“Eksport qilish taqiqlangan buyumlar va mahsulotlarni olib chiqib ketishga qarshi kurashni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1996-yil 4-yanvardagi 1354-son Farmonga qoʻshimchalar kiritish haqida (PF-1410-son)
20.03.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Chorva va parrandani Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga noqonuniy olib chiqib ketishga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida:
1. 1996-yil 4-yanvardagi 1354-son Farmoniga quyidagicha mazmundagi 1-modda qoʻshilsin: “Barcha turdagi mollar (mayda va yirik qoramollar, choʻchqa, ot, zotdor chorva) hamda parrandalar, goʻsht va goʻsht mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketish taqiqlansin”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumatning 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qarori 7-ilovasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Bosh bojxona boshqarmasi, IIV, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, respublika viloyatlari, shahar va tumanlarining hokimlari mazkur Farmonning soʻzsiz bajarilishini taʼminlasinlar.
4. Ushbu Farmon eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 20-mart,
PF-1410-son
