82-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzasini eshitish
Parlament nazorati toʻgʻrisida (O‘RQ-403-son) · Sana: 11.04.2016 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlanadigan har yilgi Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruza (bundan buyon matnda Milliy maʼruza deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori tomonidan Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.
Fraksiyalar, Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalari Milliy maʼruzani dastlabki tarzda koʻrib chiqadi hamda fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi, fikrlar va takliflar Qonunchilik palatasining, Senatning majlislarida majburiy ravishda hamda har tomonlama muhokama qilinadi.
Milliy maʼruzani eshitish yakunlari boʻyicha Qonunchilik palatasi, Senat qarorlar qabul qiladi, ularda Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar boʻlishi mumkin.
Milliy maʼruzani eshitish yakunlari boʻyicha qabul qilingan Qonunchilik palatasining, Senatning qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuboriladi.
