Hamkorlik toʻgʻrisida
24.04.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Latviya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida
Bitim
Bundan keyin “Tomonlar” deb ataladigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Latviya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi,
jinoyatchilikka qarshi kurash va fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchi himoya qilinishini taʼminlash sohasida oʻzaro hamkorlik qilishni rivojlantirishga jiddiy ahamiyat berib,
mustaqil davlatlarning ichki ishlar idoralari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish istagiga amal qilib,
mustaqil davlatlarning jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorligi davlatlarning mustaqilligi va teng huquqliligi, hamfikrlik, hamjihatlik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga asoslanganligini taʼkidlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining amaldagi qonunlari asosida quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi, shaxsiy qadr-qimmati va mol-mulkiga tajovuz qiladigan jinoyatlarga qarshi kurashda;
b) banditizmga, terrorchilikka va xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashda;
v) qurol-yarogʻlar, oʻq-dorilar, portlovchi, zaharli moddalar va radioaktiv materiallarni gʻayriqonuniy olib-sotishlarga qarshi kurashda;
g) narkotik dorilar va ruhiy taʼsir qilish yoʻli bilan davolashda qoʻllaniladigan (psixotropik) moddalarni qonunga xilof tarzda olib-sotishlarga qarshi kurashda;
d) qalbaki hujjatlar, pul va qimmatbaho qogʻozlar yasash va ularni oʻtkazishlarga qarshi kurashda;
e) iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashda;
j) kontrabandaga, shuningdek madaniy va tarixiy qadriyatlarga tajovuz qiladigan jinoyatlarga qarshi kurashda;
z) jinoyatchilarni, tergov va suddan, jazo muddatini oʻtashdan yashirinib yurgan shaxslarni, bedarak yoʻqolganlarni, shuningdek nafaqa toʻlashdan, daʼvo boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini bajarishdan qochib yurgan shaxslarni qidirib topishda;
i) tanilmagan murdalar, notanish bemorlar va bolalarning kimligini aniqlashda;
k) temir yoʻl, suv va havo transportlarida sodir boʻladigan jinoyatlarga qarshi kurashda.
2-modda
Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashdagi hamkorlikni oʻz davlatlarining qonunlari va oʻzaro kelishuv asosida jinoiy ishlar, operativ hisobga olish va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha yuborilgan soʻrov va iltimosnomalarni bajarish yoʻli bilan amalga oshirish majburiyatini oladilar.
Tomonlarning hamkorligi quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
a) tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan jinoyatlar va ularga daxldor boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi operativ-qidiruv, operativ-maʼlumotnoma va kriminalistik axborot hujjatlarini, shuningdek arxiv maʼlumotlarini bir-birlariga yuborib turish;
b) operativ-qidiruv tadbirlarini va protsessual harakatlarni amalga oshirish;
v) ish tajribalarini oʻrtoqlashish, ichki ishlar idoralari faoliyatiga oid masalalar boʻyicha chiqarilgan qonunlar va qoidaviy hujjatlarni oʻzaro ayirboshlab turish, kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorgarlikdan oʻtkazish va malakalarini oshirishda bir-birlariga koʻmaklashib turish;
g) ikkala Tomon uchun ham foydali boʻlishi uchun bir-birlariga kriminalistik va maxsus texnika hamda aloqa vositalari, forma kiyim-kechak, ishlab chiqarish texnikasiga oid asbob-uskunalarni yetkazib berib turish;
d) belgilangan joygacha toʻppa-toʻgʻri oʻtib boradigan (tranzit) maxsus va boshqa xil yuklarning manzilga yetkazilishini, jinoyatchilarning guruhlarini yoʻlda soqchilar nazorati ostida qoʻriqlab borilishini amalga oshirishda oʻzaro yordamlashib turish;
e) ichki ishlar idoralari faoliyatiga oid masalalar xususidagi ilmiy-texnik axborotlarni ayirboshlab turish, ikkala Tomonning diqqat markazida turgan dolzarb muammolar boʻyicha hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va harakat dasturlarini ishlab chiqish;
j) shifrlangan aloqa oʻrnatish;
z) sport sohasidagi va madaniy aloqalarni rivojlantirish, xodimlarni va ularning oila aʼzolarini davolash, sanatoriy va kurortlarda sogʻlomlashtirish ishlarida bir-birlariga yordamlashib turish;
Ushbu Bitim Tomonlarning oʻzaro hamkorlik qilishda buning har ikkala Tomon uchun ham maqbul boʻladigan boshqacha usullarini ham ishlab chiqish va takomillashtirishlariga monelik qilmaydi.
3-modda
Ushbu Bitim 2-moddasining 1-bandida koʻzda tutilgan soʻrov va iltimosnomalar tegishlicha rasmiylashtirilgan va ularda quyidagilar aniq koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
a) soʻrov yoki iltimosnomani yuborayotgan ichki ishlar idorasining nomi va ularning qaysi ichki ishlar idorasi nomiga yuborilayotganligi;
b) soʻrov yoki iltimosnomaning qaysi ish boʻyicha yuborilayotganligi;
v) guvohlar, jabrlanuvchilar, gumondor shaxslar, ayblanuvchilar, qidirilayotganlar, sudlanuvchilar va mahkumlarning ismi-sharifi, qaysi davlat fuqarosi ekanligi, kasbi-kori va doimiy yashash joyi yoki vaqtinchalik manzilgohi, zarurat tugʻilgan paytlarda esa ularning qonuniy vakillarining ham ismi-sharifi va turar joyi;
g) soʻrov yoki iltimosnomaning mazmuni, shuningdek ularning mohiyatiga oid zarur maʼlumotlar va huquqbuzarlik tarkibining tavsifi.
