Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vakolatli organlari va xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi hamda ekologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati haqida (516-I-son)
17.07.2008
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Ekologik xavfsizlik tizimini shakllantirish hamda takomillashtirish Oʻzbekiston Respublikasida milliy xavfsizlikni, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashning asosiy shartlaridan biri, davlat, jamiyat va shaxsning hayotiy muhim manfaatlarini himoya etishning muhim omilidir. Mamlakatimiz Prezidenti I.A. Karimov ekologik xavfsizlik muammolari muhimligi haqida gapirib, bu muammolarning amaliy tarzda hal etilishi “koʻp jihatdan hozirgi va kelgusi avlod turmushining ahvoli va sifatini belgilash imkoniyatini beradi”, deb taʼkidlagan edi.
Mustaqillik yillari mobaynida Oʻzbekistonda ekologik xavfsizlikni taʼminlashning tashkiliy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlari izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Bu sohadagi davlat siyosatining huquqiy asosini atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarini tartibga soluvchi 30 ta qonun va 350 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatdan iborat milliy qonun hujjatlari tashkil etadi. Ular orasida “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni alohida ahamiyatga molikdir.
Oʻzbekiston Respublikasi atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi 13 ta xalqaro konvensiya va 4 ta protokolga qoʻshilgan. Atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik yetakchi davlatlar, shuningdek BMT, uning maxsus organi — Atrof muhit dasturi (YuNEP) va boshqa koʻpgina tuzilmalar bilan bir qatorda amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekistonda tabiatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik sohasidagi siyosatni amalga oshiradigan davlat organlari hamda jamoat ekologik tashkilotlarining yaxlit tizimi barpo etilgan.
Mustaqil rivojlanish yillarida tabiatni muhofaza qilish sohasida koʻlamdor va izchil davlat strategiyasi amalga oshirib kelinayotganligi natijasida Oʻzbekistonning koʻpgina mintaqalarida ekologik vaziyat yaxshilanganligi qayd etilmoqda. Mamlakatda zararli moddalarni atmosferaga chiqarib tashlash ikki yarim marta kamaydi, iflos oqova suvlarni chiqarib tashlash hajmi ikki baravar qisqardi. Pestitsidlardan foydalanish keyingi besh yil ichida toʻrt baravar kamaydi. Paxta yakkahokimligining barham topishi ekologik tizim sogʻlomlashib, aholining yashash muhiti tubdan yaxshilanishida ulkan ahamiyatga ega boʻldi. Milliy qoʻriqxonalar, bogʻlar, buyurtma qoʻriqxonalar, ekologik markazlar tarmogʻi anchagina rivoj topdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Orol muammolariga bagʻishlab 2008-yil 11-12-mart kunlari oʻtkazilgan xalqaro konferensiya ekologiya muammolariga mamlakat rahbariyati doimiy eʼtibor berib kelayotganligining yana bir ifodasi boʻlib qoldi. Tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini oʻtkazishga birgina 2007-yilning oʻzida salkam 92 milliard soʻm yoʻnaltirilganligi mamlakatimizdagi bunday tadbirlarning koʻlami va miqyosini koʻrsatib turibdi.
Tabiatni muhofaza qilishni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ustuvor ahamiyatga ega. “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish yuzasidan Surxondaryo viloyatida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikda, jamoatchilikning faol ishtirokida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Viloyatda ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlashning kamayib borishi tamoyili kuzatilmoqda. 2007-yilning oʻzidagina viloyatda tabiatni muhofaza qilishga oid 280 dan ortiq, jami 123150,0 ming soʻmlik tadbirlar oʻtkazilgan.
Shu bilan birga “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalarining barcha talablarini Surxondaryo viloyatida toʻla-toʻkis amalga oshirish hozircha taʼmin etilmaganligini ham taʼkidlash joiz. Sugʻoriladigan yerlarning umumiy fondida shoʻrlangan maydonlar ulushining ortib borishi kuzatilmoqda, sugʻoriladigan yerlarning mahsuldorligi pasayib bormoqda. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining tabiatni muhofaza qilish masalalaridagi asosiy kamchiligi mazkur Qonunning ijro etilishi hamda bu sohadagi davlat siyosatining amalga oshirilishi ustidan yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, amaliy nazoratning yoʻqligidir. Viloyatda bu borada jiddiy muammolar borligiga va ekologik vaziyat keskinligiga qaramay, mazkur masala biron marta ham xalq deputatlari viloyat Kengashining majlisida muhokama etilmagan. Tabiatni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy omillaridan yaxshi foydalanilmayapti, ekologik talablarga rioya etish masalalarida xoʻjalik faoliyatiga nisbatan yetarli darajada qatʼiyat va prinsipiallik koʻrsatilmayapti.
