Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2010 – 2012-yillar va 2013-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (KQ-101-II-son)
11.12.2013
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2010 — 2012-yillar va 2013-yilning oʻtgan davridagi (bundan buyon matnda hisobot davri deb yuritiladi) faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi shuni qayd etadiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan fan, taʼlim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy muhofaza qilish, madaniyat, sport sohasidagi davlat siyosatini qonuniy jihatdan taʼminlashga, ularning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, qonunlarning hamda dasturlarning ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Qoʻmita tomonidan oʻz vakolatlari doirasida axborot sohasini isloh qilishga, aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatilishini rivojlantirishga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan kengroq foydalanishga, intellektual mulkni himoya qilishga, fuqarolar salomatligini muhofaza qilishni yanada takomillashtirishga, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning normativ-huquqiy asoslarini yaratishga, davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini, fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirishga qaratilgan hamda boshqa sohalarga oid 21 ta masala, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining 17 ta qonuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlislarida koʻrib chiqish uchun kiritildi. Har yili Senatning yalpi majlislari muhokamasiga kiritiladigan ish oʻrinlarini tashkil etish hamda aholi bandligini taʼminlashning 2011, 2012 va 2013-yillarga moʻljallangan dasturlariga oid Senat qarorlari loyihalarining tayyorlanishi taʼminlandi, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining mamlakat mintaqalaridagi ijrosi toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan parlament eshituvlari oʻtkazildi.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan jami 22 ta nazorat-tahlil tadbiri, shu jumladan 3 ta parlament eshituvi oʻtkazildi. Bundan tashqari 4 ta konferensiya, 11 ta davra suhbati va 8 ta seminar oʻtkazildi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining axborot sohasini isloh qilish, axborot va soʻz erkinligini taʼminlash, mualliflik huquqi va intellektual mulkni himoya qilish qismida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Qoʻmita tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining normalari va talablari ijro etilishining borishini muhokama qilishga bagʻishlangan qator sayyor qoʻshma majlislar – “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonun yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun yuzasidan — Qashqadaryo, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonun yuzasidan — Buxoro va Namangan viloyatlarida, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun yuzasidan Navoiy viloyatida oʻtkazilib, tegishli qoʻshma qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, Senatda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi bilan birgalikda “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi hamda “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining Toshkent shahri va Buxoro viloyatlarida ijrosi yuzasidan parlament eshituvlari oʻtkazildi. Axborotlashtirish va intellektual mulk toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining muayyan idoralarda ijro etilishini, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini media-makonga keng joriy etish sohasidagi davlat dasturlarining joylarda bajarilishining borishini, ommaviy axborot vositalari nodavlat sektorining rivojlantirilishini oʻrganish yakunlari Qoʻmitaning Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasidagi sayyor majlisida koʻrib chiqildi. Yuqorida koʻrsatilgan tadbirlar qatorida Qoʻmita tomonidan Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosining tahliliga bagʻishlangan ikkita konferensiya, uchta davra suhbati va uchta seminar oʻtkazildi.
Aholining bandligini, hayot darajasi va sifatini, mehnat salohiyatidan samarali foydalanilishini taʼminlash, ularning hal etilishi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyatini kuchaytirish masalalari hisobot davrida Qoʻmitaning xalq deputatlari Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyat Kengashlari bilan birgalikdagi sayyor majlislarda muhokama etildi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining Toshkent shahrida ijro etilishini oʻrganish yakunlari Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi, Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi bilan birgalikda 2012-yil 8-iyunda Toshkent shahar hokimligida oʻtkazilgan Qoʻmitaning majlisida muhokama etildi. 2013-yilning birgina oʻn oyi mobaynida Qoʻmita aʼzolarining ishtirokida Toshkent shahrining Sergeli, Uchtepa, Shayxontohur, Hamza va Yunusobod tumanlarida 30 dan ziyod tadbir oʻtkazilib, milliy qonun hujjatlarining ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot hamda aholini, ayniqsa yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash singari dolzarb masalalar muhokama etildi.
Qoʻmitaning nazorat-tahlil faoliyati yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlar hamda tavsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga yuborildi. “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining yangi tahrirdagi loyihalarini ishlab chiqish, axborot sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir har tomonlama oʻrganilgan va asoslab berilgan qator takliflar tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotgan paytda qonunchilik tashabbusi subyektlari tomonidan hisobga olindi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari koʻrildi.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari Senat, uning Kengashi, qoʻmitalari va Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan uyushtirilgan 4 975 (2010-yilda — 940, 2011-yilda — 1 251, 2012-yilda — 1 319, 2013-yilning oʻtgan davrida — 1 465) ta tadbirda ishtirok etib, 4 702-marta maʼruzalar bilan soʻzga chiqdilar. Qoʻmita aʼzolari oʻz mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish oʻrinlarini tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlash singari dolzarb masalalarni hal etishda faol ishtirok etdilar. Qoʻmita raisi M. Xujamberdiyev, Qoʻmita raisining oʻrinbosari G. Muhamedov, Qoʻmita aʼzolari S. Ismoilov, I. Mirzaaliyev, Z. Adizov, R. Majidov, N. Togʻayeva, P. Matkarimov, E. Borisova, H. Shodiyevalar ayniqsa samarali ish olib bordilar.
