Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirining “2013 – 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (914-II-son)
13.06.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 25-moddasiga muvofiq, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining tashabbusiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh. Teshayevning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 19-apreldagi “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1958-sonli Qarori bilan qabul qilingan “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi shuni qayd etadiki, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasini isloh etish va modernizatsiya qilish, melioratsiya va irrigatsiyani yaxshilash, yerlarning unumdorligi va samaradorligini oshirish boʻyicha keng miqyosli ishlar davom ettirilmoqda hamda chuqurlashtirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Oʻzbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzuidagi xalqaro konferensiya ochilishidagi maʼruzasida taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning koʻplab mintaqalari qisqa muddatda jahon bozorida xaridorgir boʻlgan meva va sabzavot mahsulotlari yetishtiradigan va eksport qiladigan hududlarga aylandi. Yuqori hosil beradigan intensiv bogʻlar tashkil qilindi, tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etildi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oziq-ovqat dasturi aholining toʻlaqonli va mutanosib ovqatlanishini taʼminlashdek muhim vazifani hal etish imkonini berdi. Bunda ilgʻor agrosanoat texnologiyalarini jalb etishga, qishloq xoʻjaligi infratuzilmasi, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini rivojlantirish va rekonstruksiya qilishga, marketing va jahon bozorlariga chiqish boʻyicha yangi texnologiyalarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Davlat dasturining asosiy maqsadi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya obyektlari tarmoqlarini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, buning asosida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining barqaror ishlashini, yerlarning unumdorligini oshirish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi koʻpayishini taʼminlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksini, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi va “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlarini, shuningdek “2008 — 2012-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi hamda “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va boshqa qarorlarini oʻz ichiga oluvchi rivojlangan normativ-huquqiy baza yaratildi. Ularni roʻyobga chiqarish doirasida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini shakllantirish va bajarishga boʻlgan yondashuvlarni tubdan oʻzgartirish, meliorativ tarmoqlarni saqlab turish mexanizmini sifatli takomillashtirish, suv xoʻjaligi tashkilotlari va suv isteʼmolchilari uyushmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, meliorativ texnika parkini yangilash, bu ishlarni moliyalashtirishning puxta mexanizmini taʼminlashni nazarda tutuvchi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sugʻoriladigan yerlarni meliorativ yaxshilashning uzoq muddatli, oʻrtacha muddatli va har yilgi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish amaliyotdan mustahkam oʻrin olgan boʻlib, ular yerlarning meliorativ kadastrini, ball-bonitetini va unumdorligini, shuningdek irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining hududiy meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan tayyorlanadigan aniq meliorativ loyihalar roʻyxatini hisobga olgan holda hududlar boʻyicha oʻtkazilgan yerlarning meliorativ holatini ilmiy asoslangan holda baholash asosida shakllantirilmoqda.
Jumladan, 2008 — 2012-yillardagi davrda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturini amalga oshirish 1,5 mln gektardan ziyod sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash imkonini berdi, yer osti suvlari yuza joylashgan yerlar maydoni 556 ming gektarga yoki salkam 10 foizga qisqardi, kuchli va oʻrtacha shoʻrlangan yerlar maydoni 113 ming gektarga kamaydi. Bu strategik ekinlar hosildorligiga va umuman meva-sabzavotchilikning rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Ana shu maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 981,5 mlrd soʻm sarflandi.
Keyingi uch yilda suvni tejovchi texnologiyalar 11,304 ming gektar maydonda, shu jumladan: 7,644 ming gektar maydonda — tomchilatib sugʻorish; 1,665 ming gektar maydonda — egatlarga toʻshalgan polietilen plyonkadan foydalangan holda sugʻorish; 1,995 ming gektar maydonda — elastik polietilen quvurlardan foydalangan holda sugʻorish joriy etildi. Bu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishning 1,5 baravar, kartoshka yetishtirishning — 1,4 baravar, poliz va uzum yetishtirishning 1,3 baravar ildam oʻsishi hisobiga ishlab chiqarish tarkibiy tuzilmasining sifat jihatidan oʻzgarishiga koʻmaklashmoqda.
2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha davlat dasturi (bundan buyon matnda Davlat dasturi deb yuritiladi) doirasida meliorativ va irrigatsiya obyektlarini, sugʻorish tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash; suv resurslarini boshqarish va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini va tuproq unumdorligini monitoring qilish tizimlarini takomillashtirish; tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejovchi boshqa texnologiyalarni joriy etish; suv xoʻjaligidan foydalanuvchi va pudrat tashkilotlarining, suv isteʼmolchilari uyushmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ochiq kollektor drenaj tarmoqlarini, vertikal drenaj quduqlarini, meliorativ nasos stansiyalari va kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish (yillik prognoz koʻrsatkichlari 104 foiz etib bajarildi), lizing tashkilotlariga meliorativ texnika, uskunalar va boshqa mashina mexanizmlarini xarid qilish va yetkazib berish (yillik prognoz koʻrsatkichlari 107 foiz etib bajarildi) jadal surʼatlar bilan bormoqda.