Ijozat berilgan protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan va tegishlicha rasmiylashtirilgan maxsus qarorlar ham soʻrov yoki iltimosnomaga ilova qilinadi. Soʻrov yoki iltimosnoma ichki ishlar idorasi boshligʻining imzosi va shu idoraning tamgʻali muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi shart. Tomonlar soʻrov va iltimosnomalarni ijro etishda rus tilidan foydalanadilar.
Soʻrov yuborayotgan Tomonning davlat tilida yozilgan soʻrov va iltimosnomalarga ilova qilinadigan hujjatlarga ularning rus tiliga tarjima qilinib, tegishlicha tasdiqlangan matnlari ham tirkab qoʻyiladi.
Soʻrov yoki iltimosnomalar bajarilayotgan paytda ularni ijro etuvchi Tomonning davlat tilida yozilgan hujjatlarni oʻsha Tomonning oʻzi rus tiliga tarjima qiladi.
Tarjimalar vakolatli muassasaning muhri va mansabdor shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi.
Ishni kechiktirib boʻlmaydigan hollarda soʻrovlar ogʻzaki boʻlishi ham mumkin, lekin, ular zudlik bilan yozma ravishda, shu jumladan soʻrov matnini texnik vositalar orqali xabar qilish usuli bilan tasdiqlanishi zarur.
4-modda
Mabodo soʻrov yoki iltimosnoma yuborilgan Tomonda ularni bajarish inson huquqlarining buzilishiga sabab boʻladi va davlatimizning mustaqilligi, xavfsizligi va boshqa muhim manfaatlariga zarar yetkazadi, degan fikr tugʻilsa, mazkur Tomon soʻrov yoki iltimosnomani bajarishni butunlay, yoki boʻlmasa qisman rad etishi mumkin. Basharti oʻsha Tomon shunday qarorga kelgan boʻlsa, u bu toʻgʻrida (rad etish sabablarini koʻrsatib) soʻrov yuborgan Tomonga yozma ravishda xabar qiladi.
5-modda
Agar bir Tomonning boshqa Tomonga yuborgan maʼlumotlari maxfiy boʻlsa yoki maʼlumotlarni yuborgan Tomon ularning mazmuni oshkor qilinmaganligi maʼqul, deb hisoblayotgan boʻlsa, bunday holda Tomonlarning har qaysisi ham boshqa Tomondan olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi. Maʼlumotlarning qay darajada maxfiy ekanligini ularni yuborayotgan Tomonning oʻzi belgilaydi.
6-modda
Tomonlar, oʻz davlatlarining qonunlariga amal qilgan holda, boshqa Tomonning soʻrov yoki iltimosnomasi boʻyicha kuyidagi ishlarda bir-birlariga yordamlashib turish majburiyatini oladilar:
a) tergov va suddan, qochib yurgan shaxslarni ushlash va zarurat tugʻilgan hollarda ularni qamoqqa olish;
b) jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim boʻlgan yoki hukmni ijro etish uchun kerakli shaxslarni ikkinchi Tomonning ixtiyoriga topshirish.
7-modda
Tomonlar, oʻzaro kelishuvga muvofiq, oʻz xodimlarini boshqa Tomonning ichki ishlar idoralariga xizmat safariga yuborishlari mumkin. Oʻsha Tomonda esa bunday xodimlarga ularning olgan topshiriqlarini bajarishlari uchun zarur yordam koʻrsatiladi, ularni huquqiy himoyalash uchun hamma chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlar xodimlarni boshqa Tomonning ichki ishlar idoralariga xizmatga olish, ularga xizmatni oʻtab qoʻygan yillari evaziga qoʻshimcha ravishda ustama haq toʻlanishi uchun oʻtalgan xizmat muddatlarini saqlab qolish va xodimlar qaysi Tomon xizmatiga oʻtkazilgan boʻlsa, ularga davlat nafaqasini oʻsha Tomon ichki ishlar idoralarining xodimlari uchun belgilab qoʻyilgan miqdorda tayinlash masalalarini yakka tartibda va oʻsha Tomon davlatining qonunlari asosida koʻrib chiqish va hal qilish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
9-modda
Tomonlar oʻzaro hamkorlikni amalga oshirishda rus tilidan foydalanadilar.
10-modda
Ushbu Bitimning mazmuni Tomonlarning boshqa xalqaro shartnoma va bitimlar boʻyicha oʻz zimmalariga olgan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish davomida boʻladigan xarajatlarni, agar bu toʻgʻrida boshqacha tartib belgilanmaydigan boʻlsa, oʻzlari koʻtaradilar.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan paytidan boshlab kuchga kiradi. Mabodo, Tomonlarning biri boshqa Tomondan uning Bitim shartlarini bajarmaslik niyatida ekanligi toʻgʻrisida bildirishnoma olsa, shu kundan boshlab oradan olti oy oʻtguncha Bitim oʻz kuchini yoʻqotmaydi va shu muddat ichida unga amal qilib borilaveradi.
Delegatsiyalarning oʻz hukumatlari tomonidan tegishlicha vakolat berilgan rahbarlari yuqorida bayon qilingan tartib-qoidalarni tasdiqlab, rus tilida ikki nusxada tayyorlangan ushbu Bitimni 1992-yil 24-aprel kuni Olmaota shahrida imzoladilar.
Tomonlar mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab bir oy muddat ichida Bitim matnini oʻzbek va latish tillariga tarjima qiladilar va ularni imzo qoʻydirib olish va saqlab turish uchun bir-birlariga yuboradilar.
(imzolar)
