7-modda. Davlat budjeti ijrosining borishini koʻrib chiqish va nazorat qilish
Parlament nazorati toʻgʻrisida (O‘RQ-403-son) · Sana: 11.04.2016 · Amalda
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni hamda zarur materiallarni hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay Hisob palatasining xulosasi bilan birga;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni hamda zarur materiallarni Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga, ushbu tezkor xulosa olingan kundan eʼtiboran ikki kun ichida Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik, toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar fraksiyalarda va Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinadi.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish davomida fraksiyalar va Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Davlat budjeti daromad qismining ijrosi, ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilish holati toʻgʻrisida tegishli organlardan qoʻshimcha axborotni, shuningdek ularning maqsadli sarflanishi hamda ulardan samarali foydalanilishi haqidagi maʼlumotlarni talab qilib olishi mumkin. Bunda fraksiyalar joylarda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi masalalarini Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitalari tomonidan oʻrganish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yarim yillik hisobot dastlabki tarzda muhokama qilinganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi. Uni koʻrib chiqish vaqtida Vazirlar Mahkamasining hisoboti, fraksiyalarning fikrlari va takliflari, masʼul qoʻmitaning xulosasi eshitiladi, muhokama oʻtkaziladi hamda hisobot Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar masʼul qoʻmitaning majlisida koʻrib chiqiladi va uning qarori bilan tasdiqlanadi.
