Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (SQ-440-II-son)
28.08.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F. Mullajonovning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq yuritilgan muvozanatli pul-kredit siyosati va samarali bank nazorati inflatsiya hamda pul-kredit koʻrsatkichlari darajasining tasdiqlangan maqsadli parametrlar doirasida boʻlishini taʼminlashga, mamlakat bank tizimini izchil rivojlantirishga, shuningdek uning asosiy koʻrsatkichlari xalqaro normalar va standartlarga mos boʻlishiga yordam bergan.
Hisobot yilida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshchiligidagi mamlakat bank tizimining faoliyati qonunlarda belgilangan maqsadlar bilan bir qatorda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 18-yanvardagi majlisidagi maʼruzasida belgilangan, mamlakat bank tizimining barqaror rivojlanishini va ishonchliligini taʼminlash hamda uning yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini, makroiqtisodiy muvozanatlilikni, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash va diversifikatsiyalashni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha dasturiy vazifalarni ham bajarishga qaratilgan.
Bank tizimida olib borilayotgan izchil va aniq maqsadli islohot banklarning kapitallashuv darajasi ancha oshishiga, resurs bazasi koʻpayishiga, iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmlari kengayishiga va koʻrsatilayotgan bank xizmatlari sifati yaxshilanishiga erishish imkonini bergan. Natijada hisobot yilida tijorat banklarining umumiy kapitali 25,1 foizga oʻsgan, banklar kapitalining yetarlilik darajasi 24,3 foizni tashkil etgan, bu esa Bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasi tomonidan sakkiz foiz darajasida belgilangan xalqaro standartlar talablaridan uch baravardan ziyod ortiqdir. Bank tizimining likvidliligi 65,5 foizni tashkil etgan, bu belgilangan xalqaro normativ talablardan ikki baravardan ziyod yuqoridir.
“Mudis” xalqaro reyting agentligi tomonidan ketma-ket besh yildan buyon Oʻzbekiston bank tizimining rivojlanish prognozi “barqaror” darajasida tasdiqlandi. Mamlakatning barcha tijorat banklari yetakchi xalqaro reyting agentliklari – “Mudis”, “Fitch Reytings” va “Standart end Purs”dan “barqaror” bahosini olgan.
2013-yilda mamlakat bank tizimini rivojlantirish natijalarini baholaganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-yanvardagi “2011 — 2015-yillar davrida Oʻzbekiston iqtisodiyotida islohotlar masshtabini chuqurlashtirish va kengaytirish, mamlakatda tadbirkorlik muhitini shakllantirish boʻyicha mezonlar va baholar tizimini aniqlash va amalga oshirishga doir chora-tadbirlar Dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-1464-sonli Qarori bilan belgilangan indikatorlarga muvofiq 2014-yilning 1-yanvar holatiga koʻra bank tizimi faoliyatining hamma asosiy koʻrsatkichlari “yuqori” bahoga mosdir.
Koʻrsatilayotgan bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati jiddiy ravishda oʻsib bormoqda. Chunonchi, katta yoshli aholining har 100 ming nafariga 49,7 ta bank muassasasi toʻgʻri kelmoqda, har 1000 kishiga esa 1 028 ta bank hisobvaragʻi ochilgan.
Banklar faoliyatining ishonchliligini va samaradorligini taʼminlashning gʻoyat muhim sharti fuqarolar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning banklarga boʻlgan ishonchini mustahkamlashdan iborat. Chunonchi, hisobot yilida aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tijorat banklaridagi depozitlari umumiy hajmi 30,2 foizga koʻpaygan.
Iqtisodiyotning real sektoriga yoʻnaltirilgan kreditlarning hajmi 30,1 foizga koʻpaygan, tijorat banklarining umumiy kredit portfelida uzoq muddatli kreditlar salmogʻi 79,3 foizga yetgan.
Banklarning tarkibiy oʻzgartirishlar jarayonlarida, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash boʻyicha investitsiyaviy loyihalarni roʻyobga chiqarishda ishtirok etishiga alohida eʼtibor berilmoqda. Xususan, tijorat banklari tomonidan ana shunday loyihalarni 7,2 trln soʻm miqdorida kreditlash amalga oshirilgan boʻlib, bu 2012-yildagiga nisbatan 25 foizga koʻpdir.
“Obod turmush yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni roʻyobga chiqarish doirasida 2013-yil mobaynida tijorat banklari tomonidan 2,5 trln soʻm miqdorida kreditlar ajratilgan boʻlib, bu belgilangan prognozlardan 40,5 foizga koʻpdir.
Hisobot yilida tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar hajmi deyarli 7 trln soʻmni tashkil etgan yoki 2012-yildagiga nisbatan 1,3 baravar koʻp boʻlgan. Xususan, 2013-yilda mikrokreditlar hajmi 1,3 baravar koʻpaygan va 1 trln 365 mlrd soʻmdan oshgan.
