Sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak (21-0907/8588-son)
05.04.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Navoiy viloyat prokurori Navoiy kon-metallurgiya kombinati manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “Ichimlik suv ishlab chiqarish” MChJdan 139066855 soʻm asosiy qarz va 8552223 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, daʼvogar foydasiga javobgardan 93833161 soʻm asosiy qarz va 8552223 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga koʻra kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishni hamda ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan “Ichimlik suv ishlab chiqarish” MChJ oʻrtasida ichimlik suvi yetkazib berish toʻgʻrisida 2009-yil 8-yanvarda 1/111-sonli shartnoma tuzilgan. Unga koʻra, Navoiy kon-metallurgiya kombinati “Ichimlik suv ishlab chiqarish” MChJga ichimlik suvi xizmatlarini koʻrsatish, “Ichimlik suv ishlab chiqarish” MChJ esa koʻrsatilgan xizmatlarning haqini oʻz vaqtida toʻlash majburiyatini olgan.
Nizoni hal qilishda birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar aniqlanmagan, sud aniqlangan deb hisoblagan holatlar isbotlanmagan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogar talab qilayotgan asosiy qarz summasi javobgarga ichimlik suvi yetkazib berilishi oqibatida yoki javobgarning nazorat suv oʻlchagichi yoʻqligi sababli kelib chiqqanligi holati aniqlanmagan.
Sud daʼvoning asosiy qarz summasini qisman qanoatlantirishda notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, shartnomaning 3.3-bandida “isteʼmolchi”da nazorat suv oʻlchagichi yoʻq boʻlgan holda isteʼmolchining suvdan foydalanganligi uchun koʻrsatilgan formula boʻyicha hisoblanishi lozimligi kelishilgan.
Binobarin, birinchi instansiya sudi shartnomaning ushbu shartiga huquqiy baho bermagan.
Shartnomaning ushbu bandi bekor qilingani yoki haqiqiy emas deb topilgan holati sud tomonidan aniqlanmagan.
Bundan tashqari, birinchi instansiya sudi taraflar oʻrtasida 2009-yil 8-yanvarda tuzilgan 1/111-sonli shartnomaga qoʻshimcha kelishuvni majburiy tuzish toʻgʻrisida daʼvogar tomonidan sudga murojaat etilgani hamda daʼvo sud tomonidan rad etilganligi bois, yuridik kuchga ega emas, degan asossiz xulosaga kelgan.
Vaholanki, ushbu qoʻshimcha kelishuv sud tomonidan talab qilib olinib oʻrganilmagan hamda daʼvogarning qoʻshimcha kelishuvni majburiy tuzish toʻgʻrisidagi talabi sud tomonidan rad etilgani asoslanmagan, daʼvogarning talab qilayotgan asosiy qarz summasining hisob-kitobi tekshirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisida sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerakligi, qayd etilgan talablarga rioya etmaslik qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.
Yuqorida qayd etilganlarga asosan sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishni hamda ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi yuqorida keltirilgan holatlarni muhokama qilib, ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq oʻrganib va tegishli dalillarni talab qilib olib, zarur holatda mutaxassisni ishga jalb qilish masalasini muhokama etib, moddiy huquq normalari bilan asoslantirilgan qaror qabul qilishi hamda ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlab, undirishi lozim boʻladi.
2010-yil 5-aprel,
21-0907/8588-son
