Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (477-I-son)
28.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-mart,
477-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
Kirish
Oʻzbekiston Respublikasining ikki palatali parlamenti faol ishlab turgan sharoitda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) instituti oʻz ishini mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hayotni yanada demokratlashtirish va modernizatsiya qilish, huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, jamiyatda siyosiy partiyalar taʼsirining oʻsishi asnosida roʻy berayotgan jarayonlarga muvofiq ravishda, oʻzi faoliyat olib borayotgan oʻn ikki yillik davrda mamlakatimiz fuqarolarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish boʻyicha toʻplangan tajribadan, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari, shuningdek mansabdor shaxslar bilan oʻzaro hamkorlik qilish shakllari va mexanizmlaridan foydalangan holda amalga oshirdi.
Parlament palatalariga taqdim etilayotgan ushbu hisobot parlament Ombudsman institutining 2007-yildagi faoliyati yakunlarini, Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlarining turli jihatlarini taʼminlashning eng dolzarb masalalari boʻyicha muammolar tahlilini hamda ularni hal etish yoʻllarini, milliy va chet ellik sheriklar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlikning amaliy masalalari hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha axborot-maʼrifiy ishlarning oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga koʻmaklashish va mazkur hujjatlarga rioya etilishi monitoringi
Inson huquqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining roli katta boʻlib, u oʻziga berilgan vositalar yordamida nafaqat buzilgan huquqlarning tiklanishiga, balki Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini takomillashtirishga ham yordam bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining qonun hujjatlarini takomillashtirishga koʻmaklashishga qaratilgan faoliyati 2007-yilda quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshirildi:
qonun loyihalarini huquqiy ekspertiza qilish, parlament, hukumat, vazirliklar va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan qonun loyihalariga xulosalar tayyorlash;
Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari boʻyicha komissiyaning, Ekspert kengashining aʼzolarini, Vakil xodimlarini tegishli qonun loyihalarini ishlab chiqish uchun ishchi guruhlariga ekspertlar sifatida jalb etish;
inson huquqlari monitoringini oʻtkazish yakunlari boʻyicha qonunlar qabul qilish yoki amaldagi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlariga murojaat qilish.
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlamentga kiritilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari taqdim etgan qonun loyihalarini inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish maqsadida ekspertizadan oʻtkazdi. Chunonchi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ayrim moddalarining amal qilishini vaqtincha toʻxtatib turish haqida”gi (birinchi oʻqish), “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga qoʻshimcha kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga va “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 33-moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga va “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va boshqa qonun loyihalari oʻrganib chiqildi.
Ombudsmanning Qonunchilik palatasi va Senat qoʻmitalari bilan hamkorligi inson huquqlarining turli jihatlariga taalluqli qonun hujjatlarining ekspertizasini oʻtkazishdangina emas, balki inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishiga doir monitoringlar yakunlari boʻyicha axborot almashishdan, birgalikda uchrashuvlar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari tashkil etish va oʻtkazishdan, xususan parlamentning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi bilan inson huquqlari sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishdan iborat boʻldi. Adliya vazirligi bilan birgalikda milliy qonun hujjatlarini “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirish masalasiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, milliy sheriklar va chet ellik ekspertlar ishtirok etdilar.
Inson huquqlarining turli jihatlarini taʼminlash monitoringini oʻtkazish Ombudsmanning hisobot davridagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻldi.
Ombudsmanga agrar sohasidagi iqtisodiy munosabatlarga doir murojaatlarning koʻpayganligi “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq fermyerlar huquqlarining taʼminlanishi monitoringini oʻtkazish uchun asos boʻldi. “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalariga rioya etilishi monitoringi Toshkent viloyatining Piskent va Boʻka tumanlaridagi turlicha ixtisoslashgan (paxtachilik, chorvachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, sabzavot-polizchilik, uzumchilik) fermer xoʻjaliklari misolida oʻrganildi. 2007-yilning birinchi yarim yilligida Piskent tumanidagi 20 ta fermer xoʻjaligida va Boʻka tumanidagi 39 ta fermer xoʻjaligida fermyerlar huquqlarining taʼminlanishi monitoringi oʻtkazildi.
Monitoring yakunlari boʻyicha tayyorlangan tahliliy hisobotda fermyerlar huquqlariga rioya etilishiga doir amaldagi qonun hujjatlari qanday bajarilayotgani haqidagi axborot oʻz aksini topdi, qishloqdagi mehnat ahli oʻz faoliyatida duch kelayotgan muammolar aniqlandi, normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga hamda fermer xoʻjaliklari aʼzolarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tavsiyalar taʼriflab berildi.
Toʻplangan tajriba, monitoring materiallari 2008-yilda mamlakatimizning barcha mintaqalarida fermyerlarning huquqlari taʼminlanishi monitoringini oʻtkazish uchun asos boʻladi, bu ish mintaqaviy vakillar tomonidan adliya, prokuratura organlari, Oʻzbekiston Fermyerlar uyushmasining quyi tuzilmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarining bevosita ishtirokida amalga oshiriladi.
Hisobot yilida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi ishtirokida oʻtkazilgan monitoring yakunlari muhokama qilindi. Monitoringning maqsadi Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida mulkchilikning turli shakllariga mansub toʻqimachilik sanoati korxonalarida ishlayotgan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga amal qilinishini oʻrganishdan iborat boʻlgan edi.
