻtkazish joyi Texnik koʻrikdan oʻtkazish kuni 1. Zarbdor neftebaza 16 Zarbdor neftebaza maskani 02.03.2016 yil 2. Zarbdor Elevator 1 03.03.2016 yil 3. Mirzachoʻl birlashmasi 13 Xovos-Zomin irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi maskani 09.03.2016 yil 4. Xovos-Zomin irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi 8 24.03.2016 yil 5. Obodonlashtirish boshqarmasi 6 Obodonlashtirish boshqarmasi maskani 16.03.2016 yil 6. Tibbiyot birlashmasi 3 Tibbiyot birlashmasi maskani 07.03.2016 yil 7. Elektr taʼminoti korxonasi 2 YHXG maskani 30.03.2016 yil 8. Gazlashtirish korxonasi 2 31.03.2016 yil 9. Soliq inspeksiyasi 1 06.04.2016 yil 10. Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi 1 07.04.2016 yil 11. Suvoqova korxonasi 1 04.04.2016 yil 12. Paxta tozalash korxonasi 3 13.04.2016 yil 13. Kichik korxonalar 3 14.04.2016 yil 14. Akbarali yoʻl trans MChJ 5 14.03.2016 yil 15. Intilish va imkon MChJ 5 14.03.2016 yil 16. Jismoniy shaxslar 1515 YHXG maskani 31.08.2016 yilgacha
