Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2013-yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida (SQ-428-II-son)
11.04.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N. Yoʻldoshevning 2013-yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, oʻtgan yilda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan norma ijodkorligi faoliyatida va huquqni qoʻllash amaliyotida yagona davlat siyosati roʻyobga chiqarilishini taʼminlash borasida aniq maqsadli ishlar bajarilgan.
Norma ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, yuridik xizmat xodimlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, davlat organlari faoliyatining huquqiy taʼminlanishi yuqori sifatli boʻlishi uchun ularning rolini va masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha aniq tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, 56 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan taqdim etilgan 1 081 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy ekspertizasi oʻtkazilgan. Idoraviy norma ijodkorligi sohasida vazirlik va idoralarning 403 ta hujjati davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Taqdim etish tartibi buzilganligi, qonun hujjatlariga zid boʻlgan normalar mavjudligi, qonunchilik texnikasiga nomuvofiqligi tufayli 100 ta hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan.
Huquqiy axborotni tarqatish borasidagi vazifalarning bajarilishini taʼminlash sohasida “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”ning 52 ta soni va “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami”ning 2 ta soni nashr etilgan. Foydalanuvchilarning Internet tarmogʻi orqali erkin kirishi taʼminlangan Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (“LexUZ”) hozirgi kunga kelib, oʻzbek va rus tillaridagi 28 042 ta hujjatni oʻz ichiga oladi. Ushbu tarmoqqa doimiy ulangan foydalanuvchilar soni 34 mingtani tashkil etadi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish masalalari boʻyicha 1,5 mln dan ortiq aholini bevosita qamrab olgan holda huquqiy targʻibot boʻyicha 53,2 mingta tadbir oʻtkazilgan.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalarning huquqni qoʻllash faoliyati qonuniyligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrilgan.
2013-yilda asosiy eʼtibor ilgari aniqlangan kamchiliklar, muammolarni va qonun hujjatlari talablari buzilishini bartaraf etishga qaratilgan. Xususan, 18 ta davlat tuzilmasi tizimida 16 ta monitoring va tekshiruv oʻtkazilgan.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish va yer uchastkalari ajratib berish toʻgʻrisidagi; Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida dori vositalari va tibbiy texnikaning sifatini nazorat qilish, shuningdek nikohdan oʻtayotgan shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi; Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi faoliyatida ishga joylashtirish va mehnat migratsiyasi toʻgʻrisidagi; Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi faoliyatida normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish va ularni roʻyobga chiqarish toʻgʻrisidagi; bir qator organlar faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlari toʻgʻrisidagi; Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi faoliyatida naslchilik toʻgʻrisidagi; “Oʻzsuvnazorat” Respublika suv inspeksiyasi tizimida suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi; Andijon viloyatida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish hududiy davlat inspeksiyasining faoliyatida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi; Toshkent shahar Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tizimida maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi oʻrganilgan.
Tekshiruvlarda qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan muayyan ishlar bilan bir qatorda, 10,3 mingdan ortiq qonunbuzilish, 4,4 mingta kamchilik va muammo aniqlangan, shundan 226 tasi tizimlidir. Aksariyat qoidabuzarliklar va kamchiliklar qonun hujjatlari talablarini zarur darajada bajarmaslik oqibatida sodir etilgan.
Chunonchi, tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishda davlat boji undirilmagan yoxud belgilab qoʻyilganidan kam yoki koʻp miqdorda undirilgan, xususan pochta manzilini, faoliyat turini oʻzgartirish vaqtida nazarda tutilmagan yigʻimlar va bojlarni undirish imkonini beradigan asoslar joriy qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida dori vositalarining va tibbiy texnikaning sifatini nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini oʻrganish doirasida dori vositalari va tibbiy texnikani roʻyxatdan oʻtkazishda klinik sinovlarni olib borishga qoʻyiladigan talablarga rioya etmaslik, sertifikatlashtirish uchun undiriladigan toʻlovlar tariflarini vakolatli organlar bilan kelishmaslik, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini buzish hollari aniqlangan. Masalan, 2012-yilda 23 ta yuridik shaxsning, 2013-yil 1-martga qadar 3 ta yuridik shaxsning litsenziyasi qaytadan roʻyxatdan oʻtkazilgan, holbuki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 13-maydagi 91-sonli qaroriga muvofiq faoliyat turlari kengaytirilganida litsenziyani qayta roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi talablar belgilanmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2011-2012-yillarda va 2013-yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan 127 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat loyihasining 45 tasini (35%) qonunchilik texnikasiga mos boʻlmaganligi va qonun hujjatlari talablariga zid normalar mavjudligi munosabati bilan roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirining belgilari ayrim nodavlat tashkilotlar hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallarida noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri Samarqand viloyati Karate federatsiyasining reklama bannerida aniqlangan.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratib berish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha bir qator kamchiliklar mavjud. Chunonchi, Buxoro (Buxoro shahri va Olot tumani), Toshkent (Zangiota tumani) va Fargʻona (Qoʻqon shahri, Beshariq va Rishton tumanlari) viloyatlarida yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar hamda yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplab berish choralari koʻrilmagan. Masalan, 2013-yil aprel oyi holatiga Qoʻqon shahar hokimining 2009-yil 24-dekabrdagi qarori bilan uylari buzilgan fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berilmagan.