Ishlab chiqilgan tavsiyalar bir qator kamchilik va nuqsonlarni, xususan, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini taʼminlashga qaratilgan amaldagi qonun hujjatlari qoidalari qoʻpol ravishda buzilishi, xotin-qizlarga va oilaviy majburiyatlar bilan band shaxslarga imtiyozlar berish haqidagi qonunchilik yoʻli bilan mustahkamlab qoʻyilgan qoidalarga, texnika xavfsizligini taʼminlash, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirish boʻyicha talablarga rioya etilmasligi hollarini bartaraf etishgina emas, balki kelgusida bunday kamchiliklarning oldini olish, shuningdek xotin-qizlarning mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridan huquqiy xabardorligini oshirish, mulkchilikning turli shakllaridagi ishlab chiqarishda ishtirok etuvchi ayollarning huquqlarini tushuntirish va himoya qilish yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlari hamda xotin-qizlar kengashlarining ishini kuchaytirishga qaratilgan tavsiyalar taqdim etish imkoniyatini berdi.
Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish hamda buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash sohasidagi faoliyat
Oʻzbekiston fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el fuqarolarining shikoyatlarini hal etish, shuningdek ularning buzilgan huquqlarini tiklashda koʻmaklashish Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri boʻlib, bu vazifa davlat organlari, shu jumladan sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Turli davlat organlariga murojaat etishdan iborat oʻz konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, 8611 fuqaro Ombudsman institutiga oʻz shikoyat va arizasini yoʻlladi, shu jumladan mintaqaviy vakillarga 1244 ta, markaziy idoraga 7367 ta shikoyat va ariza tushdi, bunda 5372 ta murojaat mamlakatimiz hududlaridan (murojaat etganlarning 2848 nafari ayollar), 19 tasi penitensiar muassasalardan olindi, 17 ta murojaatda murojaat yoʻllovchining manzili koʻrsatilmagan, 1250 tasi takroran yoʻllangan. 715 ta murojaatga “ishonch telefoni” orqali yuridik va boshqa maslahatlar berildi. Fuqarolarning qonuniy manfaatlari buzilishlari toʻgʻrisida Inson huquqlari boʻyicha vakilning markaziy idorasiga tushgan shikoyatlardan 2053 tasi nazoratga olindi. Bunda 1499 tasi koʻrib chiqilib, shu jumladan 360 tasi ijobiy hal etildi, qolgan 554 tasi koʻrib chiqishda boʻlib, hal etilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili nomiga tushgan murojaatlardan 1248 tasi qabul vaqtida tushdi, shuningdek 544 ta jamoaviy shikoyat olindi.
Ombudsman tomonidan shaxsan 14 ta qabul oʻtkazilib, ularda murojaat etganlardan 236 nafari qabul qilindi, bunda 100 ta shikoyat nazoratga olindi, 82 ta murojaat boʻyicha maslahat va tushuntirish berildi. Fuqarolarning 8 ta murojaati Ombudsmanga saylovchilardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari va Qonunchilik palatasi deputatlari orqali topshirildi. Shuningdek Vakilga turli davlat organlari, jamoat tashkilotlari, advokatlar va ommaviy axborot vositalari orqali topshirilgan murojaatlar soni koʻpaydi.
Shuningdek Inson huquqlari boʻyicha vakil tomonidan mamlakat mintaqalariga, shu jumladan Buxoro, Namangan, Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlariga borib, fuqarolar qabuli oʻtkazildi. Fermyerlar huquqlarini taʼminlash monitoringini oʻtkazish jarayonida Ombudsman Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo tumani, Andijon viloyatining Asaka, Namangan viloyatining Namangan, Toshkent viloyatining Boʻka va Piskent tumanlari qishloq xoʻjaligi xodimlari bilan uchrashdi. Joylarda boʻlgan davrda mahalliy hokimiyat organlari, Oʻzbekiston Fermyerlar uyushmasining mintaqaviy boʻlimlari va Inson huquqlari boʻyicha vakilning mintaqaviy vakillari faoliyatida inson huquqlarini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Mintaqalarning, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning rahbarlari bilan uchrashuvlar ham tashkil etildi, penitensiar tizimi muassasalari monitoringi oʻtkazildi.
Inson huquqlari boʻyicha vakil tomonidan 8 ta xulosa tayyorlanib, shularning 4 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga, 1 tasi Toshkent viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Fuqarolar oʻzlari uchun muhim boʻlgan muammolarni bayon qilish huquqini roʻyobga chiqargan holda nafaqat anʼanaviy usullardan, balki Internet va faksimil aloqa imkoniyatlaridan foydalanib, Oʻzbekistonning barcha mintaqalaridan turli masalalarga doir oʻz shikoyatlarini parlament Ombudsmani manziliga yoʻllaganlar. Fuqarolarning eng koʻp murojaatlari Toshkent shahridan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent va Samarqand viloyatlaridan yoʻllangan.
Fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga murojaatlarida, oʻtgan yilda boʻlganidek, asosan ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarni taʼminlash 2082 ta (38,8%), erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, insoniy muomalada boʻlish va shaxsiy qadr-qimmatni hurmat qilish 1210 ta (22,5%), sudda ishning adolat bilan koʻrib chiqilishi huquqiga rioya etish 1164 ta (21,7%) bilan bogʻliq muammolar koʻtarildi.
Oʻzbekiston fuqarolarining murojaatlaridan tashqari chet davlatlar fuqarolari va ombudsmanlaridan ham 42 ta shikoyat tushdi.
