Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2014-yilda kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
31.12.2014
maʼlumot
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2015-yil ish rejasiga asosan Oliy xoʻjalik sudining 2014-yilda kassatsiya instansiyasida koʻrilgan ishlar yuzasidan sud amaliyoti tahlil qilindi.
Quyi instansiya sudlarining qarorlari bilan kelishmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan berilgan ayrim kassatsiya shikoyatlariga nisbatan kassatsiya instansiyasi sudining bildirgan munosabatlari quyidagicha koʻrinishga ega.
1. Kassatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda albatta xoʻjalik sudining nomi, ishning tartib raqami, ajrim chiqarilgan sana, nizo predmeti, qabul qilingan hal qiluv qarori, qaror mazmunining qisqacha bayoni, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, ajrim chiqarilayotgan masala, xoʻjalik sudi oʻz xulosalarini chiqarishga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonun hujjatlari, koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa koʻrsatilishi lozim.
“Koson yoʻl xoʻjaligi tuman pudrat taʼmirlash foydalanish” DUK tomonidan Qashqadaryo viloyat xoʻjalik sudining 18-1403/15814-sonli ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati berilgan.
Kassatsiya shikoyati XPK 180-moddasi birinchi qismining 2-bandiga zid ravishda, yaʼni shikoyat hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudini chetlab oʻtgan holda berilganligi sababli qaytarilgan.
Ajrim qisqa boʻlib, unda nizo predmeti, qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi kabi muhim maʼlumotlar yoritilmagan.
Kassatsiya instansiyasi tomonidan qabul qilinadigan ajrimlarga nisbatan ham XPKning 151-moddasi tatbiq etiladi. Yaʼni, ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilanishicha, alohida hujjat tariqasida chiqariladigan ajrimda xoʻjalik sudining nomi, ishning tartib raqami, ajrim chiqarilgan sana, nizo predmeti, qabul qilingan hal qiluv qarori, qaror mazmunining qisqacha bayoni, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, ajrim chiqarilayotgan masala, xoʻjalik sudi oʻz xulosalarini chiqarishga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonun hujjatlari, koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa koʻrsatilishi lozim.
Vaholanki, sudya kassatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimni tayyorlashda XPK 151-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilmagan.
Xuddi shunday xatolikka 11-1409/5487-sonli ish boʻyicha (sudya K. Davletova), 19-1403/6573-sonli ish boʻyicha (sudya M. Salimov), 11-1409/8504-sonli ish (sudya I. Matmuratov), 10-1413/3364-sonli ish boʻyicha (sudya O. Xalmirzayev), 10-1415/14639-sonli ish (sudya A. Abdullayev) tomonidan qabul qilingan ajrimlarda ham yoʻl qoʻyilgan.
2. XPKning 23-moddasiga koʻra, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar taalluqlidir.
“To`rtko`lli Sardor” xususiy firmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, OATB “SAVDOGAR BANK” va “To`rtko`lli Sardor” xususiy firmasi oʻrtasida tuzilgan taraflar oʻrtasida nizo kelib chiqqan taqdirda ishni hakamlik sudida koʻrish haqidagi bitimni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan daʼvo arizani qabul qilish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo arizasida qoʻyilgan talab xoʻjalik sudiga koʻrib chiqish uchun tegishli emas deb hisoblab, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan. Chunki XPKning 23-moddasi birinchi qismi 1-bandiga koʻra, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar taalluqlidir.
Mazkur Kodeks 24-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra, majburiyatlar bajarilmaganligi yoki tegishli darajada bajarilmaganligi toʻgʻrisidagi nizolar, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismiga koʻra, xoʻjalik sudi oʻzining vakolat doirasiga kiritilgan boshqa nizolarni ham hal qilishi nazarda tutilgan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimini bekor qilishni hamda ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topgan.
3. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari xoʻjalik yurituvchi subyektlar manfaatida hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni soʻrab xoʻjalik sudlariga murojaat qilishga haqli emas. Bunday ariza bilan murojaat qilinganda, ariza XPK 155-7-moddasining yettinchi qismiga muvofiq ushbu Kodeksning 118-moddasiga asoslanib qaytariladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, XPK 88-moddasiga binoan koʻrmasdan qoldiriladi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Asakabank” OAJ manfaatida xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi hakamlik sudining ishi boʻyicha chiqarilgan hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan ariza koʻrmasdan qoldirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi “Asakabank” OAJ manfaatida “Moxitabon-Zarafshon” MChJga nisbatan hakamlik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan. Hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan MChJdan Bank foydasiga 174 332 882 soʻm undirilgan.
Hal qiluv qarorining ijrosi javobgar tomonidan ixtiyoriy taʼminlanmaganligi sababli, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, mazkur hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni soʻragan.
XPK 155-6-moddasining ikkinchi qismiga binoan hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi masala hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan boʻlsa, oʻsha tarafning arizasiga binoan xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
XPK 155-7-moddasining yettinchi qismiga muvofiq ushbu Kodeksning 155-6-moddasida nazarda tutilgan talablar va ushbu modda qoidalari buzilgan holda berilgan hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan arizachiga qaytariladi.
Birinchi instansiya sudi “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga tayangan holda ishda Palata hakamlik muhokamasi tarafi boʻla olmaydi deb hisoblagan.
“Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga koʻra, hakamlik muhokamasi taraflari - oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun hakamlik sudiga daʼvo taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar (daʼvogarlar), shuningdek oʻziga nisbatan daʼvo taqdim etilgan shaxslar (javobgarlar)dir.
Ammo, birinchi instansiya sudi arizani ish yuritishga qabul qilib qoʻyganligi sababli, XPK 155-7-moddasining yettinchi qismiga muvofiq arizani qaytarmasdan, balki ariza imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan imzolangan degan vaj bilan analogiya boʻyicha XPK 88-moddasining 3-bandini mos holda qoʻllab, daʼvoni koʻrmasdan qoldirgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining arizani koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimi qonun hujjatlariga muvofiq boʻlganligi uchun, uni oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topgan.
4. XPK 189-moddasi ikkinchi qismining 5, 6 va 7-bandlariga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining qarorida hal qiluv qarori, qarorning qonuniyligini tekshirish toʻgʻrisida masala qoʻyilishiga sabab boʻlgan asoslar, kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan mulohazada bayon qilingan vajlar, majlisda hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari koʻrsatilishi lozim.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Agro bank” Uchqizil filiali manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Termiz Boysun qurilish” MChJdan 70 160 000 soʻm asosiy qarz va 16 487 600 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. MChJdan bank foydasiga 22 028 349 soʻm asosiy qarz va 7 709 000 soʻm jarima undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida javobgarni tegishli xabardor qilmasdan ishni koʻrib protsessual xatolikka yoʻl qoʻygan degan vaj bilan hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiyaga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining majlisida daʼvogar va javobgardan vakillar ishtirok etgan, ammo sudning qarorida majlisda hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari bayon qilinmagan.
Bundan tashqari, qarorda hal qiluv qarorining qonuniyligini tekshirish toʻgʻrisida masala qoʻyilishiga sabab boʻlgan asoslar, kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan mulohazada bayon qilingan vajlar ham koʻrsatilmagan.
Vaholanki, XPK 189-moddasi ikkinchi qismining 5-bandida kassatsiya instansiyasi sudining qarorida hal qiluv qarori, qarorning qonuniyligini tekshirish toʻgʻrisida masala qoʻyilishiga sabab boʻlgan asoslar, 6-bandida kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan mulohazada bayon qilingan vajlar, 7-bandida esa, majlisda hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari koʻrsatilishi lozimligi belgilangan.