Nikohdan oʻtayotgan shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdagi kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan, koʻpgina hollarda nikohdan oʻtayotgan shaxslarni tekshiruvdan oʻtkazish toʻla amalga oshirilmagan. Masalan, Jizzax shahrining poliklinikalarida 2011-2012-yillarda 656 nafar shaxs ruhiy kasalliklari, 173 nafar shaxs giyohvandlik kasalliklari mavjudligi boʻyicha tekshiruvdan oʻtmagan, tanosil kasalliklari mavjudligi boʻyicha tekshiruv umuman oʻtkazilmagan.
Shu bilan birga, tekshiruv yakunlari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishning belgilangan tartibiga rioya qilinmagan (masalan, imzo va muhrlar qoʻyilmagan), ortiqcha hujjatlar talab qilingan va ayrim hollarda tibbiy maʼlumotnomalar soxtalashtirilgan.
Xususan, Namangan shahrining 3-sonli poliklinikasidan berilgan 15 ta tibbiy maʼlumotnomada muassasa muhrini hamda poliklinika bosh shifokori oʻrinbosarining imzosini soxtalashtirish belgilari mavjud boʻlgan. Materiallar koʻrib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi faoliyatida muammolar va kamchiliklar aniqlangan. Chunonchi, mazkur inspeksiya faoliyatini tashkil etish masalalari boʻyicha ayrim idoraviy hujjatlarda qonun hujjatlariga zid normalar mavjud boʻlgan. Masalan, hududiy davlat inspeksiyalari toʻgʻrisidagi nizomlarda korxonalar va tashkilotlarga, fermyerlarga, fuqarolarga naslchilik ishlarini olib borish huquqiga ega ekanligi toʻgʻrisida ruxsatnomalar berish boʻyicha 2002-yilda bekor qilingan vakolat nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi naslchilik ishini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazadagi kamchiliklarni bartaraf etish tashabbusi bilan chiqmagan. Xususan, naslli mahsulotni sertifikatlashtirishni oʻtkazish tartibi 18 yildan buyon ishlab chiqilmagan.
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishida ayrim qoidabuzarliklar va kamchiliklar aniqlangan. Chunonchi, baʼzi hollarda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar yuritilishi taʼminlanmagan, qoidabuzarlik holatlari boʻyicha eʼtirozlar bildirilganida materiallar sudga yuborilmagan, maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorlar oʻz vaqtida ijroga qaratilmagan. Masalan, faqat Surxondaryo viloyatining oʻzida 2012-yilda 28 ta huquqbuzarlik boʻyicha 1,99 mln soʻmlik maʼmuriy jarimalar undirilmasdan qolgan.
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishida ham kamchiliklar aniqlangan. Xususan, madaniy meros obyektlarining davlat muhofazasi zarur darajada taʼminlanmagan. Masalan, Andijon viloyatida 371 ta moddiy madaniy meros obyekti joylashgan boʻlib, muhofaza belgilari esa faqat 24 ta obyektda oʻrnatilgan.
Shuningdek, maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etishda va bolalarni ushbu muassasalarga qabul qilishda ham muammolar hamda kamchiliklar aniqlangan. Chunonchi, Toshkent shahrida 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan 167,6 ming nafar maktabgacha yoshdagi bolaning hammasini maktabgacha taʼlim muassasalariga olish uchun sharoit boʻlmagan. Shuning oqibatida maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qabul qilishning eng yuqori normalari jiddiy ravishda buzilgan. Masalan, Shayxontohur tumanidagi 468-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi 220 nafar tarbiyalanuvchiga taʼlim va tarbiya berishga moʻljallangan, biroq 2013-yil mart holatiga koʻra u yerda 493 nafar bola hisobda turgan.