Hisobot yilida takroriy murojaatlar soni oʻtgan yildagiga qaraganda murojaatlarning umumiy soniga nisbatan koʻpaydi (2006-yilda — 878 ta, 2007-yilda 1250 ta), bu ayrim mahalliy hokimiyat tuzilmalari va boshqaruv organlari parlament Vakili yuborgan shikoyatlarga yetarlicha eʼtibor bermaganligini hamda samarasiz hal etganligini koʻrsatadi. Vaholanki, Vakil ularni davlat hokimiyati organlari jumlasidan boʻlgan milliy sheriklar, shu jumladan sud va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar bilan hamkorlikda hal etishga intilgan edi. Shu bilan bir vaqtda, koʻrib chiqilishi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili vakolatiga kirmaydigan murojaatlar soni koʻpaydiki, bu, birinchidan, mutasaddi organlar va shaxslar fuqarolarning arizalarini hal etish yuzasidan zarur choralar koʻrmayotganliklarini, ikkinchidan, demokratik davlatda inson huquqlarini himoya qiluvchi qoʻshimcha institut boʻlgan parlament Ombudsmanining vazifalari va imkoniyatlarini tushuntirish ishlari yetarli emasligini hamda aholini huquqiy axborotdan voqif etish ishida kamchiliklar borligini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonda samarali boshqaruvning jahon standartlari keng joriy etilayotganligi hamda sud-huquq va maʼmuriy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar Ombudsman murojaatlari va xabarlariga munosabat bildirish jihatidan barcha darajalardagi mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirdi. Bu arizachilar tomonidan koʻtarilayotgan muammolar tezkorlik va puxtalik bilan hal etilishida, shuningdek murojaatlarni koʻrib chiqish yakunlari xususida fuqarolarning parlament Vakili tomonidan oʻz vaqtida va asoslantirilgan holda xabardor qilinishida oʻz ifodasini topdi.
Shu bilan birga, murojaatlarga berilayotgan javoblardan kelib chiqqan holda tan olish kerakki, Oʻzbekiston aholisi va chet ellik fuqarolarning murojaatlariga javob berish tartib-taomili hamda muddatlarini buzayotgan, ularni hal etish uchun quyi idoralarga asossiz va nazoratsiz oʻtkazib yuborayotgan ayrim mansabdor shaxslarning yuzaki munosabatda boʻlishi hamda javoblar uning oʻrinbosarlari va quyi boʻlinmalari rahbarlari tomonidan imzolanishi hollari barham topgani yoʻq. Bu holat fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisidagi hamda fuqarolar va hokimiyat tuzilmalari oʻrtasidagi bogʻlovchi element boʻlgan Ombudsman toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarning talabchanligi hamda javobgarligini oshirish zarurligini koʻrsatadi.
Fuqarolarning parlament Ombudsmaniga tushgan murojaatlarini tahlil qilish inson huquqlari va erkinliklari buzilishiga toʻsiq boʻluvchi taʼsirchan mexanizmlarni kuchaytirishga qaratilgan va quyidagilarni oʻz ichiga oladigan tadbirlarni kengaytirish zarurligidan dalolat beradi:
davlat organlari mansabdor shaxslarining huquqni qoʻllash faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish yoʻnalishida parlament nazoratining barcha shakllarini rivojlantirish va chuqurlashtirish;
fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari, shu jumladan sud va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar ishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish;
davlat organlari va jamoat sektorining fuqarolar huquqiy ongini oshirish, jamiyatning barcha qatlamlariga huquqiy bilim berishning keng qamrovli tizimini rivojlantirish sohasidagi faoliyati muvofiqlashtirilishini bundan buyon ham taʼminlash.
Ombudsman mintaqaviy vakillarining faoliyati
Islohotlarni chuqurlashtirish va turmushning barcha tomonlarini modernizatsiya qilish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili mintaqaviy vakillarining faoliyatini yangicha mazmun bilan boyitishga koʻmaklashdi. Ular mahalliy hokimiyat organlari, oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish, aholini, shu jumladan turli darajadagi mansabdor shaxslarni huquqiy axborotdan xabardor qilish, fuqarolar manfaatlarini taʼminlash va himoya qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan kuch-gʻayratni birlashtirish boʻyicha mazkur institut mavjud boʻlib turgan yetti yillik davrda shakllangan yondashuvlar va ish uslublarini faol qoʻllaydigan boʻlib qoldilar.
Joylarda fuqarolarning murojaatlarida bayon qilingan ularning huquqlari buzilishlarini hal etish va oldini olish Ombudsman mintaqaviy vakillari faoliyatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Mintaqaviy vakillarga tobora koʻproq tushayotgan, shuningdek Ombudsman Kotibiyatidan yoʻllanayotgan murojaatlarning sabablari va xususiyatini izchil oʻrganib borish fuqarolar, birinchi navbatda, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarga rioya etilishi va bu huquqlarning taʼminlanishi masalalarida Ombudsmanning mahalliy vakillariga murojaat etayotganliklaridan dalolat beradi.
2007-yilda parlament Ombudsmanining mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolarning 1244 ta murojaati qabul qilib olindi, ulardan bir qismi hal etildi, qolganlari yuzasidan huquqlarni himoya qilish usullari va vositalari tushuntirildi, ularning vakolatiga kirmaydigan bir qator murojaatlar koʻrib chiqish uchun markaziy idoraga yuborildi.