Hisobot yilida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan 350 mingdan koʻproq ish oʻrni tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki iqtisodiyotning barqaror yuqori surʼatlar bilan oʻsishini taʼminlashi, bank nazorati tizimini takomillashtirishi, tijorat banklari va umuman bank tizimining faoliyatini baholashda yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan qoʻllanilayotgan ilgʻor mezonlar va standartlarni joriy etish amaliyotini kengaytirishi, banklarning investitsiyaviy faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosati strategiyasini davom ettirishi zarur. Bunda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirishga, ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashga, xotin-qizlar tadbirkorligini va oilaviy tadbirkorlikni imtiyozli kreditlar ajratish yoʻli bilan kompleks rivojlantirish hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor berish maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F. Mullajonovning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Mamlakat bank tizimining barqaror rivojlanishini va ishonchliligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov):
bank faoliyati, moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va mamlakatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan talablarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasin;
inflatsiya darajasining tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlari doirasida boʻlishiga rioya etishga va 2014-yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor yoʻnalishlari doirasida iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan pul-kredit siyosati yuritilishini davom ettirsin;
ichki valyuta bozorining barqarorligini taʼminlashga va zamonaviy raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga, mamlakat ishlab chiqaruvchilarining tovarlarini eksport qilishni ragʻbatlantirishga qaratilgan valyuta siyosatini izchil olib borsin;
bank tizimining barqarorligi va ishonchliligini taʼminlash, bank sohasida raqobatni yanada kuchaytirish, banklarning qimmatli qogʻozlari bozorini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni aniq maqsad bilan roʻyobga chiqarishni davom ettirsin;
yetakchi xalqaro reyting tashkilotlarining talablariga muvofiq tijorat banklarida hisob va hisobotning zamonaviy texnologiyalarini va usullarini joriy etish boʻyicha faoliyatni kuchaytirsin;
tijorat banklari faoliyatini xalqaro standartlar va prinsiplarga muvofiq baholash, tartibga solish va nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha tadbirlarning bajarilishini taʼminlasin;
aholining bank tizimiga ishonchini oshirish, uni bank xizmatlari bilan tanishtirish, tijorat banklari mijozlarining huquqiy madaniyatini oshirish va mavjud muammolarni aniqlash maqsadida joylarda bank sohasida, shu jumladan moliya-bank tizimini yanada isloh qilish haqida qabul qilingan qonun hujjatlarining mohiyatini, ahamiyatini va roʻyobga chiqarish mexanizmlarini tushuntirish yuzasidan muntazam ravishda amaliy seminarlar oʻtkazib borsin. Natijalar boʻyicha bank qonunchiligini xalqaro tajribani hisobga olgan holda takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin.
3. “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi PQ-1438-sonli Qarorida va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bank faoliyati subyektlari:
bozor vositalari va mexanizmlaridan samarali foydalanish hisobiga, shu jumladan aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda omonatlar va depozitlarning yangi turlarini muntazam joriy etish, muomalaga qoʻshimcha aksiyalar, uzoq muddatli obligatsiyalar, depozit sertifikatlari va boshqa qimmatli qogʻozlar chiqarish, shuningdek subordinarlangan qarzlarni faol jalb etish yoʻli bilan banklarning resurs bazasi yanada oshirilishini taʼminlasin;
aktivlarni diversifikatsiyalash, shu jumladan kredit portfelini yaxshilash, tavakkalchiliklarni samarali boshqarish boʻyicha zarur choralar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4609-sonli Farmoni, “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturi hamda mamlakat mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, shuningdek ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlar bilan tijorat banklari zimmasiga yuklatilgan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasin;
iqtisodiyotning real sektori korxonalari va tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash boʻyicha investitsiyaviy loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tadbirlar oʻtkazilishini davom ettirsin;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining, fermer xoʻjaliklarining hamda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining, ayniqsa qishloq joylarda, ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashni nazarda tutadigan loyihalarini moliyalashtirishga kredit qoʻyilmalarining hajmlarini oshirsin;
kichik biznes ishtirokidagi loyihalarga chet el investitsiyalarini jalb etish, amaldagi imtiyozli kredit liniyalari toʻgʻrisida tadbirkorlarni xabardor qilish va ularni oʻzlashtirish boʻyicha koʻnikmalarni rivojlantirish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan birga qoʻshimcha choralar koʻrsin;
aholining oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida, ayniqsa qishloq joylarda, aholiga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlarni, shu jumladan mebel, murakkab maishiy texnika va uzoq foydalaniladigan boshqa tovarlarni sotib olish uchun isteʼmol kreditlari berishni kengaytirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrsin;
koʻrsatilayotgan bank xizmatlarining turlarini yanada kengaytirish va sifatini yaxshilash, xususan bank infratuzilmasini, ayniqsa qishloq joylarda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllagan holda masofadan turib xizmatlar koʻrsatishni kengaytirish boʻyicha choralar koʻrsin;
yetakchi xalqaro reyting agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilish boʻyicha ishni davom ettirsin va xalqaro reyting baholarini muntazam ravishda yangilab borish yuzasidan choralar koʻrsin.
4. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tijorat banklarining kreditlarini olish uchun talab qilinadigan hujjatlarni oʻz vaqtida hamda toʻliq rasmiylashtirish maqsadida zarur tushuntirish ishlarini olib borsin va mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarning tashabbuskorlari boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov) ushbu qarorning bajarilishi haqida 2015-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (A. Altiyev) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 28-avgust,
SQ-440-II-son