Tahlil shuni koʻrsatdiki, davlat organlarining huquqni qoʻllash amaliyoti hamda norma ijodkorligi faoliyatida qonun hujjatlari buzilishiga va kamchiliklar yuzaga kelishiga normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini amalga oshirish ustidan idoraviy nazorat yetarli darajada samarali boʻlmaganligi, qonun hujjatlari buzilishining sabablari bartaraf etilmaganligi, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni yuzasidan davlat organlarining xodimlari oʻrtasida tushuntirish ishlari yetarli olib borilmaganligi, ularni ijro etish boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar mavjud emasligi, davlat xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish darajasi pastligi, huquqiy bazada kamchiliklar mavjudligi, shuningdek davlat xizmati, maʼmuriy tartib-taomillar, maʼmuriy adliya va boshqa muhim institutlarning qonunchilik asoslari mavjud emasligi, noqonuniy xususiyatdagi umumiy majburiy idoraviy hujjatlarni qabul qilish amaliyoti davom etayotganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan avval ishlab chiqilgan takliflarni roʻyobga chiqarishga yetarli eʼtibor qaratilmayotganligi kabi omillar imkon bergan.
Koʻrilgan choralar natijasida 667 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, shu jumladan 19 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, 156 nafar mansabdor shaxs esa maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalarning huquqni qoʻllash borasidagi 1 272 ta noqonuniy hujjati (qarori) bekor qilingan. 41,5 mln soʻm miqdoridagi noqonuniy undirilgan pul toʻlovlarining qaytarib berilishi taʼminlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida va joylarda davlat boshqaruvi organlari, hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalarning rahbar xodimlari ishtirokida seminarlar oʻtkazilib, qonun hujjatlari talablarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish zarurligi tushuntirilgan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, shuningdek davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning faoliyatidagi qonuniylikni yanada taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N. Yoʻldoshevning 2013-yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
huquqiy bazani tahlil qilish yakunlari boʻyicha aniqlangan, shuningdek davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularning ijro etilishini taʼminlash;
yuqorida koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarga bundan buyon yoʻl qoʻymaslik maqsadida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmatlari ishining sifatini yanada yaxshilash choralarini (yuridik kadrlarni moddiy ragʻbatlantirish, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni kuchaytirish va boshqalar) koʻrish;
sodir etilayotgan maʼmuriy huquqbuzarliklar tizimli xususiyatga egaligini eʼtiborga olib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha ishlarni tugallash tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (N. Yoʻldoshev):
davlat boshqaruvi organlarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy rahbarlik qilish borasidagi ishni kuchaytirsin, qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan turkum davra suhbatlari va seminarlar oʻtkazsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, davlat roʻyxatidan oʻtkazishning belgilangan tartibiga rioya etilishida vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning huquqni qoʻllash faoliyatida qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tizimli nazoratni davom ettirsin, nazorat yakunlari boʻyicha tegishli taʼsir choralarini koʻrsin;
hozirgi zamon talablarini hisobga olgan holda yuristlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasidagi faoliyatni nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish sohasidagi ishni kuchaytirsin;
yuridik xizmatlar faoliyatini ragʻbatlantirish choralarini koʻrish orqali davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirsin;
huquqbuzarliklar sodir etilishiga va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishiga imkon berayotgan sabablarni va sharoitlarni aniqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning oʻtgan davrdagi faoliyatidagi qonuniylikning holati toʻgʻrisida har yili taqdim etiladigan axborotini tahlil qilib borsin;
davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash faoliyatini takomillashtirish yuzasidan doimiy uslubiy yordam koʻrsatish borasidagi ishlarni kuchaytirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Alimov), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Teshayev), Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi (U. Inoyatov), Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi (M. Xojimatov), Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (A. Xaitov), Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (A. Nimatullayev):
norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek kelgusida ularga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha kuchaytirilgan choralar koʻrsin;
tegishli faoliyatni tartibga soladigan qonun hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash yuzasidan tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsin;
norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida yuridik xizmatlar rolini kuchaytirishga, ularga ish uchun zarur sharoitlarni yaratishga, shuningdek ular faoliyatini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratsin;
xodimlarning kasbiy malakalarini va bilim darajasini oshirsin, shu bilan birga muntazam ravishda oʻquv seminarlari va boshqa interfaol tadbirlar oʻtkazib borsin, qonun hujjatlarining normalari toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida axborot dasturlaridan, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali, foydalanishni taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratib berish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini oʻrganish yakunlari boʻyicha taqdim etilgan takliflarni toʻla-toʻkis amalga oshirish choralarini koʻrsin;
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining talablari toʻgʻri ijro etilishi boʻyicha ishlarni tashkil etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (N. Yoʻldoshev), Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Alimov), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Teshayev), Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi (U. Inoyatov), Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi (M. Xojimatov), Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (A. Xaitov), Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (A. Nimatullayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu Qarorni ijro etishning borishi toʻgʻrisida 2015-yilning 10-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
7. Ushbu Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (S. Artikova) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 11-aprel.
SQ-428-II-son