Bir qator mintaqalarda, xususan, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida fuqarolarning Ombudsman vakillariga murojaatlari soni oshganligi aholining huquqiy savodxonligi oʻsganligidan va ularning mahalliy hokimiyat organlari, oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatiga, shu jumladan “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining bajarilishini taʼminlash boʻyicha faoliyatiga munosabati yaxshi tomonga oʻzgarganligidan dalolat beradi. Inson huquqlari va manfaatlariga rioya etilishi sohasida vujudga kelgan vaziyat haqida mintaqaviy vakillar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida axborot berib bormoqdalar. Ombudsman mintaqaviy vakillarining Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida normativ-huquqiy hujjatlarning murojaatlar bilan ishlash masalasiga taalluqli qoidalarini aholiga tushuntirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boʻlinmalari bilan birgalikdagi faoliyati markaziy organlarga yoʻllanadigan asossiz va takroriy shikoyatlar sonini qisqartirish borasida ijobiy natijalar berdi.
Fuqarolarning Ombudsman mintaqaviy tuzilmalariga murojaatlari xususiyati murojaatlarning aksariyati ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarni, sudda ishlarning adolat bilan koʻrib chiqilishiga boʻlgan huquqlarni, erkinlik va shaxsiy daxlsizlikni taʼminlashga, hokimiyat va oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatiga taalluqli ekanligini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan muntazam uslubiy yordam koʻrsatilishi, resurslar bilan va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlanish, chet ellik hamkasblar bilan tajriba almashish imkoniyatlari Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga oʻz malakalarini oshirish, ichki ishlar, prokuratura, adliya, sogʻliqni saqlash organlari, kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan birgalikda shikoyatlarni tekshirish va tadbirlar oʻtkazish, inson huquqlari monitoringini, oʻquv yurtlarida muntazam uchrashuvlarni oʻtkazish, mintaqalar aholisiga huquqiy axborotni yetkazishning turli jihatlari xususida huquq-tartibot tuzilmalarning, ommaviy axborot vositalarining xodimlari bilan suhbatlar oʻtkazish boʻyicha samarali faoliyat olib borish imkoniyatini bermoqda.
Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining koʻp qirrali faoliyati barcha yoʻnalishlarda inson huquqlari turli mezonlarini taʼminlash va himoya qilish boʻyicha oʻz vazifalarini bajarish uchun davlat organlari bilan ham, fuqarolik jamiyati institutlari bilan ham oʻzaro faol hamkorlik qilishni nazarda tutadi.
2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasi bilan ishlash yangicha mazmun bilan boyidi. Jumladan, Vakil parlament Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida milliy qonun hujjatlarini “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirish masalalariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazdi, suhbatda chet ellik ekspertlar va Oʻzbekiston Ombudsmanining xorijiy hamkasblari qatnashdilar. Ombudsman instituti vakillarining qonun ijodkorligi jarayonida hamda nazorat-tahlil faoliyatida, parlament palatalari qoʻmitalarining, milliy sheriklarning turli darajadagi tadbirlarida ishtirok etishi barqaror anʼanaga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar, Adliya va Sogʻliqni saqlash vazirliklari hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan imzolangan bitimlarga muvofiq faol hamkorlik davom ettirilib, bu hamkorlik aholiga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari hamda xodimlariga, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillariga inson huquqlari sohasidagi huquqiy axborotni yetkazishga doir tadbirlarni amalga oshirishdan, qonun hujjatlarini takomillashtirish va huquqni qoʻllash yuzasidan takliflar taqdim etishdan, inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringlarini amalga oshirishdan, fuqarolarning oʻz huquqlari va erkinliklari buzilganligi haqidagi shikoyatlari hamda arizalari boʻyicha birgalikda tekshirishlar oʻtkazishdan, materiallarni eʼlon qilish va adabiyotlar nashr etishdan iborat boʻldi.
Ombudsmanning huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlariga rioya etilishining ahvolini oʻrganish boʻyicha Idoralararo ishchi guruhiga aʼzoligidan milliy sheriklarni Vakil instituti tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlar haqida toʻlaroq xabardor qilish, Oʻzbekiston Respublikasining konvensiyalardan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarishga doir harakatlarning milliy rejalari doirasida inson huquqlarining turli mezonlarini taʼminlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish hamda maxsus maʼruzalarni tayyorlash uchun foydalanildi.
Prezident I. Karimov tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etilganligining 15 yilligi arafasida parlament Vakili bilan mazkur oliy oʻquv yurti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu tarkib topgan oʻzaro munosabatlarni oldingi aloqalar va ijobiy anʼanalarni saqlab qolgan holda shartnoma asosida uzoq muddatli oʻzanga oʻtkazish imkoniyatini berdi. Shunga koʻra, ana shu oliy oʻquv yurtini bitiruvchilar Ombudsman Kotibiyati xodimlari shtatiga qabul qilinadi, uning talabalari har yili Vakil idorasida amaliyotni oʻtaydilar va ish oʻrganadilar, oʻqituvchilar va xodimlari jamoatchilik Ekspert kengashi faoliyatida va Ombudsman tadbirlarida faol ishtirok etadilar.
