17-modda. Qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari tomonidan oʻrganish va qonun osti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan ular tomonidan monitoringni amalga oshirish
Parlament nazorati toʻgʻrisida (O‘RQ-403-son) · Sana: 11.04.2016 · Amalda
Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari oʻz ish rejalariga muvofiq vaqti-vaqti bilan davlat organlari tomonidan qonunlarning, Qonunchilik palatasi va Senat qarorlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqib oʻrganadi. Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari oʻrganish davomida davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalarini, statistika maʼlumotlarini va boshqa maʼlumotlarni soʻrab olishi mumkin.
Qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish yakunlari boʻyicha Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari oʻz majlislarida davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitishi, shuningdek oʻrganish natijalarini Qonunchilik palatasi, Senat koʻrib chiqishi uchun kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish Oliy Majlis palatalari kengashlarining qaroriga muvofiq Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari yangi qabul qilingan qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Monitoringni amalga oshirish yakunlari Qonunchilik palatasining, Senatning qoʻmitalari majlislarida koʻrib chiqilishi mumkin.