Shuni taʼkidlash kerakki, Tojikiston Respublikasining Tursunzoda shahrida joylashgan Tojikiston alyuminiy zavodi atmosferaga chiqarayotgan chiqindilarning mintaqadagi ekologik vaziyatga va aholi sogʻligʻiga jiddiy tahdid solayotganligi alohida tashvish uygʻotmoqda.
Buning asosiy sabablari mazkur korxonada eskirib ketgan uskunalardan foydalanilayotganligi, modernizatsiyalangan tozalash inshootlari yoʻqligi, havoda hamda tuproqda shu korxonaning chiqindilari – zararli moddalarning toʻplanib va koʻpayib borayotganligidir. Atmosfera havosida odamlarning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli ftorli vodorod tarkibi, masalan, Sariosiyo tumanida 1991 — 2007-yillar oraligʻidagi davrda yoʻl qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena normativlaridan ikki baravar ortib ketdi. Alyuminiy qoʻshilmalarining suvda eriydigan shakllari yer usti suvlari tarkibida besh baravar koʻpayganligi aniqlandi. Ftor taʼsirida tuproqdagi jarayonlarda boʻlayotgan oʻzgarishlar va ftorli vodorodning atmosfera havosiga chiqarib tashlanishi qishloq xoʻjaligiga hamda chorvachilikka salmoqli tarzda salbiy taʼsir oʻtkazdi. Dehqonchilikda hosildorlik va chorvachilikda mahsuldorlik keskin kamayib ketdi. Hisori qoʻylarning noyob zotlari, mashhur Dashnobod anorlari yoʻq boʻlib ketish darajasiga yetdi.
Tojikiston alyuminiy zavodining chiqindilari aksariyat hollarda aholi oʻrtasida bir qancha surunkali kasalliklar koʻpayganligiga asosiy sababchi boʻlib qolmoqda.
Surxondaryo viloyati hududiga Tojikiston alyuminiy zavodi faoliyatining salbiy taʼsiri oldini olish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qilinayotgan saʼy-harakatlarga qaramay, 570 mingdan ortiq kishi yashayotgan Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlarida ekologik vaziyat tangligicha qolmoqda. Surxondaryo viloyatining Tojikiston alyuminiy zavodi chiqindilarining bevosita taʼsiri ostida qolgan chegara oldi tumanlari bugungi kunda ekologik kulfat hududi boʻlib turibdi.
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Surxondaryo viloyatida ijro etilishi jarayonini oʻrganish qisqa muddatlarda aniq maqsadlarga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini koʻrsatdi. Eng avvalo bu muammo ustidagi teran ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish asosida Surxondaryo viloyatining chegaraoldi tumanlarida ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirishga qaratilgan harakatlarning kompleks dasturini ishlab chiqish, Tojikiston alyuminiy zavodining faoliyati atrof muhitga, qishloq xoʻjaligiga, chorvachilikka va aholi sogʻligʻiga yetkazgan iqtisodiy zararni aniqlash hamda kompensatsiya qilish tadbirlarini oʻtkazish, ekologik monitoring oʻtkazish, prognoz qilish va axborot almashish boʻyicha yagona tizim barpo etish, atrof muhitning mazkur korxona faoliyati bilan bogʻliq holda ifloslanib borayotganligi muammosini hal etish maqsadida xalqaro-huquqiy mexanizmlardan foydalanish masalasini oʻrganib chiqish zarur.
Surxondaryo viloyati hokimi T.I. Joʻrayevning, tegishli vazirliklar va idoralarning Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vakolatli organlari hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi hamda ekologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati haqidagi, shuningdek mazkur masalani oʻrganish yuzasidan Senat tomonidan tuzilgan ishchi guruhining axborotini tinglab va muhokama etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Surxondaryo viloyati hokimi T.I. Joʻrayevning, tegishli vazirliklar va idoralarning Oʻzbekiston Respublikasi tegishli vakolatli organlarining hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish hamda ekologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati haqidagi, shuningdek mazkur masalani oʻrganish yuzasidan Senat tomonidan tuzilgan ishchi guruhining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Surxondaryo viloyatida tabiatni muhofaza qilish va ekologik vaziyatni yaxshilash sohasida muayyan ishlar olib borilayotganligi taʼkidlab oʻtilsin. Shu bilan birga eʼtirof etish kerakki, mintaqada mazkur Qonunning barcha talablarini toʻla-toʻkis amalga oshirish taʼmin etilmagan. Surxondaryo viloyatidagi vaziyatga Tojikiston alyuminiy zavodining faoliyati bagʻoyat nomatlub taʼsir etayotir, ana shu korxonaning chiqindilari atrof muhitni ifloslantirmoqda, ekologik vaziyat anchagina yomonlashuviga olib kelmoqda hamda atrof muhitga va viloyatning chegara oldi tumanlaridagi aholi sogʻligʻiga salbiy taʼsir etmoqda.
2. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi:
viloyatda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish yuzasidan kompleks harakatlar dasturini ishlab chiqsin va qabul qilsin, atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik holati nomatlub joylarda davolash-sogʻlomlashtirish ishini yaxshilash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
masalani oʻrganish asnosida aniqlangan, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini buzish bilan bogʻliq hollarni bartaraf etsin hamda Qonun toʻliq va ogʻishmay bajarilishini taʼminlasin. Kollektor-drenaj tizimlari ishini yaxshilashga, pestitsidlar bilan ifloslangan yerlarni qayta tiklash ishlarini oʻtkazishga, tegishli yerlarda ihota daraxtzorlar, oqar suvlar yoqalab hamda suv havzalari tegrasida suvni muhofaza qilish zonalari barpo etishga, kanalizatsiya tarmoqlari va tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilishga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Surxondaryo viloyatidagi ekologik vaziyatga Tojikiston alyuminiy zavodi faoliyatining koʻrsatayotgan salbiy taʼsiri bilan bogʻliq muammolarni hal etish uchun idoralararo ishchi guruh tuzish. Idoralararo ishchi guruhga Tojikiston alyuminiy zavodi aholi sogʻligʻiga, atrof muhitga, qishloq xoʻjaligiga va iqtisodiyotiga yetkazgan iqtisodiy zararni baholash hamda kompensatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish, vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan chora-tadbirlarning aniq maqsadga yoʻnaltirilgan dasturini ishlab chiqish, shu jumladan zarur xalqaro-huquqiy mexanizmlardan foydalangan holda ishlab chiqishni topshirish;
Atrof muhitga transchegaraviy maʼnodagi taʼsirni baholash toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Espo, 1991-yil) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritishni tezlashtirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga:
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Surxondaryo viloyatida ijro etilishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrish, tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlarini buzishning aniqlangan hollarini bartaraf etishda, shuningdek Surxondaryo viloyatidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishda mahalliy davlat hokimiyati organlariga muvofiqlashtiruv yoʻsinida amaliy yordam koʻrsatish;
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlari hududiga Tojikiston alyuminiy zavodi chiqindilarining taʼsiri oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan kompleks tadbirlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
ekologik monitoring oʻtkazish, prognoz qilish va axborot almashish boʻyicha yagona tizim barpo etish masalasini Tojikiston Respublikasining tegishli vakolatli organi bilan oʻrganib chiqish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga:
Tojikiston alyuminiy zavodining yaqin atrofdagi hududlarni ifloslantirishi muammolarini hal etish maqsadida xalqaro-huquqiy mexanizmlardan foydalanish masalasini oʻrganish va takliflar tayyorlash;
Tojikiston alyuminiy zavodining atrof muhitni ifloslantirayotganligi bilan bogʻliq muammolar yuzasidan ikki taraflama komissiya tuzish masalasini Oʻzbekiston — Tojikiston hukumatlararo komissiyasi faoliyati doirasida Tojikiston tarafi bilan birgalikda ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Surxondaryo viloyatidagi ekologik vaziyat toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatiya vakolatxonalari va ommaviy axborot vositalari oʻrtasida tarqatish uchun axborot tayyorlash;
Surxondaryo viloyati atrof muhitiga Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy taʼsiri muammolari yuzasidan yetakchi xalqaro tashkilotlar va chet el investorlari ishtirokida xalqaro konferensiya oʻtkazish imkoniyatini oʻrganish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga Surxondaryo viloyatining chegara oldi tumanlaridagi vaziyatga alohida eʼtibor berib, tashhis qoʻyish va davolash-sogʻlomlashtirish ishlarini tizimli asosda yaxshilash yuzasidan zarur resurslar va mablagʻlarni jalb etgan holda shoshilinch choralar koʻrish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlarida tuproqqa, qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari va hayvonlarga Tojikiston alyuminiy zavodi chiqindilarining zararli taʼsirini kamaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, boshqa vakolatli davlat organlariga tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga Oʻzbekiston janubidagi ekologik tizimga Tojikiston alyuminiy zavodi chiqarib tashlayotgan ifloslantiruvchi moddalarning taʼsirini oʻrganish hamda uning atrof muhitga va aholi sogʻligʻiga salbiy taʼsirini kamaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish toʻgʻrisidagi masalani Ilmiy-tadqiqot va texnik ishlar dasturiga kiritish tavsiya etilsin.
10. Atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik dasturlarni amalga oshirish, mazkur sohada keng koʻlamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarida jamoatchilikning, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli yanada oshirilishi taʼminlansin.
11. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashiga, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilsin, ular ushbu Qarorning bajarilishi jarayoni haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga 2009-yil 1-yanvarga qadar axborot taqdim etsinlar.
12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari hamda Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitalari zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 17-iyul,
516-I-son