Inson huquqlari boʻyicha Vakil sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda oʻz oʻrnini aniqlab olgan holda, milliy sheriklar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda chet ellik sheriklar va mutaxassislar ishtirokida “Ombudsmanning sudlar va ijro etuvchi organlar bilan hamkorligi: tajriba va muammolar” mavzuida konferensiya oʻtkazdi. Konferensiya “Ombudsman instituti va parlament, ijro etuvchi hokimiyat”, “Ombudsmanning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud hokimiyati bilan hamkorligi”, “Ombudsman va fuqarolik jamiyati”, “Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha davlat organlari tizimidagi roli” deb ataluvchi toʻrtta plenar sessiyadan iborat boʻldi. Bunda asosiy eʼtibor 2008-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kirgan oʻlim jazosi bekor qilinishi va “habeas sorpus” instituti joriy etilishiga taalluqli yangi qonunlarni amalga oshirish mexanizmlariga qaratildi. Bu yangi qonunlar amalga oshirilishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini himoya qilishning huquqiy maydoni kengayishi sharoitida Ombudsmanning sudlar va ijro etuvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligi gʻoyat muhim ekanligini tasdiqlaydi.
Parlament Ombudsmani Konstitutsiyaviy sud va viloyat hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahrida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʻn besh yilligi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazdi. Konferensiyani oʻtkazishdan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalariga rioya etilishi boʻyicha huquq normalarini qoʻllash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va muhokama qilishdan, insonning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlar, Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi sohasidagi ishlar haqida jamoatchilikni xabardor etishdan iborat boʻldi. Konferensiya ishida va munozaralarda parlament aʼzolari, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar xodimlaridan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, mintaqadagi nodavlat notijorat tashkilotlari, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlar, Samarqand viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida tuzilgan hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim doirasida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan birgalikda, shuningdek nodavlat notijorat tashkiloti — Oʻzbekiston vrachlar uyushmasi ishtirokida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida penitensiar muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning ham, tizimning oʻz xodimlarining ham tibbiy xizmat koʻrsatilishiga boʻlgan huquqlariga rioya etilishi oʻrganildi.
Ombudsman tashabbusi bilan mamlakatimiz mintaqalarida oʻtkazilayotgan sayyor seminar-konferensiyalar doirasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fuqarolik jamiyatini oʻrganish instituti, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Advokatlar uyushmasi va boshqalar bilan oʻzaro hamkorlik kuchaydi.
Ombudsman va uning vakillari keng darajadagi masalalar boʻyicha Mintaqaviy siyosat fondi oʻtkazayotgan tadbirlarda faol ishtirok etdilar. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Fermyerlar uyushmasi, Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, “Mahalla”, “Sen yolgʻiz emassan” jamgʻarmalari, “Ijtimoiy fikr” markazi kabi jamoat tashkilotlari bilan aloqalar va oʻzaro hamkorlik davom ettirildi.
Ombudsman institutining Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” davriy nashridagi, shuningdek parlamentning, milliy sheriklarning jurnal va gazetalaridagi ishtiroki kuchaydi. Huquqiy bilimlarni hamda Inson huquqlari boʻyicha vakil faoliyatini targʻib qilishda parlament va hukumat nashrlaridan tashqari, jamoatchilik fikrini shakllantirish va aholining keng qatlamlari bilan aloqada boʻlishning muhim vositalari sirasiga kiruvchi mustaqil nashrlar (“Novosti Uzbekistana”, “Uzbekistan today”, “Uz Report”, “Press-uz. info” va boshqa) hamda siyosiy partiyalarning ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan ham foydalanildi.
Nazorat-tahlil faoliyati xulosalari va parlament Ombudsmanining milliy sheriklari mavjudligi xalqaro amaliyotga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili tuzilmasida qoʻshimcha jamoatchilik instituti – ixtisoslashtirilgan ombudsmanlarni shakllantirish imkoniyatini berdi. Hozirgi vaqtda bunday inson huquqlarini himoyalash tuzilmalari tayanch tashkilotlarda tibbiyot muassasalarining bemorlari va vrachlari, oliy oʻquv yurtlarining talabalari va professor-oʻqituvchilari, jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar, gumon qilinuvchilar va ushlab turilgan shaxslarning huquq hamda manfaatlarini taʼminlash uchun taʼsis etilgan.
Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohot fuqarolarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishiga hamda ularning bemor sifatidagi huquqlari “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq himoya qilinishini taʼminlashga yangi talablar qoʻydi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan imzolangan Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida taʼsis etilgan davolanuvchi nogiron bolalarning, tez va shoshilinch yordam koʻrsatish xizmatidan foydalanuvchilarning huquqlari boʻyicha ombudsmanlar oʻzlari tibbiyot xodimlari boʻlganlari uchun “bemor – shifokor” ishonch munosabatlarini oʻrnatishda muassasalar maʼmuriyatlariga jiddiy yordam koʻrsatmoqdalar, kasalxonalar mehnat jamoalarida maqbul munosabatlarni saqlab turishga koʻmaklashmoqdalar, huquqiy targʻibot yoʻnalishida tushuntirish va axborot-tarbiya ishlarini olib boribgina qolmay, balki kasbiy bilimlarni oshirish borasida koʻmaklashmoqdalar.
Hisobot davrida ular maʼmuriyat bilan birgalikda murojaatlarni koʻrib chiqishda faol ishtirok etdilar, murojaatlarning aksariyati boʻyicha tushuntirish va maslahatlar berildi, zarur choralar koʻrildi. Mazkur ombudsmanlar Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining uslubiy rahbarligi ostida ishladilar, muayyan masalalarni hal etish yuzasidan Vakilning Toshkent shahri, Andijon va Samarqand viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari bilan hamkorlik qildilar.
