Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (SQ-390-II-son)
23.08.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F. Mullajonovning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yuritilgan muvozanatli pul-kredit siyosati inflatsiya va pul-kredit koʻrsatkichlari darajasining tasdiqlangan prognoz parametrlar doirasida boʻlishini taʼminlashga yordam bergan.
Hisobot yilida bank tizimining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning 2011-yilning asosiy yakunlari va 2012-yilda Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-yanvardagi majlisidagi maʼruzasida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi SQ–324–II-sonli Qarorida belgilangan mamlakat bank-moliya tizimining barqarorligini va ishonchliligini mustahkamlash hamda iqtisodiyotning yuqori surʼatlar bilan oʻsishini, investitsiya jarayonlarini va mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda banklar ishtirokini yanada kengaytirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi vazifalarni bajarishga qaratilgan.
Chunonchi, tijorat banklarining umumiy kapitali hisobot yilida 24,2 foizga koʻpaygan, bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi esa 24,3 foizni tashkil etgan boʻlib, bu umumiy qabul qilingan xalqaro standartlardan uch barobar ortiqdir. Bank tizimining joriy likvidligi 65,5 foizni tashkil etgan boʻlib, bu belgilangan talablardan ikki barobar yuqoridir.
“Mudis” xalqaro reyting agentligi, oldingi ikki yilda boʻlgani kabi, 2012-yilda ham Oʻzbekiston bank tizimiga “barqaror” reytingini bergan, “Standart end Purs” xalqaro reyting agentligi esa mamlakat bank tizimining rivojlanish holatini ijobiy baholab, reyting bahosini bir pogʻonaga koʻtargan. Oʻzbekiston bank tizimining barqaror rivojlanishi “Fitch Reytings” xalqaro reyting agentligi tomonidan ham qayd etilgan.
Umumiy aktivlari bank tizimi aktivlarining qariyb 100 foizini tashkil etadigan mamlakatning 28 ta tijorat banki ushbu yetakchi xalqaro reyting agentliklaridan “barqaror” reyting bahosini olgan.
Bank tizimi faoliyatining asosiy indikatorlari, chunonchi, “banklarning umumiy kapitali yetarliligi”, “tijorat banklarining likvidligi”, “depozitlar hajmining dinamikasi”, “kredit qoʻyilmalari hajmining oʻzgarishi” 2012-yil yakunlari boʻyicha yuqori bahoga mosdir.
Bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari darajasi har 100 ming nafar katta yoshli aholiga 49,7 ta bank muassasasini, bank muassasalarida jismoniy shaxslar tomonidan ochilgan bank hisobvaraqlari soni 1000 nafar katta yoshli aholiga 1027 tani tashkil etgan.
Umuman mamlakat bank tizimining 2012-yildagi moliyaviy barqarorligi va rivojlanishini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-yanvardagi “2011–2015-yillar davrida Oʻzbekiston iqtisodiyotida islohotlar masshtabini kengaytirish va chuqurlashtirish, mamlakatda tadbirkorlik muhitini shakllantirish boʻyicha mezonlar va baholar tizimini aniqlash va amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi PQ–1464-sonli Qarori bilan belgilangan indikatorlar boʻyicha baholaganda, 2013-yilning 1-yanvar holatiga koʻra bank tizimi faoliyatining barcha asosiy koʻrsatkichlari yuqori bahoga mosdir.
Hisobot yilida aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tijorat banklaridagi depozitlari hajmi 31,5 foizga oʻsgan.
Iqtisodiyotning real sektoriga yoʻnaltirilgan kreditlarning hajmi 1,3 barobar oshgan, tijorat banklarining umumiy kredit portfelida muddati uch yildan ortiq boʻlgan uzoq muddatli kreditlar salmogʻi 76,8 foizga yetgan.
Korxonalarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashga tijorat banklari tomonidan 5,7 trln soʻm miqdorida investitsiya kreditlari ajratilgan boʻlib, bu 2011-yildagiga nisbatan 30 foizga koʻpdir.
