Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2755-son)
28.01.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 28-yanvarda 2755-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2016-yil 11-yanvar,
110-son
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi D. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2016-yil 11-yanvar,
01/03-26/29-son
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 11-yanvardagi 110, 01/03-26/29-sonli qaroriga ILOVA
Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-sonli “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 30-sentabrdagi PQ-2414-sonli “Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-oktabrdagi 305-sonli “Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazining samarali faoliyatini taʼminlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish tartibini belgilaydi.
1-bob Umumiy qoidalar
1. Korporativ boshqaruvchi malaka attestati (bundan buyon matnda malaka attestati deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi (bundan buyon matnda Oliy maktab deb yuritiladi) tomonidan korporativ boshqaruv sohasida malaka mavjudligini tasdiqlash uchun beriladi.
2. Xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushi boʻyicha davlatning ishonchli vakillari va kuzatuv kengashi aʼzolari sifatida tayinlanadigan shaxslar malaka attestatini olishi shart, quyidagilar bundan mustasno:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) xodimlari;
investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchisi tomonidan kuzatuv kengashi aʼzosi sifatida ilgari surilgan shaxslar;
kuzatuv kengashining davlat ulushi boʻyicha mustaqil aʼzosi sifatida ilgari surilgan, tegishli tarmoqda ish tajribasiga ega boʻlgan, shu jumladan xorijiy shaxslar;
kuzatuv kengashi tarkibiga kiritish uchun malaka attestatiga ega nomzodlar belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan xoʻjalik jamiyatlarining aksiyadorlari (ishtirokchilari) hisoblangan mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari — belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan nomzodlar tasdiqlangunga qadar muddatda. Bunda ushbu rahbarlar mazkur muddat mobaynida oʻzining oʻrniga yoki qoʻshimcha ravishda oʻzining xodimlarini kuzatuv kengashi tarkibiga nomzod sifatida tayinlash huquqiga ega.
3. Malaka attestatini olish uchun faqat Oliy maktabning korporativ boshqaruvchi maxsus dasturi boʻyicha oʻquv kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi davlat sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar daʼvogarlik qilish huquqiga ega. Bunda ariza ushbu oʻquv kurslari yakunlangan kundan boshlab bir yil mobaynida berilishi mumkin.
2-bob Malaka attestatini olishga daʼvogarlik qilayotgan shaxslar bilan suhbat oʻtkazish
4. Malaka attestatini berish suhbat natijalari asosida amalga oshiriladi.
5. Malaka attestatini olishga daʼvogarlik qilayotgan shaxs (bundan buyon matnda arizachi deb yuritiladi) Oliy maktabga F.I.O., pasport va bogʻlanish maʼlumotlari, ish joyi koʻrsatilgan arizani taqdim etadi.
6. Arizachi bevosita, pochta aloqa vositalari orqali yoki elektron shaklda ariza berishi mumkin.
7. Arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun arizachi javobgar hisoblanadi.
8. Oliy maktab ariza olgan kundan bir ish kuni mobaynida arizachini suhbatga kiritish haqida qaror qabul qiladi yoki mazkur Nizomning 3 va 18-bandlari talablariga rioya etilmagan taqdirda, asoslantirilgan rad javobini yuboradi.
9. Suhbat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Agentlik va Oliy maktabning masʼul xodimlaridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan oʻtkaziladi. Komissiya tarkibiga qoʻshimcha ravishda boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiritilishi mumkin. Komissiyaning shaxsiy tarkibi Oliy maktab direktori qarori bilan tasdiqlanadi.
Komissiya aʼzolarining soni 9 kishidan kam boʻlmasligi kerak. Komissiyaning raisi Oliy maktab direktori, uning yoʻqligida esa oʻrnini bosuvchi shaxs hisoblanadi.
10. Komissiya majlislari arizalar mavjudligida har juma kuni oʻtkaziladi.
11. Oliy maktab komissiya majlisi oʻtkazilishidan kamida 2 kun oldin oʻtkazilish sanasi va joyi haqida oʻz veb-saytida maʼlumotni eʼlon qiladi va komissiya aʼzolarini xabardor qiladi.
12. Komissiya yigʻilishlari aʼzolarining kamida 75 foizi ishtirok etganida vakolatli hisoblanadi.
13. Har bir arizachi bilan suhbat oʻtkazishning davomiyligi 15 daqiqadan oshmasligi kerak.
14. Suhbat davlat tilida oʻtkaziladi. Suhbat arizachining soʻroviga asosan Oliy maktabning imkoniyatlaridan kelib chiqib boshqa tillarda ham oʻtkazilishi mumkin.
