Qonunda advokatlik byurolari (firmalari) xoʻjalik sudlariga murojaat qilishda davlat boji toʻlovidan ozod etilishi nazarda tutilmagan (22-0902/1750-son)
05.04.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Umid” advokatlik byurosi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “Yangilik” savdo-ishlab chiqarish firmasidan 1537890 soʻm undirishni soʻragan.
Xorazm viloyat xoʻjalik sudining 2009-yil 17-avgustdagi ajrimi bilan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Xorazm viloyat xoʻjalik sudining 2010-yil 11-yanvardagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyati qaytarilgan.
Kassatsiya shikoyatida 2010-yil 11-yanvardagi apellatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, sud ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2006-yil 15-avgustda huquqiy xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma imzolangan. Mazkur shartnoma yuzasidan kelib chiqqan nizo boʻyicha taraflar oʻrtasida 2009-yil 17-avgustda kelishuv bitimi tuzilgan va birinchi instansiya sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 86-moddasining 7-bandiga asosan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Sud ajrimidan norozi boʻlgan “Umid” advokatlik byurosi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 328-moddasining 2-bandiga koʻra, xoʻjalik sudining ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimlari ustidan berilgan apellatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan davlat boji undiriladi.
Ushbu Kodeksning 330-moddasida xoʻjalik sudlarida davlat bojini toʻlashdan ozod qilish asoslari keltirilgan boʻlib, bunda advokatlik byurolari (firmalari) xoʻjalik sudlariga murojaat qilishda davlat boji toʻlovidan ozod etilganligi nazarda tutilmagan.
“Umid” advokatlik byurosi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilishda belgilangan tartibda davlat boji va pochta xarajatlarini toʻlamagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 162-moddasi birinchi qismining 3-bandiga koʻra, davlat boji belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar apellatsiya shikoyatiga ilova qilinmagan boʻlsa, qonunda davlat bojini toʻlash muddatini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa, bu haqda iltimosnoma berilmagan yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa, sudya apellatsiya shikoyatini qaytarishi belgilangan.
Xoʻjalik protsessual kodeksining 91-moddasida alohida hollarda sud daʼvogarning arizasiga koʻra uning mulkiy ahvoliga qarab, davlat bojini toʻlashni kechiktirishga yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berishga haqli ekanligi qayd etilgan. Lekin, daʼvogar davlat boji toʻlashni kechiktirish toʻgʻrisida ariza taqdim etganini isbotlab bera olmagan. Binobarin, ish hujjatlarida ham daʼvogarning mulkiy ahvoli haqida ariza yoki iltimosnoma mavjud emas.
Bunday holda sudlov hayʼati sud tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan ajrim qabul qilingan deb hisoblab, sud hujjatini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni hamda ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq davlat boji va pochta xarajatlarini daʼvogardan undirishni lozim topadi.
2010-yil 5-aprel,
22-0902/1750-son
