Mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini qoʻllash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (2759-son)
03.02.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 3-fevralda 2759-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini qoʻllash qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-yanvar,
3-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-yanvar,
2016-05-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2016-yil 28-yanvardagi 3, 2016-05-son qaroriga ILOVA
Mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini qoʻllash
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2016-yil 1-yanvardan boshlab mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda uyali aloqa kompaniyalari deb yuritiladi) rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini tabaqalashtirilgan stavkalar boʻyicha hisoblab chiqaradi.
2-bob. Rentabellik darajasini aniqlash
2. Rentabellik Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2002-yil 27-dekabrdagi 140-son “Moliyaviy hisobot shakllari va ularni toʻldirish boʻyicha qoidalarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1209, 2003-yil 24-yanvar) bilan tasdiqlangan Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot — 2-son shakl (keyingi oʻrinlarda Hisobot deb yuritiladi) koʻrsatkichlaridan kelib chiqib quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi.
Rh = F / T x 100%, bunda:
Rh — rentabellikning haqiqatdagi darajasi;
F — foyda soligʻini toʻlagunga qadar foyda (zarar) — Hisobotning 240-satri;
T — sotilgan mahsulot (tovar, ish va xizmat) larning tannarxi — Hisobotning 020-satri.
3-bob. Rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini qoʻllash
3. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkalari rentabellik darajasiga qarab:
20 foizgacha va 20 foiz boʻlganda — 14 foiz miqdorida;
20 foizdan yuqori boʻlganda — rentabellikning 20 foizlik darajasidan oshadigan foyda summasining 50 foizi miqdorida belgilangan.
4. Rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori boʻlganda belgilangan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasiga realizatsiyaning umumiy hajmidagi eksport ulushiga qarab tuzatish kiritilmaydi.
5. Mazkur Qoidalarning 2-bandiga muvofiq hisoblangan rentabellikning haqiqatdagi darajasi 20 foizdan oshmagan holda yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining 14 foizlik stavkasi soliq solinadigan bazaning butun summasiga qoʻllaniladi.
6. Rentabellik darajasi 20 foizdan oshganda yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi tabaqalashtirilgan stavkalar boʻyicha hisoblab chiqiladi.
Bunda yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasini aniqlash uchun belgilangan tartibda hisoblab chiqarilgan soliq solish bazasining:
rentabellik darajasi 20 foizgacha boʻlgan;
rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori boʻlgan qismi aniqlanadi.
7. Rentabellik darajasining 20 foizigacha toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
SB 20%gacha = SBh × ((20% / Rh) × 100%), bunda:
SB 20%gacha — rentabellik darajasining 20 foizigacha toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi;
SBh — soliq solish bazasi (Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobining 150-satri);
Rh — rentabellikning haqiqatdagi darajasi.
8. Rentabellik darajasining 20 foizidan yuqori qismiga toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
SB 20%dan yuqori = SBh — SB 20%gacha, bunda:
bunda:
SB 20%dan yuqori — rentabellik darajasining 20 foizidan yuqori qismiga toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi;
SBh — soliq solish bazasi (Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobining 150-satri);
SB 20%gacha — rentabellik darajasining 20 foizigacha toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi.
9. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasi quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
ΣΣsoliq = (SB 20%gacha × 14%) + (SB 20%dan yuqori × 50%), bunda:
ΣΣsoliq — yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasi;
SB 20%gacha — rentabellik darajasining 20 foizigacha toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi;
SB 20%dan yuqori — rentabellik darajasining 20 foizidan yuqori qismiga toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi.
Rentabellik darajasiga qarab soliq solish bazasi summasini aniqlash va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasi hisoblab chiqarishga doir shartli misollar mazkur Qoidalarning ilovasida keltirilgan.
4-bob. Yakuniy qoidalar
10. Uyali aloqa kompaniyalaridan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga tushumlarni hisobini yuritish maqsadida rentabellik darajasining 20 foizidan yuqori qismiga toʻgʻri keladigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasi tegishli davlat soliq xizmati organlariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklarida ochiladigan alohida hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
11. Soliq toʻlovchilar mazkur Qoidalarni toʻgʻri qoʻllash yuzasidan javobgardirlar.
12. Davlat soliq xizmati organlari uyali aloqa kompaniyalari tomonidan rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash ustidan qonun hujjatlariga muvofiq nazoratni amalga oshiradi.
Mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini qoʻllash qoidalariga ILOVA
Rentabellik darajasiga qarab soliq solish bazasi summasini aniqlash va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasini hisoblab chiqarishga doir
ShARTLI MISOLLAR
Koʻrsatkichlar Satr kodi 1-misol 2-misol Summa Sotilgan mahsulot (tovar, ish va xizmat)larning tannarxi (“Moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot” — 2-son shaklning 020-satri) 010 77 000,0 80 000,0 Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlagunga qadar foyda (zarar) (“Moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot” — 2-son shaklning 240-satri) 020 20 000,0 12 000,0 Rentabellikning haqiqatdagi darajasi, %da (020-satr / 010-satr × 100%) 030 26,0% 15,0% Soliq solish bazasi (Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobining 150-satri) 040 25 000,0 17 000,0 Soliq solish bazasi, shu jumladan: 050 × × rentabellik darajasining 20 foizigacha toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi [040-satr × ((20% / 030-satr) × 100%), biroq 040-satrdan koʻp boʻlmagan miqdorda] 051 19 250,0 17 000,0 rentabellik darajasining 20 foizidan yuqori qismiga toʻgʻri keladigan soliq solish bazasi (040-satr — 051-satr) 052 5 750,0 0,0 Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining belgilangan stavkalari: 060 × × rentabellik darajasi 20 foizgacha boʻlganda 061 14% 14% rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori boʻlganda 062 50% 50% Yuridik shaxslardan olinadigan foyda sol�gʻi summasi — jami (071-satr + 072-satr), shu jumladan: 070 5 570,0 2 380,0 rentabellik darajasi 20 foizgacha boʻlganda (051-satr × 061-satr) 071 2 695,0 2 380,0 rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori boʻlganda (052-satr × 062-satr) 072 2 875,0 0,0
