Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2754-son)
16.01.2016
OʻZBEKISTON STANDARTLASHTIRISH, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLASHTIRISH AGENTLIGI BOSH DIREKTORINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 16-yanvarda 2754-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-oktabrdagi 298-sonli “2020-yilgacha boʻlgan davrda sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Bosh direktor A. KURBANOV
Toshkent sh.,
2016-yil 4-yanvar,
2-son
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2016-yil 4-yanvardagi 2-sonli buyrugʻiga ILOVA
Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-oktabrdagi 298-sonli “2020-yilgacha boʻlgan davrda sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — menejment tizimlarini sertifikatlashtirishga talabgor boʻlgan yuridik shaxs;
menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organi (bundan buyon matnda MTSO deb yuritiladi) — menejment tizimlarini sertifikatlashtirishga doir ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan yuridik shaxs;
menejment tizimlarini sertifikatlashtirish (bundan buyon matnda sertifikatlashtirish deb yuritiladi) — menejment tizimlarining belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlashga oid faoliyat;
muvofiqlik sertifikati — sertifikatlashtirilgan menejment tizimlarining belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat.
2. Menejment tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish ariza beruvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli malakaga ega boʻlgan maslahatchini jalb etish orqali amalga oshiriladi. Bunda maslahatchini jalb etish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Sertifikatlashtirishni oʻtkazish
3. Sertifikatlashtirish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda sertifikatlashtirishga ariza berish;
sertifikatlashtirishga arizani koʻrib chiqish va qaror qabul qilish;
sertifikatlashtirishni oʻtkazishga shartnoma tuzish;
sertifikatlashtirishni oʻtkazish uchun auditorlar guruhini shakllantirish va tayinlash;
menejment tizimlari hujjatlarining tahlili va uning natijalari boʻyicha hisobot tuzish;
menejment tizimlari auditini oʻtkazish va uning natijalari boʻyicha hisobot tuzish;
sertifikatlashtirish boʻyicha qaror qabul qilish;
muvofiqlik sertifikatini Sertifikatlashtirish milliy tizimi davlat reyestrida (bundan buyon matnda Davlat reyestri deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtkazish va berish.
4. Sertifikatlashtirish MTSO tomonidan sertifikatlashtirishga arizaga asosan amalga oshiriladi. MTSO ni tanlash ariza beruvchi tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.
5. Ariza beruvchi MTSO ga ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarni ilova qilgan holda sertifikatlashtirishga ariza beradi.
6. Ariza beruvchi sertifikatlashtirishga arizani, unga zarur hujjatlar va maʼlumotlarni ilova qilgan holda bevosita, pochta aloqasi vositasi orqali yoki elektron shaklda berishi mumkin.
Sertifikatlashtirishga ariza elektron shaklda berilgan taqdirda MTSO hujjatlarning skaner qilingan versiyasini qabul qiladi, soʻngra ularni sertifikatlashtirish jarayonida asl nusxasi bilan taqqoslaydi. MTSO elektron shakldagi sertifikatlashtirishga ariza olingani toʻgʻrisida ariza beruvchini shu kunning oʻzida xabardor qilinishini taʼminlaydi.
7. Sertifikatlashtirishga arizaga:
sifat boʻyicha qoʻllanmani (agar mavjud boʻlsa);
menejment tizimi sohasi boʻyicha siyosat va maqsadlarni;
menejment tizimining ishlashi uchun zarur boʻlgan jarayonlarning tavsifini;
menejment tizimining muvofiqligiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan xavflarning tavsifini;
menejment tizimi ishlashi yuzasidan ariza beruvchining rahbariyati tomonidan ichki audit va tahlil oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi dalillarni oʻz ichiga olgan hujjatlar va maʼlumotlar ilova qilinadi.
Ariza beruvchi oʻz ixtiyoriga koʻra qoʻshimcha hujjatlarni taqdim qilishi mumkin.
8. Sertifikatlashtirishga ariza va unga ilova qilingan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
9. MTSO sertifikatlashtirishga arizani koʻrib chiqadi va taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi, natijalari boʻyicha 3 kun mobaynida sertifikatlashtirishga arizani qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki asoslantirilgan rad javobini yuboradi.
10. Sertifikatlashtirishga arizani qabul qilishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarning toʻliq taqdim etilmaganligi;
sertifikatlashtirishga arizaga ilova qilingan hujjatlar va maʼlumotlarning soxtaligi yoki notoʻgʻriligining aniqlanganligi;
sertifikatlashtirishga arizaning ushbu Nizom bilan belgilangan boshqa talablarga nomuvofiqligi.
11. Sertifikatlashtirishga arizani qabul qilish rad etilganda hujjatlar ariza beruvchiga qaytariladi.
Ariza beruvchi rad etish sabablarini bartaraf etgandan soʻng qayta sertifikatlashtirishga ariza berish huquqiga ega.