2012-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 5 trln 346 mlrd soʻm miqdorida yoki 2011-yildagiga nisbatan 1,3 barobar koʻp kreditlar ajratilgan. Mikrokreditlar hajmi 1,5 barobar koʻpayib, 1 trln 172 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Hisobot yilida banklarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga chet el investitsiyalari va kreditlarini jalb qilish borasidagi faoliyati ham samarali boʻlgan. Jumladan, 2012-yilda banklar tomonidan ushbu maqsadlarga xalqaro moliya institutlarining 181,7 mln AQSh dollari hajmidagi kredit liniyalari oʻzlashtirilgan boʻlib, bu 2011-yildagi koʻrsatkichlardan 1,3 barobar koʻpdir.
Tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan 321 mingdan ziyod ish oʻrni tashkil etilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq kredit tashkilotlarining faoliyati ustidan samarali nazorat amalga oshirilmoqda va bank qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov):
Oʻzbekiston Respublikasining bank faoliyatini tartibga soluvchi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining moliya-bank tizimini isloh qilish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga doir farmonlari va qarorlari bilan belgilangan vazifalar oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlasin;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2013-yilga moʻljallangan maqsadli makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini bajarishga yoʻnaltirilgan muvozanatli pul-kredit siyosati yuritilishini davom ettirsin, bunda pul massasini tartibga solishning bozor vositalaridan keng va samarali foydalansin;
milliy valyutaning almashuv kursi barqarorligini taʼminlashga, tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ragʻbatlantirishga qaratilgan valyuta siyosatini yuritsin;
bank tizimining barqarorligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirishni davom ettirsin;
tijorat banklarining faoliyatini xalqaro standartlar va prinsiplarga muvofiq baholash, tartibga solish hamda nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha tadbirlar bajarilishini taʼminlasin;
mamlakat bank tizimini yanada isloh qilish va samaradorligini oshirish boʻyicha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining mohiyati, ahamiyatini va ularni amalga oshirish mexanizmlarini tushuntirish yuzasidan joylarda muntazam ravishda seminarlar oʻtkazsin.
3. “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi “2011 – 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi PQ–1438-sonli Qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bank faoliyati subyektlari:
tijorat banklari korporativ boshqaruv organlarining rolini va masʼuliyatini oshirish boʻyicha, shuningdek hozirgi zamon bank menejmenti sohasida koʻnikmalarga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrsin;
qoʻshimcha aksiyalar chiqarish va joylashtirish borasidagi faoliyatni jadallashtirish hisobiga banklarning kapitallashuv darajasi yanada oshishini taʼminlasin;
aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh pul mablagʻlarini uzoq muddatli depozitlarga jalb etishni yanada faollashtirish yoʻli bilan barqaror va uzoq muddatli resurs bazasini oshirsin, shuningdek kreditlash va investitsiyalash imkoniyatlarini kengaytirsin;
yetakchi xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlik borasidagi ishni kuchaytirsin va xalqaro reyting baholarini muntazam yangilab borish boʻyicha choralar koʻrsin;
iqtisodiyotni va uning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishda ishtirok etishni kengaytirsin;
aktivlarni diversifikatsiya qilish, shu jumladan kredit portfelini yaxshilash, tavakkalchiliklarni samarali boshqarish boʻyicha zarur choralarni muntazam ravishda koʻrib borsin;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini, fermer xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hajmlarini oshirsin, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes-rejalarini moliyalashtirishga, ayniqsa qishloq joylarda ish oʻrinlari tashkil etishga yoʻnaltirilgan mikromoliyaviy xizmatlar hajmlarini kengaytirsin;
banklar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning turlarini yanada kengaytirish hamda sifatini yaxshilash, xususan, ayniqsa qishloq joylarda bank infratuzilmalari sonini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllagan holda masofadan turib xizmatlar koʻrsatishni koʻpaytirish boʻyicha choralar koʻrsin;
“Obod turmush yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalar oʻz vaqtida va samarali roʻyobga chiqarilishini taʼminlasin.
4. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari:
zarur tushuntirish ishini olib borsin va tijorat banklarining kreditlarini olish uchun talab qilinadigan hujjatlarni oʻz vaqtida hamda toʻliq rasmiylashtirish maqsadida mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarning tashabbuskorlari – tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam bersin;
bank xizmatlarining turlarini kengaytirish, ayniqsa qishloq joylarda aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida tijorat banklariga ularning zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlanishi yuzasidan yordam bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov) ushbu qarorning bajarilishi haqida 2014-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (A. Altiyev) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-avgust,
SQ-390-II-son
