Buyurtmachi oʻziga koʻrsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan muddatlarda va tartibda toʻlashi shart (10-0814/15293-son)
30.06.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Toshkent shahar bojxona boshqarmasidan 50 286 898,75 soʻm asosiy qarz, 25143449 soʻm penya, 7040166 soʻm olinmay qolgan daromad, 502870 soʻm davlat boji va 5000 soʻm pochta xarajatlari, jami 82978383,75 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan Toshkent shahar bojxona boshqarmasidan 50286898,75 soʻm asosiy qarz, 7543035 soʻm penya, 510070 soʻm sud xarajatlari undirilgan. Qolgan daʼvo talablari rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2007-yil 12-yanvarda xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida 2-son shartnoma tuzilgan. Unga koʻra “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi taqdim etgan mahsulotlarning sifatini, tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodini aniqlash va sertifikat berish, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi esa shartlashilgan narxlarda koʻrsatilgan xizmat haqini toʻlash majburiyatini olgan.
Shartnomaning 2.2-bandiga koʻra, javobgar hisobvaraq-fakturasi taqdim etilganidan keyin besh kun ichida koʻrsatilgan xizmat haqini toʻlashi lozim boʻlgan.
Ishga taqdim etilgan topshirish-qabul qilish dalolatnomalari hamda hisobvaraq-fakturalardan koʻrinishicha, daʼvogar javobgarga 2007-2008-yillarda jami 50286898,75 soʻmlik xizmat koʻrsatgan. Ammo javobgar koʻrsatilgan xizmat haqini toʻlamagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 705-moddasining birinchi qismiga asosan buyurtmachi oʻziga koʻrsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan muddatlarda va tartibda toʻlashi shart. Shu sababli sud javobgardan daʼvogarga koʻrsatilgan xizmat boʻyicha yuzaga kelgan 50286898,75 soʻm asosiy qarzni toʻgʻri undirgan.
Daʼvogar javobgar oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun 25143449 soʻm penya undirishni soʻragan. Sud Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasini qoʻllab, undirilishi lozim boʻlgan penya miqdorini 7543035 soʻmgacha kamaytirgan.
Olinmay qolgan daromad, yaʼni 7040166 soʻm zararni undirish haqidagi talab daʼvogar tomonidan isbotlanmagan. Zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan tarafning qilgan xarajatlari, mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganda taraf olishi mumkin boʻlgan, lekin uning ololmay qolgan daromadlari, huquqi buzilgan shaxsning huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari ham kiradi. Bunday xarajatlarning zaruriyligi va ularning taxminiy miqdori asoslantirilgan hisob-kitob, tovar, ish, xizmat koʻrsatishdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ketadigan xarajatlar smetasi (kalkulatsiya) sifatidagi dalillar, majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik darajasini belgilovchi shartnoma va boshqalar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Ushbular haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2007-yil 15-iyundagi 163-son qarorining 4 va 19-bandlarida tushuntirish berilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 5000 soʻm pochta xarajatlari javobgar zimmasida qoldiriladi.
2009-yil 30-iyun,
10-0814/15293-son