12. Sertifikatlashtirishga ariza qabul qilingan holatda uni qabul qilgan kundan boshlab 3 kun ichida MTSO va ariza beruvchi oʻrtasida sertifikatlashtirishni oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
13. Sertifikatlashtirish boʻyicha ishlar qiymatining toʻlovi uning natijalaridan qatʼi nazar, sertifikatlashtirishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan miqdorda va tartibda amalga oshiriladi. Bunda sertifikatlashtirish boʻyicha ishlar qiymatining toʻlovi sertifikatlashtirish boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar amalga oshirilishi kerak.
14. Sertifikatlashtirish boʻyicha ishlar qiymatining birinchi toʻlovidan soʻng 10 kun ichida, biroq shartnoma tuzilgandan soʻng 20 kundan kechiktirmay MTSO sertifikatlashtirishni oʻtkazish boʻyicha auditorlar guruhini shakllantiradi.
15. Sertifikatlashtirishni oʻtkazish boʻyicha auditorlar guruhining shaxsiy tarkibi, aʼzolarining huquq, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek sertifikatlashtirishni oʻtkazish muddatlari va joyi MTSO rahbarining qarori bilan belgilanadi.
16. Sertifikatlashtirishni oʻtkazish boʻyicha auditorlar guruhini sifat boʻyicha ekspert-auditor boshqaradi.
17. Menejment tizimlari hujjatlarining tahlili ularning normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
18. Menejment tizimlari hujjatlarining tahlili va uning natijalari boʻyicha hisobot tuzish 15 kundan ortiq boʻlmagan muddatda oʻtkaziladi.
19. Menejment tizimlari hujjatlarining normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga nomuvofiqligi aniqlanganda ariza beruvchiga menejment tizimlari hujjatlarining tahlili natijalari boʻyicha hisobot bilan birgalikda taqdim etiladigan nomuvofiqliklar bayonnomasi rasmiylashtiriladi.
20. Menejment tizimlari hujjatlarining tahlili natijalari boʻyicha quyidagilarni oʻz ichiga olgan hisobot rasmiylashtiriladi:
MTSO nomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ariza beruvchining nomi va manzili, shuningdek masʼul xodimning bogʻlanish maʼlumotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
soʻralgan sertifikatlashtirish sohasining nomi (faoliyat turlari, jarayonlar va tashkiliy tuzilmalarning joylashishini koʻrsatgan holda identifikatsiyasi);
sertifikatlashtirishni oʻtkazish uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning roʻyxati;
sertifikatlashtirish uchun ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlar roʻyxati;
menejment tizimi ishlashi yuzasidan ariza beruvchining rahbariyati tomonidan ichki audit va tahlil oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
nomuvofiqliklarni bartaraf etish uchun 30 kundan oshmaydigan muddat (nomuvofiqliklar bayonnomasi rasmiylashtirilganda);
menejment tizimlari hujjatlarining tahlili boʻyicha xulosa.
Hisobotda qoʻshimcha ravishda sertifikatlashtirish uchun ahamiyatga ega boshqa maʼlumotlar aks ettirilishi mumkin.
21. Nomuvofiqliklar mavjud boʻlmaganda yoki ular bartaraf etilgandan soʻng MTSO tomonidan ariza beruvchi bilan kelishilgan holda menejment tizimlari auditini oʻtkazish muddati belgilanadi. Bunda menejment tizimlari auditi menejment tizimlari hujjatlarining tahlili natijalari boʻyicha hisobot rasmiylashtirilgan yoki nomuvofiqliklar bayonnomasida koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgan kundan boshlab 15 kun mobaynida boshlanishi kerak.
22. Menejment tizimlari auditi ularning normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
23. Menejment tizimlari auditini oʻtkazish uchun MTSO tomonidan reja tuziladi.
24. Menejment tizimlari auditi ariza beruvchi joylashgan joyida oʻtkaziladi.
25. Menejment tizimlari auditi va uning natijalari boʻyicha hisobot tuzish 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatda oʻtkaziladi.
26. Menejment tizimlarining normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga nomuvofiqligi aniqlanganda ariza beruvchiga menejment tizimlari auditi natijalari boʻyicha hisobot bilan birgalikda taqdim etiladigan nomuvofiqliklar bayonnomasi rasmiylashtiriladi.