Umuman olganda, Davlat dasturi ijrosining borishini oʻrganish shuni taʼkidlash imkonini beradiki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, mamlakatimiz boshqa vazirliklari hamda idoralarining faoliyati sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha ishlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlamoqda.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining nazorat-tahlil tadbirlari yakunlariga koʻra bu sohadagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish boʻyicha bir qator foydalanilmagan imkoniyatlar borligi aniqlandi. Chunonchi, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida va Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida meliorativ tadbirlarni rejalashtirish masalasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, uning hududiy boshqarmalari, shuningdek mazkur viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish bilan bogʻliq holda yetarlicha ish olib borilmaganligi sababli 2013-yilda ayrim meliorativ obyektlar oʻz vaqtida foydalanishga topshirilmay qolishiga yoʻl qoʻyilgan.
Shuningdek qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishning suvni tejovchi texnologiyalarini joriy etish jadvallari ortda qolayotganligi qayd etilmoqda. Masalan, agar tomchilatib sugʻorishni joriy etish yillik prognozi Samarqand viloyatida 102 foiz etib bajarilgan boʻlsa, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida bu koʻrsatkich 86 — 88 foizni tashkil etadi.
Bundan tashqari, Davlat dasturi ijrosining borishini oʻrganish suv resurslaridan nooqilona foydalanish va kollektor-drenaj tarmoqlarining texnik holatiga suv isteʼmolchilari tomonidan zarar yetkazilishi, tuproqning shoʻrlanishini aniqlashga va ochiq suv oqimlaridagi gidrologik postlarni modernizatsiya qilishga doir prognoz koʻrsatkichlardan ortda qolish hollari mavjudligini koʻrsatdi va hokazo.
Bugungi kunda sugʻoriladigan yerlarning salkam yarmi turli darajada shoʻrlanishga duchor boʻlgan, 1015 ming gektar yerda yer osti suvlarining joylashish darajasi 2 metrgacha boʻlib, bu Davlat dasturi koʻrsatkichlarining soʻzsiz bajarilishini talab qiladi.
Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yanada samarali roʻyobga chiqarish, shu asosda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, yerlarning unumdorligini oshirish va qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini koʻpaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh. Teshayevning “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga:
suvdan foydalanish sohasidagi, fermer, dehqon xoʻjaliklarini va shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarni suvdan foydalanuvchilar uyushmalariga jalb etish borasidagi munosabatlarning huquqiy jihatdan tartibga solinishini takomillashtirish;
tuproqning shoʻrlanishini aniqlashga doir prognoz koʻrsatkichlarni va tabiiy ochiq suv oqimlaridagi gidrologik postlarni modernizatsiya qilish, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari sugʻorish suvlarini boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanishini, shuningdek sugʻorishning suvni tejovchi texnologiyalari joriy etilishini taʼminlash;
meliorativ tadbirlarni rejalashtirish masalasi qishloq xoʻjaligi ekinlarining joylashtirilishi hisobga olingan holda puxta ishlab chiqilishini, shuningdek loyihalarning tasdiqlangan tarmoq jadvallariga muvofiq amalga oshirilishi qatʼiy nazorat qilinishini viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda taʼminlash;
mablagʻlarning samarali sarflanishi, suv xoʻjaligi, pudratchi va foydalanuvchi korxonalarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda shu asosda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
fermer xoʻjaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishiga va agrotexnika tadbirlarining samarali tashkil etilishiga koʻmaklashish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tadqiqot markazlari bilan ijtimoiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish, shuningdek qishloq va suv xoʻjaligida kooperatsiya faoliyatining huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslarini yanada rivojlantirish masalasini koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi, shu jumladan fermer xoʻjaliklari mutaxassislarini qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi yetakchi oliy oʻquv yurtlari hamda kasb-hunar kollejlari bazasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslariga jalb etish masalasini ishlab chiqish;
iqtisodiyotning ushbu eng muhim tarmogʻiga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb etish, suvdan foydalanuvchilar uyushmalariga, fermyerlarga konsalting va huquqiy xizmatlar koʻrsatish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha ishlarni faollashtirish tavsiya etilsin.
3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitalarining eng muhim vazifalari deb hisoblansin:
Davlat dasturi va mazkur sohadagi boshqa qonun hujjatlarining qoidalari oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq ijro etilishi ustidan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
Davlat dasturining, yer va suv resurslaridan oqilona hamda tejab-tergab foydalanilishini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlari qoidalarining mazmuni va ahamiyati haqida keng axborot-tushuntirish ishlarini oʻtkazishda faol ishtirok etish hamda shu asosda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni va qishloq aholisining farovonligini oshirish.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi, meliorativ va irrigatsiya obyektlarining, suv isteʼmolchilari uyushmalari sugʻorish tarmoqlarining qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, taʼmirlanishi va qayta tiklanishi, shuningdek Davlat dasturida va ushbu sohadagi boshqa davlat (mintaqaviy) dasturlarida nazarda tutilgan boshqa eng muhim vazifalar amalga oshirilishi ustidan deputatlar nazoratining samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda ushbu Qarorning besh oylik yakunlari boʻyicha ijrosining borishi toʻgʻrisidagi axborotni qoʻshma majlisda eshitsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2014-yil 13-iyun.
914-II-son
