Sud ishni ishda ishtirok etuvchi, majlis joyi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birortasining yoʻqligida koʻrgan boʻlsa, hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi (10-1307/7661-son)
06.11.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Daʼvogar “Eski-Juva dehqon bozori” OAJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Raʼno xoji ona” xususiy korxonasidan 7 210 500 soʻm zarar undirish va 2013-yil uchun bozor infratuzilmasidan foydalanganlik uchun shartnoma tuzish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Sudning 2013-yil 27-maydagi ajrimi bilan Toshkent shahar yer resurslari va koʻchmas mulk kadastri boshqarmasi, Shayxontohur tuman hokimligi hamda Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2013-yil 5-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Raʼno xoji ona” xususiy korxonasidan “Eski-Juva dehqon bozori” OAJ foydasiga infratuzilma toʻlovlari uchun 7 210 500 soʻm undirilgan, daʼvoning 2013-yil uchun shartnoma tuzishga majburlash haqidagi qismi koʻrmasdan qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida ish sud tomonidan javobgar vakilining ishtirokisiz koʻrib chiqilganligi va ish holatlari toʻliq aniqlanmaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Kassatsiya protestida sudlar tomonidan javobgar vakilining ishtiroki taʼminlanmaganligi sababli, sud qarorlarini bekor qilib ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestda keltirilgan vajlarini muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagi asoslarga koʻra, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim deb hisoblaydi.
Aniqlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1326-sonli qarori asosida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2011-yil 10-iyundagi 73/4-13-sonli, 2012-yil 18-apreldagi 144/4-18-sonli hamda 2013-yil 9-apreldagi 239/4-25-sonli qarorlari qabul qilingan.
Ushbu qarorlarda bozor hududida qurilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tegishli yer va mulkka egalik huquqi mavjud boʻlgan bino, inshoat va qurilmalar egalaridan bozor infratuzilmasidan foydalanganligi uchun toʻlovlar undirilishi va ularning eng kam miqdori belgilangan.
“Eski-Juva dehqon bozori” OAJ tomonidan 2013-yil 19-yanvarda “Raʼno xoji ona” xususiy korxonasiga nisbatan murojaat qilinib, 2013-yil yanvar — aprel oylari uchun jami 7 210 500 soʻm miqdorida infratuzilma toʻlovlarini undirishni soʻragan.
Nizoni hal qilish jarayonida sudlar tomonidan protsessual huquq normalarini qoʻllashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
Javobgar “Raʼno xoji ona” xususiy korxonasiga sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisidagi sudning ajrimi yetkazilmagan.
Daʼvo arizasida javobgar “Raʼno xoji ona” xususiy korxonasining manzili: Olmazor tumani, Birlik koʻchasi, 1-uy deb koʻrsatilgan boʻlsada, sudlar tomonidan sud ajrimlari Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Bozor maydoni, 28-uy manziliga yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 124-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida sudning ajrimi orqali xabardor qilinadi, ajrim topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 170-moddasi ikkinchi qismining 2-bandiga koʻra, sud ishni ishda ishtirok etuvchi, majlis joyi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birortasining yoʻqligida koʻrgan boʻlsa, hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Bu holatda, “Raʼno xoji ona” xususiy korxonasining sud majlisida ishtiroki taʼminlanmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiyasi sudida ishlarni koʻrilishida Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksinining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 162-sonli qarorining 29-bandining toʻrtinchi xatboshisiga koʻra, tegishli tartibda sud muhokamasining vaqti va joyi haqida xabardor qilinmagan shaxsning ishtirokisiz ishning koʻrilishiga yoʻl qoʻyilmaydi va bu har qanday holda hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos boʻlishi haqida tushuntirish berilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu Plenum qarori talablariga rioya etilmagan.
Qayd etilganlarga asosan, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini va protestni qanoatlantirib, sud qarorlarini bekor qilishni va ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda sud yuqorida qayd etilgan holatlarni muhokama qilib, taraflar vakillarining ishtirokini taʼminlash chorasini koʻrib, daʼvo talablariga huquqiy baho berib, moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan qaror qabul qilishi lozim boʻladi.
2013-yil 6-noyabr,
10-1307/7661-son
