14-modda. Parlament soʻrovi
Parlament nazorati toʻgʻrisida (O‘RQ-403-son) · Sana: 11.04.2016 · Amalda
Qonunchilik palatasi, Senat davlat organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament soʻrovi yuborishga haqli.
Parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi taklif Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qoʻmitalar, fraksiyalar tomonidan, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan, Senat koʻrib chiqishi uchun esa, qoʻmitalar tomonidan, shuningdek Senat aʼzolari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan kiritiladi.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari parlament soʻroviga ogʻzaki javobni tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida palatalar belgilagan muddatda beradi.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari parlament soʻroviga yozma javobni, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yuborishi lozim. Parlament soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
Parlament soʻroviga yozma javob, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida raislik qiluvchi tomonidan oʻqib eshittiriladi. Yozma javobning nusxalari tegishli palataning majlisida oʻqib eshittirilguniga qadar oldindan Qonunchilik palatasi deputatlariga, Senat aʼzolariga yuboriladi.
Parlament soʻroviga javob tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida muhokama qilinishi mumkin. Qonunchilik palatasi, Senat parlament soʻrovi muhokamasi yakunlari boʻyicha qaror qabul qiladi.