Parlament Vakili homiyligida universitetlarning ham ombudsmanlari tuzildi. Mamlakatimizdagi toʻrtta nufuzli oliy oʻquv yurti — Milliy universitet, Toshkent agrar universiteti, Samarqand davlat universiteti va tibbiyot instituti Ilmiy kengashlarining qarorlari bilan tuzilgan ombudsmanlar oʻquv-tarbiya jarayoniga koʻmaklashmoqdalar, shu oʻquv yurtlarining maʼrifiy ishlari va madaniy hayotida faol ishtirok etmoqdalar. Ombudsmanlar rektoratlar, boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda talabalar, oʻqituvchilar hamda xodimlarning shikoyat va takliflarini koʻrib chiqib, tarbiyaviy-huquqiy tadbirlarni oʻtkazish tashabbuskorlari boʻlgan holda, jamoa bilan maʼmuriyat oʻrtasida hamohang munosabat oʻrnatilishiga koʻmaklashmoqdalar. Bu oʻquv yurtlarining ombudsmanlari koʻrib chiqqan murojaatlar yuzasidan tushuntirishlar berilgan yoki rektoratlar va dekanatlarning qarorlari qabul qilingan. Universitetlar ombudsmanlari markaziy idoraning yoki mintaqaviy vakillarning barcha tadbirlarida ishtirok etdilar.
Ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni oʻtayotgan shaxslarning huquqlariga rioya etilishini va ularning himoya qilinishini taʼminlash inson huquqlari monitoringi mavzuini tanlashda parlament Ombudsmani faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning 4-moddasida belgilab qoʻyilganki, ayblanuvchilar, hibsga olinganlar va mahkumlarning huquqlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining jazoni ijro etish muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining vakillari (mahkumlar huquqlari boʻyicha ombudsman) taʼsis etilishi mumkin. Uchta tajribaviy-tayanch tashkilot — Zangiota tarbiya va ayollar koloniyalari, Buxoro shahar tergov hibsxonasi belgilab olindi, bu muassasalar ombudsmanligiga nomzodlar tanlandi. Mazkur ombudsmanlar Inson huquqlari boʻyicha vakil instituti mamlakatimizdagi va chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda mintaqaviy vakillar hamda ekspertlar uchun oʻtkazayotgan tadbirlarda ishtirok etdilar. Bolalar koloniyasi va tergov hibsxonasi ombudsmanlari Oliy Majlis Vakilining penitensiar tizim muassasalarida oʻtkazilayotgan doimiy monitoringida ishtirok etdilar. 2008-yilda bir qator chet davlatlarning mazkur sohadagi ixtisoslashtirilgan ombudsmanlari idoralarida ularning oʻquvi va ish oʻrganishini tashkil etish rejalashtirilgan.
Axborot-maʼrifiy faoliyat
Huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.
“Inson huquqlariga rioya etilishi va ularning muhofaza qilinishini taʼminlash sohasida Ombudsman bilan davlat organlari va nohukumat tashkilotlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari” hamda “Nazoratni tashkil etish va mahbuslarning huquqlariga rioya etilishi sohasida jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish” mavzularidagi sayyor seminar-konferensiyalar 2007-yil mobaynida davom ettirilib, bunga qoʻshimcha ravishda penitensiar muassasalarda monitoring va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan uchrashuvlar, hokimliklar xodimlari, fermyerlar, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻquvchilari, jamoat tashkilotlari vakillari bilan suhbatlar oʻtkazildi.
2007-yil 27-noyabrda Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalariga rioya etilishi boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, insonning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash va ularni himoya qilish boʻyicha Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida jamoatchilikni xabardor qilishga doir takliflarni ishlab chiqish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʻn besh yilligi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Konferensiya ishida parlament aʼzolari, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining xodimlaridan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, mintaqaviy nodavlat notijorat tashkilotlari, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlar, Samarqand viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Parlament Ombudsmani tomonidan milliy hamkorlar va EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar Koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ombudsmanning sud va ijro etuvchi organlar bilan oʻzaro hamkorligi: tajriba va muammolar” mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Yangi qonunlarning amalga oshirilishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish huquqiy maydoni kengaytirilishi sharoitida Ombudsmanning sudlar va ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish borasidagi milliy tajriba haqida Oʻzbekiston parlamenti deputatlari va senatorlar, Adliya va Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura, Oliy sud, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa milliy sherik tashkilotlar vakillari, ombudsman institutlari faoliyatining xorijiy amaliyoti haqida esa Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati, Slovakiya Respublikasi, Shimoliy Irlandiyadan kelgan hamkasblar maʼruzalar qildilar.
Inson huquqlari boʻyicha vakil tomonidan EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar Koordinatori bilan hamkorlikda tayyorlangan, oʻzbek tilida nashr etilgan “Dunyo ombudsmanlari” toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu toʻplamga Yevropadagi (Ozarbayjon, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Litva, Polsha, Portugaliya, Niderlandiya, Chexiya, Slovakiya, Sloveniya, Shvetsiya, Estoniya), Shimoliy va Janubiy Amerikadagi (AQSh, Kanada, Meksika, Argentina) 20dan ortiq mamlakat, Avstraliya ombudsmanlari, olimlari va amaliyotchilarining materiallari, shuningdek Inson huquqlari boʻyicha vakil instituti qaror topishi va shakllanishining asosiy bosqichlarini aks ettiruvchi Oʻzbekiston tajribasi, Oʻzbekiston Ombudsmani toʻgʻrisidagi yangi qonun, Oliy Majlis Vakili chet el ombudsmanlari, xususan Rossiya, Shvetsiya, Ozarbayjon, Polsha, Latviya va Slovakiya ombudsmanlari bilan tuzgan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarning matnlari kiritildi.
