16-modda. Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida (545-I-son) · Sana: 26.12.1997 · Kuchini yo'qotgan
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar:
hayvonot dunyosi obyektlaridan ularni berib qoʻyish shartlariga muvofiq foydalanish;
tutib olingan hayvonot dunyosi obyektlariga va ulardan olingan mahsulotga nisbatan mulkdorlik huquqiga egadirlar.
Ov qilish yoki baliq ovlash xoʻjaligini yurituvchi yuridik shaxslar:
yuridik shaxslarga hayvonot dunyosi obyektlaridan belgilangan normalar doirasida foydalanish uchun ruxsatnomalar berishga;
yuridik va jismoniy shaxslar hayvonot dunyosi obyektlaridan ov qilish maqsadida belgilangan normalar doirasida foydalanishi uchun ular bilan shartnomalar tuzishga;
ov va baliq mahsulotini qayta ishlash hamda hayvonot dunyosi obyektlaridan buyumlar ishlab chiqarishga;
hayvonot dunyosi obyektlaridan ishlab chiqarilgan mahsulot va buyumlardan foydalanish hamda ularni sotishga;
sunʼiy ravishda yetishtirilib, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan hayvon turlaridan foydalanishga haqlidirlar.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar:
hayvonot dunyosidan foydalanishning belgilangan normalari va muddatlariga rioya etishlari;
hayvonot dunyosining muhofaza qilinishini taʼminlashlari;
hayvonot dunyosidan tabiiy galalarining butligi buzilishiga yoʻl qoʻymaydigan va foydalanishga berib qoʻyilmagan hayvonlarning saqlab qolinishini taʼminlaydigan usullar bilan foydalanishlari;
hayvonlarning yashash muhiti buzilishiga yoʻl qoʻymasliklari;
hayvonlar miqdorini hamda ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olishlari;
hayvonot dunyosini tiklash va takror yetishtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishlari shart.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquq va majburiyatlarga ega boʻlishlari mumkin.
