Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2014-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida (927-II-son)
20.06.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2014-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2014-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2014-yil birinchi choragida Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 56,9 mlrd coʻm miqdorida ortiq boʻlishiga erishildi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi makroiqtisodiy barqarorlik yanada mustahkamlanishini va iqtisodiyotning yuqori surʼatlarda oʻsishini taʼminlash maqsadida:
iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish va uning raqobatbardoshliligini oshirish;
investitsiya sharoitini yanada takomillashtirish va chet el investitsiyalarini jalb etish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish;
ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga, texnik va texnologik jihatdan yangilashga qaratilgan strategik ahamiyatga molik hamda samarali investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
ichki talabni ragʻbatlantirish va ichki bozorni Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar bilan toʻldirish;
zarar koʻrib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” – dasturlari amalga oshirilishining borishi ustidan tizimli nazorat qilish;
2013 — 2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish;
ijtimoiy soha hamda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun xarajatlarni toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirish;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish hamda budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
mahsulotlarni eksportga chiqarishni kengaytirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish;
jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish;
2014-yilda Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joy qurish hamda yangi qishloq mavzelarini zamonaviy ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari bilan taʼminlash dasturini bajarish;
2014-yilda Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini soʻzsiz bajarish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlashga, shuningdek soliq bazasini va mintaqalarning moliyaviy salohiyatini kengaytirishga, namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilayotgan qishloq mavzelarida muhandislik-kommunikatsiya va transport tarmoqlari, shuningdek ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari qurilishini tugallashni jadallashtirish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrishga qaratilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2014-yil 20-iyun.
927-II-son