27. Menejment tizimlari auditi natijalari boʻyicha quyidagilarni oʻz ichiga olgan hisobot rasmiylashtiriladi:
MTSO nomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ariza beruvchining nomi va manzili, shuningdek masʼul xodimning bogʻlanish maʼlumotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
soʻralgan sertifikatlashtirish sohasining nomi (faoliyat turlari, jarayonlar va tashkiliy tuzilmalarning joylashishini koʻrsatgan holda identifikatsiyasi);
sertifikatlashtirishni oʻtkazish uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning roʻyxati;
sertifikatlashtirish boʻyicha asoslangan qaror qabul qilish imkonini beruvchi menejment tizimlari auditi oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi kuzatuvlar, yozuvlar va dalillar;
nomuvofiqliklarni bartaraf etish uchun 60 kundan oshmaydigan muddat (nomuvofiqliklar bayonnomasi rasmiylashtirilganda);
menejment tizimlari auditi boʻyicha xulosa.
Hisobotda qoʻshimcha ravishda sertifikatlashtirish uchun ahamiyatga ega boshqa maʼlumotlar aks ettirilishi mumkin.
28. Oʻtkazilgan sertifikatlashtirish natijalari boʻyicha MTSO tomonidan muvofiqlik sertifikatini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
29. Muvofiqlik sertifikatini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda ushbu qaror qabul qilingan kundan 3 kun ichida muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi, Davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkaziladi va ariza beruvchiga beriladi.
30. Muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati Davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgandan kundan boshlab 3 yilni tashkil qiladi.
31. Muvofiqlik sertifikati blankasi qatʼiy hisobda turadigan hujjat hisoblanadi, hisobga olish raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Muvofiqlik sertifikati blankasi ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadi va MTSO ga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (bundan buyon matnda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi deb yuritiladi) tomonidan beriladi.
32. Muvofiqlik sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda MTSO ushbu qaror qabul qilingan kuni ariza beruvchini bu haqda xabardor qiladi.
Muvofiqlik sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror menejment tizimlari hujjatlarining tahlilida ham, menejment tizimlari auditida ham qabul qilinishi mumkin.
33. Muvofiqlik sertifikatini berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
menejment tizimlari hujjatlarining tahlili yoki menejment tizimlari auditida aniqlangan nomuvofiqliklarning tegishli hisobotlarda belgilangan muddatlarda bartaraf etilmaganligi;
sertifikatlashtirish boʻyicha ishlar qiymatining toʻlovi amalga oshirilmaganligi;
menejment tizimlarining ushbu Nizom bilan belgilangan boshqa talablarga nomuvofiqligi.
34. Sertifikatlashtirishni oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlar toʻplamlari, shu jumladan sertifikatlashtirishga arizalar, hisobotlar, menejment tizimlari auditi rejalari, MTSO rahbarlarining qarorlari va muvofiqlik sertifikatlarining nusxalari MTSO da 4 yil davomida saqlanadi.
35. Sertifikatlashtirish natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda ariza beruvchi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Shikoyatlarni qarab chiqish kengashiga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqlidir.
Shikoyatlarni qarab chiqish 2 hafta ichida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Shikoyatlarni qarab chiqish kengashining qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
36. Avval berilgan muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati tugagunga qadar 30 kun mobaynida sertifikatlashtirishga ariza berilganda, menejment tizimi hujjatlarining tahlili va uning natijalari boʻyicha hisobot tuzishdan tashqari ushbu Nizomda belgilangan tartibda qayta sertifikatlashtirish oʻtkaziladi.
37. Sertifikatlashtirilgan menejment tizimlari ustidan inspeksiya nazorati sertifikatlashtirishda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO yoki inspeksiya organlari tomonidan yiliga koʻpi bilan bir marta amalga oshiriladi.
Inspeksiya nazorati natijalari boʻyicha muvofiqlik sertifikatini tasdiqlash, amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.
3-bob. Muvofiqlik sertifikatini tasdiqlash, amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va uni bekor qilish
38. Muvofiqlik sertifikatini tasdiqlash haqidagi qaror inspeksiya nazoratining natijalari ijobiy boʻlganda qabul qilinadi.
39. Muvofiqlik sertifikatining amal qilishi muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki sud tomonidan quyidagi hollarda olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turiladi:
menejment tizimi sertifikatlashtirilgan tashkilot (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tomonidan inspeksiya nazorati davomida aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilmaganda;
tashkilot tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablar buzilganda;
tashkilot inspeksiya nazoratini amalga oshirishdan bosh tortganda yoki inspeksiya nazoratini talab etiladigan muddatda oʻtkazishga ruxsat bermaganda;
tashkilot ixtiyoriy ravishda sertifikatning amal qilishini toʻxtatib turish haqida ariza bilan murojaat qilganda.
