Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (2480-2-son)
03.02.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 3-fevralda 2480-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-iyundagi 109-sonli qarori bilan tasdiqlangan Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish va rasmiylashtirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, shuningdek oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga saralash test sinovlarini oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining 2013-yil 16-iyuldagi 19/qq, 36/qq-sonli qarori (roʻyxat raqami 2480, 2013-yil 19-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 381-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat test markazi direktori J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-yanvar,
05/qq-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori U. SALIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-yanvar,
03/qq-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining 2016-yil 27-yanvardagi 05/qq, 03/qq-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Qabul komissiyasining tarkibiga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktori, Davlat test markazi, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasi hamda xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimlari, tuman (shahar) hokimliklaridan bittadan vakil hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻqituvchilari kiritiladi.
Qabul komissiyasining tarkibi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tavsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori tomonidan tasdiqlanadi. Bunda qabul komissiyasining tarkibi saralash test sinovi oʻtkaziladigan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari belgilangandan soʻng, uch ish kuni ichida tasdiqlanishi lozim.
Davlat test markazi vakili qabul komissiyasi raisi hisoblanadi. Qabul komissiyasi raisi sifatida belgilangan Davlat test markazi vakillari roʻyxati saralash test sinovi oʻtkaziladigan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari belgilangandan soʻng, ikki ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga taqdim etiladi.
Saralash test sinovi oʻtkaziladigan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktori qabul komissiyasi masʼul kotibi hisoblanadi.”.
2. 10-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“saralash test sinovi oʻtkazilishidan 10 kun oldin mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasi 1-shakli boʻyicha abituriyentlardan tushgan arizalar haqida maʼlumotni, mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasi 2-shakli boʻyicha fan olimpiadalari, tanlov va musobaqalar gʻoliblari roʻyxatini qabul komissiyasi masʼul kotibi tomonidan tasdiqlangan holda Davlat test markaziga taqdim etadi va ushbu hujjatlarga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritishi qatʼiyan man qilinadi;”.
3. 20 va 21-ilovalar tegishlicha mazkur oʻzgartirishlarning 1 va 2-ilovalariga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
4. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2016-yil 27-yanvar
Madaniyat va sport ishlari vaziri B. AXMEDOV
2016-yil 27-yanvar
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A. NURIDINOV
2016-yil 27-yanvar
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2016-yil 27-yanvar
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2016-yil 27-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga 20-ILOVA
Izoh: ushbu dalolatnoma abituriyentning javoblar varaqasi va titul varaqasi bilan birgalikda yelimlanib, javoblar varaqasi paketiga solinadi. Agar abituriyent test materiallarini oʻz vaqtida topshirmasa, dalolatnoma uning titul varaqasi bilan birgalikda yelimlanib, javoblar varaqasi paketiga solinadi.”.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga 2-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida saralash test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga 21-ILOVA
Izoh: ariza test sinovi oʻtgan kuni test sinovi oʻtkazilgan binoda shaxsan abituriyent tomonidan ikki nusxada yoziladi va bir nusxasi qabul komissiyasi orqali Davlat test markaziga taqdim etiladi. Ariza qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida arizaning ikkinchi nusxasiga arizasi qabul qilib oluvchining familiyasi va ismi, imzosi va ariza qabul qilib olingan sana qoʻyiladi.”.