Hisobot davrida Vakil, uning xodimlari va chet ellik sheriklari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuristlar malakasini oshirish Markazida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining oʻquv markazida chiqishlar qilib, ombudsman, parlament, shuningdek inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar haqida axborot berdilar.
Ombudsman va uning xodimlari yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga eʼtiborni kuchaytirib, talabalar auditoriyalarida tez-tez chiqishlar qildilar. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvni amalga oshirish doirasida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 15 yilligi arafasida mazkur oliy oʻquv yurti bitiruvchi kurslarining talabalari bilan navbatdagi “master-klass” mashgʻuloti oʻtkazildi. Shuni aytish kerakki, bunday mashgʻulotlarni oʻtkazish chogʻida Ombudsmanning oʻzi, Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi komissiyasi aʼzolari, Inson huquqlari boʻyicha vakil Kotibiyatining xodimlari ishtirok etishi nazarda tutilgan. Ishning bu shakli talabalarga bevosita “birinchi manbadan” axborot olish, Inson huquqlari boʻyicha vakil institutining amaliy ishi, inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish boʻyicha ish uslublari bilan tanishish imkoniyatini bermoqda, boshqa tomondan, tinglovchilarning savol va fikrlari Ombudsman instituti faoliyatining yangi shakllarini qidirib topishga koʻmaklashmoqda.
Ombudsmanning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi yanada kengaydi va chuqurlashdi. Vakil instituti faoliyati toʻgʻrisidagi materiallar matbuot va elektron ommaviy axborot vositalari, parlament va hukumat nashrlari, “Demokratlashtirish va inson huquqlari”, “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari”, “Advokat”, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Axborotnomasi”, “Qalqon” jurnallari, “Uzbekistan today”, “Novosti Uzbekistana”, “Ishonch” — “Doveriye” gazetalari hamda mintaqaviy matbuot, Internet tarmogʻida — OʻzA, “Jahon”, “Press-uz. info”, “Uz Report” axborot agentliklarining saytlarida, mahalliy televideniye va radiokanallari orqali yoritib borildi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik
2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi faoliyati Oʻzbekistondagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlaridan chet el jamoatchiligini xabardor qilishga, chet mamlakatlar ombudsmanlari hamda inson huquqlari boʻyicha institutlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qaratildi.
Chet mamlakatlar delegatsiyalarining tashriflarini va ularni qabul qilishni tashkil etish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ombudsman xalqaro aloqalari miqyosining muayyan koʻrsatkichi hisoblanadi. Oʻtgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili tomonidan rasmiy delegatsiyalarni, chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini kutib olishga, xalqaro nohukumat va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning vakillari bilan uchrashuvlar va suhbatlarga bagʻishlangan salkam 30 ta qabul oʻtkazildi. Yil mobaynida EXHT, Yevroparlament, AQSh Davlat departamenti, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi, Germaniya Bundestagi va Federal hukumati, shuningdek Ispaniya, Rossiya, Ozarbayjon, Slovakiya, Shimoliy Irlandiya (Buyuk Britaniya), Sverdlovsk viloyati (Rossiya) rasmiy delegatsiyalari, Italiya, Niderlandiya, Slovakiya, AQSh, Fransiya, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchilari, EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar Koordinatori, Oʻzbekistondagi “Yevropa uyi” rahbari qabul qilindi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar va chet mamlakatlarning nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Ombudsman “Xyuman Rayts Votch”, K. Adenauer va F. Ebert nomidagi jamgʻarmalar, Sharqiy Kentukki universitetining “Ochiq muloqot” loyihasi delegatsiyalari bilan uchrashuv va suhbatlar tashkil etdi.
Xalqaro ombudsman muassasalari bilan Xalqaro ombudsman instituti hamda Yevropa ombudsman instituti doirasida yaqin hamkorlik aloqalari davom ettirildi. Xalqaro ombudsman muassasalari bilan hamkorlik ombudsman instituti toʻgʻrisida axborot, materiallar, adabiyotlarni ayirboshlash, rahbar organlarning saylanishi hamda inson huquqlari va ombudsmanlar faoliyati masalalariga bagʻishlangan tadbirlarda qatnashish orqali amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro ombudsman institutining vitse-prezidenti, Shimoliy Irlandiya ombudsmani T. Froli “Ombudsmanning sud va ijro etuvchi organlar bilan oʻzaro hamkorligi: tajriba va muammolar” mavzuidagi xalqaro konferensiyada faol ishtirok etdi.
Hisobot davrida Ombudsman “Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorligi qoʻmitasining 2007-yil 19-20-mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan oltinchi majlisi ishida ishtirok etdi. Majlis kun tartibiga boshqa masalalar bilan bir qatorda demokratik institutlarning shakllanishi va inson huquqlariga rioya etilishi masalalari kiritilgan boʻlib, ushbu masalalar yuzasidan Ombudsman tomonidan axborot taqdim etildi va keng fikr almashildi.