Ommaviy axborot vositalarida Qoʻmita aʼzolarining 2 336 ta maqolasi (2010-yilda — 494, 2011-yilda — 503, 2012-yilda — 777, 2013-yilning oʻtgan davrida — 562) chop etildi va efirga uzatildi, shu jumladan gazeta va jurnallarda 771 ta maqola chop etildi. Televideniye orqali 1025 ta axborot materiali, radio orqali Qoʻmita aʼzolarining 540 ta chiqishlari uzatildi.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan fuqarolarning 2 867 (2010-yilda — 266, 2011-yilda — 527, 2012-yilda — 845, 2013-yilning oʻtgan davrida — 1 229) ta yozma murojaatlari koʻrib chiqildi, 6 709 nafar fuqaro (2010-yilda — 1 529, 2011-yilda — 1 742, 2012-yilda — 1 665, 2013-yilning oʻtgan davrida — 1 773) qabul qilinishi natijasida 206 ta senatorlik murojaati (2010-yilda — 53, 2011-yilda — 35, 2012-yilda — 62, 2013-yilning oʻtgan davrida — 56) tegishli tashkilotlarga joʻnatildi, saylovchilar bilan 1 462 ta (2010-yilda — 344, 2011-yilda — 413, 2012-yilda — 396, 2013-yilning oʻtgan davrida — 309) uchrashuv oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlislarida kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qoʻmitaning aʼzolari 126-marta (2010-yilda — 43, 2011-yilda — 36, 2012-yilda — 27, 2013-yilning oʻtgan davrida — 20) soʻzga chiqdilar.
Shu bilan birga, Qoʻmita faoliyatida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Qoʻmita tegishli qonunlar, Senat, Senat Kengashi hamda Qoʻmita qarorlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan soʻzsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratining taʼsirchanligini oshirishi zarur, bunda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarining bajarilishiga, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashtirilishiga alohida eʼtibor qaratish zarur.
Qoʻmita oʻtkazilayotgan tadbirlarni, ayniqsa nazorat-tahlil tadbirlarini tayyorlash ishlariga hamda mintaqalarda aniqlangan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid hal etilmagan takliflarni tashabbuskorlik bilan Qoʻmita, Senat Kengashi hamda Senat yalpi majlislari muhokamasiga kiritishga Qoʻmitaning barcha aʼzolari jalb etilishiga erisha olmagan. Qoʻmita qarorlari va tavsiyalari bajarilishi yuzasidan davlat organlari rahbarlarining axborotini tinglash amaliyotidan yanada kengroq foydalanish, senatorlik soʻrovlari boʻyicha qilingan ishlar toʻgʻrisida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlaridan axborotlar talab qilib olish borasidagi Qoʻmita aʼzolarining masʼuliyatini oshirish yuzasidan Qoʻmita chora-tadbirlar koʻrishi zarur.
Qoʻmita aʼzolari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy hamda sotsial-iqtisodiy islohotlarning mohiyati va ahamiyati yuzasidan joylarda olib borilayotgan tushuntirish ishlarida yanada faolroq ishtirok etishlari, Qoʻmita hujjatlari asosida tayyorlangan tahliliy materiallar bilan markaziy va mahalliy nashrlarda hamda teleradiokanallar orqali koʻproq chiqishlari zarur.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2010 — 2012-yillar va 2013-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti bildirilgan takliflar hisobga olingan holda maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (M. Xujamberdiyev) oʻz faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida:
yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan samarali choralar koʻrsin;
mintaqalarda aniqlangan dolzarb masalalar va muammolar yechimining muhokamasiga, shuningdek Sogʻlom bola yiliga bagʻishlangan tadbirlar Qoʻmita ish rejasiga kiritilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
mintaqalardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muayyan masalalarini hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining rolini oshirishga, bu masalalar Qoʻmita, Senat Kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlislari muhokamasiga kiritilishiga oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashsin;
qonun hujjatlarining, Senat, Senat Kengashi va Qoʻmita qarorlarining talablari ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan soʻzsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratining taʼsirchanligini takomillashtirsin, bunda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlari bajarilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
Qoʻmita barcha aʼzolarining oʻtkazilayotgan tadbirlarning tayyorlanishidagi ishtirokini faollashtirsin;
Qoʻmita qarorlari va tavsiyalari bajarilishi boʻyicha davlat organlari rahbarlarining axborotini tinglash amaliyotini davom ettirsin;
senatorlik murojaatlari boʻyicha axborotni oʻz vaqtida talab qilib olish yuzasidan Qoʻmita aʼzolarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari bilan oʻzaro hamkorligini faollashtirsin;
qabul qilinayotgan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining mazmuni-mohiyatini aholining keng qatlamlari oʻrtasida tushuntirishga oid targʻibot-tashviqot ishlarini takomillashtirsin;
mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir Qoʻmita hujjatlari asosida tayyorlangan tahliliy materiallar bilan Qoʻmita aʼzolari markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari, jumladan teleradiokanallar orqali yanada faol chiqishlarini taʼminlasin.
3. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari M. Radjabova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 11-dekabr,
KQ-101-II-son