15. Komissiya qarorlari yigʻilishda ishtirok etayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ovozlar teng boʻlgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Oʻtkazilgan suhbat natijalari boʻyicha komissiya tomonidan malaka attestatini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladigan qaror qabul qilinadi. Bayonnoma komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi va uning raisi tomonidan tasdiqlanadi.
17. Suhbatdan oʻtmaganda yoki suhbatga kelmaganda komissiya tomonidan keyinchalik arizachini xabardor qilgan holda malaka attestatini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
18. Suhbatdan oʻtmagan yoki suhbatga kelmagan shaxs korporativ boshqaruvchi maxsus dasturi boʻyicha oʻquv kurslari tugagan kundan bir yil mobaynida umumiy tartibda 3-martadan koʻp boʻlmagan takroriy arizalar berishi mumkin.
19. Suhbatdan oʻtgan shaxs komissiyaning malaka attestatini berish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan soʻng 3 oy muddatda Oliy maktabga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida qiymat toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasini taqdim etadi. Shundan soʻng Olyi maktab tomonidan 3 kun muddatda malaka attestati rasmiylashtiriladi va beriladi.
Arizachi tomonidan 3 oy muddatda Oliy maktabga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida qiymat toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasi taqdim etilmaganda komissiya qarorining ushbu arizachiga malaka attestatini berish boʻyicha qismi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
20. Malaka attestatining amal qilish muddati 5 yilni tashkil etadi va uzaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Malaka attestati blankasi qatʼiy hisobda turadigan hujjat hisoblanadi, hisobga olish raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Malaka attestati blankasi mazkur Nizomga ilovaga muvofiq shaklda tayyorlanadi.
3-bob Malaka attestatini qayta rasmiylashtirish va uning dublikatini berish
22. Malaka attestatini qayta rasmiylashtirish unda koʻrsatilgan pasport maʼlumotlarining oʻzgarishi munosabati bilan amalga oshiriladi. Buning uchun malaka attestatining egasi Oliy maktabga quyidagilarni taqdim etadi:
malaka attestatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza;
qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan malaka attestatining asl nusxasi;
pasport maʼlumotlariga kiritilgan oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
malaka attestatini olishda toʻlanadigan qiymatning yarmi miqdori toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasi.
23. Malaka attestatini qayta rasmiylashtirish mazkur Nizomning 22-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 5 kun mobaynida avval berilgan malaka attestatining qolgan amal qilish muddatiga malaka attestatining yangi blankasini berish orqali amalga oshiriladi.
Avval berilgan malaka attestatining blankasi yoʻq qilinadi.
24. Malaka attestatining dublikati yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka attestatining oʻrniga beriladi. Buning uchun malaka attestatining egasi Oliy maktabga quyidagilarni taqdim etadi:
malaka attestatining dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza;
yaroqsiz xolga kelgan malaka attestatining asl nusxasi (malaka attestati yaroqsiz holga kelganda);
malaka attestatini olishda toʻlanadigan qiymatning yarmi miqdori toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatining nusxasi.
25. Malaka attestatining dublikatini berish mazkur Nizomning 24-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 5 kun mobaynida avval berilgan malaka attestatining qolgan amal qilish muddatiga yuqori oʻng burchagida “Dublikat” soʻzi koʻrsatilgan malaka attestatining yangi blankasini berish orqali amalga oshiriladi.
Yaroqsiz xolga kelgan avval berilgan malaka attestatining blankasi yoʻq qilinadi.
4-bob Yakuniy qoidalar
26. Oliy maktab malaka attestatiga ega boʻlgan shaxslar reyestrini yuritadi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
malaka attestati berilgan sana va raqami;
malaka attestatiga ega boʻlgan shaxslarning pasport, bogʻlanish maʼlumotlari va ish joyi;
qayta rasmiylashtirilgan malaka attestatlari va ularning dublikatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
27. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
28. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2016-yil 11-yanvar
Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi direktori B. GANIXODJAYEV
2016-yil 11-yanvar
Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019-yil 11-martdagi 53, 01/10-10/52-sonli qarori (roʻyxat raqami 2755-1, 16.04.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2019-y., 10/19/2755-1/2778-son)