2007-yilda chet mamlakatlar ombudsmanlari va inson huquqlari boʻyicha institutlar bilan oʻzaro hamkorlik davom ettirildi. Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari boʻyicha vakil bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni roʻyobga chiqarish maqsadida Oʻzbekiston Ombudsmani delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi amalga oshirildi. Hisobot davrida, shuningdek “Ombudsmanning sud va ijro etuvchi organlar bilan oʻzaro hamkorligi: tajriba va muammolar” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishida ishtirok etish uchun Sverdlovsk viloyatidagi (Rossiya) Inson huquqlari boʻyicha vakil T.G. Merzlyakova boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi. Konferensiyada inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari va jamoat tuzilmalarining oʻzaro hamkorligi borasidagi Rossiya tajribasi haqida axborot tinglandi. Tashrif doirasida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari uchun fuqarolar shikoyatlarini koʻrib chiqish va tekshirish uslubiyotini takomillashtirish masalalari boʻyicha seminar-trening oʻtkazildi.
Uzoq muddatli aloqalar oʻrnatish hamda ularga muntazamlik xususiyatini baxsh etish maqsadida 2007-yil iyul oyida Ombudsmanning birinchi oʻrinbosari M.L. Kava de Llano boshchiligidagi Ispaniya Xalq himoyachisining delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, mehmonlar ombudsman toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalasiga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati ishida ishtirok etdilar. 2007-yil oktyabr oyida Xalq himoyachisining taklifiga binoan va EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar Koordinatorining qoʻllab-quvvatlashi tufayli Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili delegatsiyasining Ispaniyaga tashrifi amalga oshirildi. Tashrif chogʻida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim imzolandi. Bitim inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi faoliyat haqida axborot, materiallar ayirboshlashni, ikkala mamlakat fuqarolarining huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilishni, inson huquqlari masalalari yuzasidan birgalikda tadqiqotlar, konferensiyalar, seminarlar, maslahatlashuvlar oʻtkazishni nazarda tutadi.
Hisobot davrida seminarlar, konferensiyalar oʻtkazish, kitoblar nashr etish va chet ellik ekspertlarni taklif etish borasida Konrad Adenauer nomidagi Jamgʻarmaning mintaqaviy vakilligi va EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar Koordinatori bilan hamkorlik davom ettirildi.
Hisobot yilida Inson huquqlari boʻyicha vakilga chet ellik hamkasblardan insonning huquq va erkinliklarini tiklashga yordam berish masalalari boʻyicha 42 ta murojaat hamda soʻrov tushdi. Shu jumladan, Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari boʻyicha vakildan, Astraxan, Kaliningrad, Perm, Sverdlovsk, Smolensk viloyatlaridagi inson huquqlari boʻyicha mintaqaviy vakillar, Ozarbayjon Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha vakili, Qozogʻiston Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha vakili, Moldova Parlament advokati, Qirgʻiz Respublikasi Ombudsmani, Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina fuqarolaridan murojaat va soʻrovlar keldi.
2007-yilda Oʻzbekiston Ombudsmani faoliyati toʻgʻrisida xalqaro jamoatchilikni tezkor xabardor qilib borish maqsadida axborot va materiallarni axborot agentliklarining, inson huquqlarini himoya qiluvchi institutlarning saytlarida, ombudsman tashkilotlarining yangiliklar sahifalarida joylashtirish ishlari davom ettirildi.
Xulosa
Mamlakat hayotida voqealarga boy boʻlgan 2007-yil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) instituti uchun jiddiy faoliyat bosqichi boʻldi.
Hisobot yili boshida parlament Ombudsmani tomonidan oʻz faoliyatini yanada rivojlantirish uchun belgilab olingan ustuvor yoʻnalishlar, xususan, milliy qonunchilikni takomillashtirishda koʻmaklashish, birinchi navbatda, sheriklik va hamkorlik prinsiplari asosida fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini taʼminlash borasida faoliyat yoʻnalishlarini kengaytirish hamda davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, insonning turli toifadagi huquqlariga rioya etilishi sohasidagi monitoring tadqiqotlarini chuqurlashtirish va samaradorligini oshirish, xalqaro eʼtirof etilgan standartlarga muvofiq ombudsman instituti barcha tuzilmalarining huquqiy maqomini mustahkamlash va faoliyatning samaradorligini taʼminlash 2007-yil Ijtimoiy himoya yili deb eʼlon qilinganligi hisobga olingan holda amalga oshirildi.
Biroq parlament Ombudsmani institutining huquqiy maqomini mustahkamlash hamda uning faoliyatini normativ hujjatlar va bugungi kun talablariga muvofiq taʼminlash yoʻnalishidagi vazifalarning bir qismi hal etilmay qoldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) instituti 2008-yilda oʻzi uchun quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilaydi:
mamlakatimiz fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga taalluqli milliy qonun hujjatlarini takomillashtirishga koʻmaklashish;
2008-yil Yoshlar yili deb eʼlon qilinganligini hisobga olgan holda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish boʻyicha davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish;
xalqaro eʼtirof etilgan standartlarga muvofiq ombudsman instituti barcha tuzilmalarining huquqiy maqomini mustahkamlash hamda samarali faoliyatini taʼminlash;
jahonshumul ahamiyatga molik voqealarni — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligi hamda dunyoda ombudsman instituti taʼsis etilganligining 200 yilligini inobatga olib, xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining faoliyati davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari, shuningdek xalqaro va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan samarali hamkorlik olib borilgan holda Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlatni shakllantirish jarayonlari bilan bevosita bogʻliq boʻldi, inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish boʻyicha davlat siyosati gʻoyalarini faollik bilan roʻyobga chiqarishga yaqindan koʻmaklashishga qaratildi.
