21-modda. Parlament nazorati natijalari
Parlament nazorati toʻgʻrisida (O‘RQ-403-son) · Sana: 11.04.2016 · Amalda
Parlament nazorati subyektlari oʻz vakolatlari doirasida parlament nazorati natijalari boʻyicha:
hukumat aʼzosini isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi uchun taklif kiritishi;
tegishli davlat organlariga qonun hujjatlarining, davlat dasturlarining ijrosi, oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning amalga oshirilishi samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan takliflar va tavsiyalar kiritishi;
davlat hokimiyati organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va Oliy Majlis palatalariga hisobdor boʻlgan boshqa organlar tomonidan kiritilgan maʼruzalarni, hisobotlarni, axborotni hamda boshqa materiallarni ular yuzasidan mulohazalar va takliflarni koʻrsatgan holda ushbu organlarga maromiga yetkazish uchun belgilangan tartibda qaytarib yuborishi;
parlament nazorati materiallarini vakolatli davlat organlariga oʻz vakolatlariga muvofiq koʻrib chiqish uchun yuborishi;
fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonunchilikni buzishning boshqa hollari maʼlum boʻlib qolgan taqdirda ularga darhol chek qoʻyish choralarini koʻrish talabi bilan tegishli davlat organlariga hamda mansabdor shaxslarga murojaat qilishi;
mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish, ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar va tavsiyalar kiritishi;
yangi qonunchilik hujjati loyihasini ishlab chiqish yoki amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqishi;
parlament nazorati natijalarini eʼlon qilishi mumkin.