40. Muvofiqlik sertifikatining amal qilishi muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki sud tomonidan quyidagi hollarda tugatiladi:
inspeksiya nazorati natijalariga koʻra;
tashkilot tomonidan muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tugatish haqida ariza bilan murojaat qilganda;
tashkilot tugatilganda — tugatilgan yoki faoliyati toʻxtatilgan vaqtdan boshlab, qayta tashkil etilishi natijasida — qayta tashkil etilgan vaqtdan boshlab, oʻzgartirilishi bundan mustasno;
muvofiqlik sertifikatini amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlar MTSO, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki sud tomonidan belgilangan muddatda tashkilot tomonidan bartaraf etilmaganda;
normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablar tashkilot tomonidan muntazam ravishda buzilganda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganda;
MTSO ning muvofiqlik sertifikatini berish haqidagi qarori noqonuniy ekanligi aniqlanganda;
muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati oʻtganda.
41. Muvofiqlik sertifikatining amal qilishi uni tugatish haqida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
42. Muvofiqlik sertifikati muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va sud tomonidan quyidagi holatlarda bekor qilinadi:
inspeksiya nazorati natijalariga koʻra;
muvofiqlik sertifikati soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
43. Muvofiqlik sertifikatini bekor qilish haqida MTSO, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va sudning qarori qabul qilinganda muvofiqlik sertifikati u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan hisoblanadi.
44. MTSO ning muvofiqlik sertifikatini amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki uni bekor qilish haqidagi qarori tashkilotga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 kundan kechiktirmasdan yetkaziladi.
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining muvofiqlik sertifikatini amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki uni bekor qilish haqidagi qarori tashkilotga va muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO ga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 kundan kechiktirmasdan yetkaziladi.
Sudning muvofiqlik sertifikatini amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki uni bekor qilish haqidagi qarori tashkilotga va muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO ga qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlar va tartibda yetkaziladi.
Tashkilot MTSO, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki sudning muvofiqlik sertifikatini amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish haqidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran 5 kun ichida muvofiqlik sertifikati keyinchalik Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga Davlat reyestridan chiqarish va yoʻq qilib yuborish uchun muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO ga qaytarilishi lozim.
45. MTSO yoki Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining muvofiqlik sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoki uni bekor qilish haqidagi qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
46. Tashkilot muvofiqlik sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilganda, tugatilganda yoki u bekor qilinganda sertifikatlashtirilgan menejment tizimi mavjudligi toʻgʻrisida eʼlon qilish huquqiga ega emas.
4-bob. Sertifikatlashtirish sohasini kengaytirish yoki qisqartirish
47. Sertifikatlashtirish sohasini kengaytirishga talabgor tashkilot muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO ga ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda sertifikatlashtirish sohasini kengaytirishga ariza beradi.
48. Sertifikatlashtirish sohasini kengaytirish ushbu Nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
49. Sertifikatlashtirish sohasini qisqartirish muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO tomonidan:
tashkilotning sertifikatlashtirish sohasini qisqartirish toʻgʻrisidagi arizasiga;
inspeksiya nazorati natijalariga asosan amalga oshiriladi.
50. Sertifikatlashtirish sohasini qisqartirish uchun toʻlov undirilmaydi.
51. Sertifikatlashtirish sohasini kengaytirish yoki qisqartirishda avval berilgan muvofiqlik sertifikatining qolgan muddatiga yangi muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi. Bunda yangi muvofiqlik sertifikati avval berilgan muvofiqlik sertifikatini uni bergan MTSO ga qaytarilgandan soʻng beriladi.
52. MTSO ning sertifikatlashtirish sohasini kengaytirish yoki qisqartirish haqidagi qarori tashkilotga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 kundan kechiktirmasdan yetkaziladi.
Tashkilot MTSO ning sertifikatlashtirish sohasini kengaytirish yoki qisqartirish haqidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran 5 kun ichida avval berilgan muvofiqlik sertifikati keyinchalik Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga Davlat reyestridan chiqarish va yoʻq qilib yuborish uchun muvofiqlik sertifikatini bergan MTSO ga qaytarilishi lozim.
5-bob. Yakuniy qoidalar
53. MTSO berilgan va bekor qilingan muvofiqlik sertifikatlari, amal qilishi toʻxtatib turilgan va tugatilgan muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik sertifikatlarini berishni rad etish holatlari hisobini yuritadi, shuningdek har oyda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga mazkur maʼlumotni taqdim qilib boradi.
54. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi zaruriyat boʻlganda MTSO dan sertifikatlashtirish boʻyicha hujjatlar nusxalarini soʻrab olishi mumkin.
55. MTSO oʻz faoliyatini amalga oshirish natijasida ariza beruvchi yoki tashkilot toʻgʻrisida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlashi kerak.
56. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2016-yil 21-sentabrdagi 561-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2754-1, 23.09.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 38-son, 456-modda)
Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2020-yil 22-yanvardagi 6-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2754-2, 19.02.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2020-y., 10/20/2754-2/0189-son — 2020-yil 20-maydan kuchga kiradi)