5. Ish xoʻjalik sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi, majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birontasining yoʻqligida koʻrilgan boʻlsa, sud hujjati yuqori instansiya sudi tomonidan bekor qilinib, ish sud hujjatini qabul qilgan instansiya sudiga yangidan koʻrish uchun yuboriladi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi “Shoʻrchi don mahsulotlari” AJ manfaatida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Omon-El-Denov” xususiy korxonasidan 5 000 000 soʻm asosiy qarz va 2 500 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, daʼvogar foydasiga javobgardan 5 000 000 soʻm asosiy qarz va 1 560 000 soʻm penya undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Shoʻrchi don mahsulotlari” AJ bilan “Omon-El-Denov” XK oʻrtasida xizmat koʻrsatish shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, daʼvogar shartnoma shartlariga asosan javobgarning hisob raqamiga 2010-yil 6-sentabrda 5 000 000 soʻm pul mablagʻini oʻtkazib bergan boʻlsada, biroq javobgar shartnomada belgilangan xizmatlarni koʻrsatmagan.
Shu sababli, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi ishni koʻrish vaqti va joyi haqida javobgarni tegishli ravishda xabardor qilmagan holda ishni koʻrib chiqqan va daʼvoni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan.
XPK 188-moddasi uchinchi qismining 2-bandida ish xoʻjalik sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi, majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birontasining yoʻqligida koʻrilgan boʻlsa, hal qiluv qarorini yoki qarorni bekor qilish uchun asos boʻladi deb koʻrsatilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi XPKning mazkur normasiga asoslanib, javobgar ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmasdan ish uning ishtirokisiz koʻrib chiqilganligi sababli hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topgan.
19-1303/2372, 19-1406/2889-sonli ishlar ham xuddi shunday hal qilingan.
6. Boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanadi.
Daʼvogar “Singapur-Samarqand” xorijiy korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Xarir-tola” MChJdan 5 000 kg mahsulotni toʻliq natura holida yetkazib berishga majburlashni, yetkazib berilmagan mahsulot qiymatiga nisbatan hisoblangan 10 000 000 soʻm penya va 2 400 000 soʻm foiz undirishni soʻragan.
Javobgar qarshi daʼvo taqdim etib, taraflar oʻrtasida tuzilgan 2013-yil 22-apreldagi 37-sonli shartnomani haqiqiy emas deb topishni, 10 000 000 soʻm maʼnaviy zararni hamda 1 300 000 soʻm yuridik xizmat haqini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan dastlabki daʼvo rad etilgan. Qarshi daʼvo qisman qanoatlantirilib, 2013-yil 22-apreldagi 37-sonli shartnoma haqiqiy emas deb topilgan va qarshi daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Singapur-Samarqand” xorijiy korxonasi va “Xarir-tola” MChJ oʻrtasida 2013-yil 22-aprelda 37-sonli mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, MChJ 5000 kg navsiz pillani xorijiy korxonaga yetkazib berish, xorijiy korxona esa yetkazib berilgan navsiz pilla uchun 20 000 000 soʻm toʻlab berish majburyatini olgan.
Xorijiy korxona shartnoma shartlariga muvofiq 2013-yil 24 va 26-aprel kunlari jami 20 000 000 soʻm pul mablagʻini MChJning hisob raqamiga oʻtkazib bergan. MChJ esa shartnomada belgilangan oʻz majburiyatlarini bajarmasdan, 5000 kg navsiz pillani xorijiy korxonaga yetkazib bermagan. Shu sababli, “Singapur-Samarkand” xorijiy korxonasi sudga murojaat qilgan.
Oʻz navbatida, javobgar qarshi daʼvo taqdim etib, taraflar oʻrtasida tuzilgan 2013-yil 24-apreldagi shartnoma javobgar rahbari tomonidan imzolanmaganligi va u FKning 116-moddasiga muvofiq oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim hisoblanganligi uchun uni haqiqiy emas deb topishni hamda 10 000 000 soʻm maʼnaviy zarar va 1 300 000 soʻm yuridik xizmat haqini undirishni soʻragan.
