Hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya tuzish toʻgʻrisida
18.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida
Protokol
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi, bundan keyin Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy va gumanitar sohalarda keng hamkorlikni rivojlantirishga imkon beruvchi shartnoma-huquq bazasiga asoslanib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida hamkorlikni faollashtirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya (bundan keyin Qoʻshma komissiya) tuzish.
2. Qoʻshma komissiyaning Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan raisi etib — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari:
Qoʻshma komissiyaning Ozarbayjon Respublikasi tomonidan raisi etib — Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya toʻgʻrisida nizom (ilova qilinadi) tasdiqlanadi.
3. Oʻzlarining mamlakat hukumatlariga bir oy muddat ichida tenglik asoslarida Qoʻshma komissiya tarkibini tasdiqlash topshiriladi.
4. Ushbu Protokol imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi. Agar Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri navbatdagi muddat tugashidan kamida 6 oy ilgari Protokolning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda ikkinchi Yuqori Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qilmasa, ushbu Protokolning amal qilish muddati keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan choʻziladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyani (bundan keyin Qoʻshma komissiya) iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalarda har tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan.
2. Qoʻshma komissiyaning vazifalari:
ikki tomonlama oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi sohalarda hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirishishga koʻmaklashish;
kelishilgan bitimlar doirasida har tomonlama hamkorlikning turli sohalarini faollashtirishga, birgalikda qabul qilingan qarorlarning bajarilishiga koʻmaklashish, oʻzaro munosabatlarning turli masalalari boʻyicha oʻzlarining hukumatlariga takliflar kiritish.
3. Qoʻshma komissiya Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi tomonidan teng miqdordagi aʼzolardan tuziladi.
4. Qoʻshma komissiya raislarining takliflari boʻyicha hukumatlarining qarori bilan Qoʻshma komissiya raislarining oʻrinbosarlari, masʼul kotiblar va aʼzolari tayinlanadi.
Raislar Qoʻshma komissiya faoliyatini muvofiqlashtiradilar va tashkil etishni taʼminlaydilar, doimiy ravishda maslahatlashadilar va maʼlumot bilan almashadilar.
5. Qoʻshma komissiya yigʻilishining kun tartibi raislar tomonidan kelishib olingan va tasdiqlangan bir yillik tadbirlar istiqbol rejasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Navbatdagi yigʻilishning kun tartibi Qoʻshma komissiya raislari tomonidan kelishiladi.
6. Qoʻshma komissiya muvofiqlashtirilgan muddatlarda, lekin yilda kamida ikki marotaba yigʻilish oʻtkazadi.
Qoʻshma komissiya yigʻilishlari navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasida va Ozarbayjon Respublikasida yigʻilishni oʻtkazayotgan davlatdan rais raisligida oʻtkaziladi.
7. Qoʻshma komissiya yigʻilishlari uchun materiallarni tayyorlashga davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xodimlari, shuningdek ekspertlar jalb etiladi.
8. Zarur boʻlgan holda raislardan birining tashabbusi bilan, Qoʻshma komissiyaning navbatdan tashqari yigʻilishi chaqirilishi mumkin.
9. Qoʻshma komissiya qarorlari imzolangan kundan kuchga kiradi, agar boshqa tartib oʻrnatilmagan boʻlsa.
Raislardan birining fikricha, tegishli davlat organlari bilan kelishilishi lozim boʻlgan qarorlar ular maʼqullanganligi toʻgʻrisida boshqa rais xabar olgan kundan boshlab kuchga kiradi.
Kelishish muddati Qoʻshma komissiya qarori qabul qilingan kundan boshlab oʻttiz kundan oshmasligi kerak.
10. Qoʻshma komissiyaning ishchi tili rus tili boʻladi.
Qoʻshma komissiya yigʻilishining protokollari raislar tomonidan imzolanadi.
11. Oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida Qoʻshma komissiya zarur boʻlgan holda doimiy va muvaqqat kichik komissiyalarini va ishchi guruhlarini tuzishi mumkin.
12. Yigʻilishlarni oʻtkazish, jumladan Qoʻshma komissiya aʼzolarining yashashi, ovqatlanishni va transport xizmati boʻyicha xarajatlarni hududida yigʻilish oʻtkazilayotgan davlat, yigʻilish joyiga borish va qaytish boʻyicha xarajatlarni esa yuboruvchi davlat qoplaydi.
