24-modda. Hayvonot dunyosi obyektlarining miqdorini tartibga solish
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida (545-I-son) · Sana: 26.12.1997 · Kuchini yo'qotgan
Hayvonot dunyosi obyektlarining miqdorini tartibga solish kvotalar asosida amalga oshiriladi. Kvotalar Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan hisobga olish maʼlumotlari va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Hayvonlarning ayrim turlarini muhofaza qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan ana shu turdagi hayvonlardan foydalanishga yoki foydalanishning ayrim turlariga cheklashlar yoxud taqiqlashlar belgilanishi mumkin.
Aholi sogʻligʻini saqlash, qishloq xoʻjalik mollari va boshqa uy hayvonlari kasalliklarga chalinishining oldini olish, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazilishining oldini olish, hayvonot dunyosining turlari boʻyicha xilma-xilligini saqlab turish maqsadida yovvoyi hayvonlar ayrim turlarining miqdorini tartibga solish tadbirlari oʻtkaziladi.
Ayrim turdagi hayvonlar miqdorini tartibga solish tadbirlarning boshqa turlariga zarar yetkazilishini istisno etadigan va ularning yashash muhiti saqlanib qolishini taʼminlaydigan usullar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalarini hisobga olib hamda yer, suv va oʻrmon zaxiralarini muhofaza qilishni amalga oshiradigan tegishli davlat organlari bilan kelishgan holda amalga oshirilishi lozim.
Miqdori tartibga solinishi lozim boʻlgan hayvon turlari va ularning miqdorini tartibga solish tadbirlarini oʻtkazish qonun hujjatlarida belgilanadi.