Ish birinchi instansiya sudida koʻrilayotgan vaqtda javobgar daʼvogar tomonidan toʻlab berilgan 20 000 000 soʻm pulni qaytargan. Shu bois, birinchi instansiya sudi qarshi daʼvoni qisman qanoatlantirib, shartnomani haqiqiy emas deb topib, daʼvo talabining qolgan qismini rad qilish haqida toʻxtamga kelgan. Biroq dastlabki daʼvoni toʻliq rad qilish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Javobgar 2014-yil 25-iyun kuni daʼvogar sudga murojaat qilganidan keyingina 20 000 000 soʻm pul mablagʻini daʼvogarga qaytargan. Yaʼni, javobgar pul mablagʻidan bir yildan ortiq muddat davomida foydalanib kelgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma javobgar rahbari tomonidan imzolanmaganligi sababli javobgar uni tan olmagan taqdirda, daʼvogar oʻtkazib bergan pul mablagʻlarini darhol qaytarish choralarini koʻrishi lozim edi.
FK 327-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga asosan boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanishi kerak. Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs boʻlganida esa, uning joylashgan erida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud boʻlgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini daʼvo qoʻzgʻatilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi FKning mazkur moddasiga asosan daʼvogarning bank foizi undirish talabini bankning qayta moliyalash stavkasidan kam boʻlmagan miqdorda qanoatlantirishi lozim edi.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi javobgardan daʼvogar foydasiga bankning qayta moliyalash stavkasi 12 foiz miqdorida boʻlganligini inobatga olib, 2 400 000 soʻm foiz undirishni lozim topgan.
7. Xorijiy davlatning korxona va tashkilotlari tomonidan berilgan daʼvo arizalari konsullik legalizatsiyasi mavjud boʻlgan hollardagina ish yuritishga qabul qilinadi, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va Oʻzbekiston Respublikasi hamda daʼvo arizasi bergan tashkilot va korxona davlati aʼzo hisoblangan xalqaro shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa. Aks holda, daʼvo arizasi imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan imzolangan deb hisoblanib, XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan koʻrmasdan qoldiriladi.
Daʼvogar “IDA TRADING LTD” korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Romitan tola” FXdan 359,94 AQSh dollari undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “IDA TRADING LTD” korxonasi va “Romitan tola” FX oʻrtasida 2006-yil 6-oktabrda fyuchers shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, javobgar daʼvogarga 10 000 kg ipak mahsuloti yetkazib berishi, daʼvogar yetkazib berilgan mahsulot haqini toʻlash majburiyatini olgan.
Mazkur shartnomaga asosan daʼvogar tomonidan javobgar hisob-raqamiga 179 985 AQSh dollari oldindan toʻlab berilgan. Biroq, javobgar daʼvogarga mahsulotni toʻliq yetkazib bermagan. Natijada, javobgar daʼvogardan 359,94 AQSh dollari miqdorida qarzdor boʻlib qolgan.
Shu sababli “IDA TRADING LTD” korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilib, shartnoma 2006-yilda tuzilgan boʻlsada, daʼvogar tomonidan qarzdorlikni undirish choralari koʻrilmaganligi sababli, daʼvo muddatining oʻtganligini vaj qilib, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Ammo, birinchi instansiyasi sudi daʼvo arizasi Singapur Respublikasining korxonasi tomonidan taqdim etilib, u konsullik legalizatsiyasidan oʻtmaganligiga eʼtibor bermagan.
Adliya vazirligi tomonidan 1997-yil 12-martda 313-raqam bilan roʻyxatga olingan “Konsullik legalizatsiyasi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma”ning 4-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining korxona va tashkilotlari xorijiy davlatning korxona va tashkilotlari tomonidan yuborilgan hujjatlar va aktlarni faqatgina konsullik legalizatsiyasi mavjud boʻlgan holatlarda koʻrib chiqish uchun qabul qiladi, agarda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va Oʻzbekiston Respublikasi hamda hujjat va akt yuborayotgan tashkilot va korxona davlati aʼzo hisoblangan xalqaro shartnomada boshqacha nazarda tutilmagan boʻlsa.
XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan xoʻjalik sudi daʼvo arizasi imzolanmagan yoki imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa, daʼvoni koʻrmasdan qoldiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudi sudga taqdim etilgan daʼvo arizasi tegishli tartibda konsullik legalizatsiyasidan oʻtmaganligi sababli, daʼvo arizasi imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan imzolangan deb hisoblab, hal qiluv qarorini bekor qilgan va daʼvoni koʻrmasdan qoldirishni lozim topgan.
8. Auksion savdolari qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkazilganda, uning natijasi boʻyicha qabul qilingan bayonnomani haqiqiy emas deb topish mumkin emas.
“KOʼHNA BUXORO SAYQALI” MChJ (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) “Trade In Real Property” MChJ (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ga nisbatan daʼvo arizasi bilan viloyat xoʻjalik sudiga murojaat etib, javobgarda tashkil qilingan auksion savdo komissiyasining 2013-yil 18-noyabrdagi 001/3-A-sonli yakuniy bayonnomasini va ushbu sanada 001-A/1-sonli auksion savdo natijasida tuzilgan gʻoliblik bayonnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “Universal mulk savdo” MChJ, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi va auksion savdolarini tashkil etish komissiyasi jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2013-yil 27-sentabrda Buxoro shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi Buxoro shahar Xoʻja Nurobod koʻchasi yoqasida joylashgan sobiq 5-son umumtaʼlim maktabi bino va inshootlarini auksion savdolari orqali sotish toʻgʻrisida 33a-sonli buyrugʻi qabul qilingan.
Unga koʻra, savdo tashkilotchisi etib javobgar belgilangan va unga auksion savdolarini oʻtkazish toʻgʻrisida belgilangan tartibda eʼlonlar berish, tasdiqlangan jadvalga koʻra birinchi auksion savdolarini 2013-yil 4-noyabrda oʻtkazish, ushbu sanada obyekt sotilmay qolgan taqdirda, takroriy kim oshdi savdolarini 2013-yil 11, 18 va 25-noyabr kunlari oʻtkazish vazifasi yuklatilgan.
Javobgar tomonidan 2013-yil 18-noyabr kuni oʻtkazilgan auksion savdosida auksion savdo komissiyasi “KOʼHNA BUXORO SAYQALI” MChJ gʻolib deb eʼtirof etilgan hamda obyektning 900 000 000 soʻmga sotilganligi toʻgʻrisida yigʻilishning yakuniy 001/3-A-sonli bayonnomasiga asosan qaror qabul qilingan.
Mazkur qaror asosida 2013-yil 18-noyabrda 001-A/1-sonli auksion savdolari natijasi boʻyicha tuzilgan gʻoliblik bayonnomasi qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 27-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat aktivlarini birjadan tashqari savdolarda, shu jumladan, investitsiya majburiyatlari bilan sotish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ning 29, 30, 31-bandlariga asosan “auksion jarayonida har bir uch bosqichdan keyin auksionchi auksion bosqichini oshirish tomonga oʻzgartirishi mumkin. Bunda auksionchi narxni aytadi, qatnashchilar esa qatnashchining raqamini koʻtarib obyektni ushbu narxda sotib olishga tayyorligi toʻgʻrisida bildiradilar.
Bir necha qatnashchilar tomonidan qiziqish namoyon qilingan taqdirda auksionchi narxni auksion bosqichiga muvofiq oshirib navbatdagi narxni eʼlon qiladi.
Auksion navbatdagi narx 3-marta eʼlon qilingandan keyin xaridorlardan hech biri chiptasini koʻtarmasa tugallanadi. Chiptasining raqami auksionchi tomonidan oxirgi marta aytilgan xaridor auksionning gʻolibiga aylanadi. Shundan keyin auksionchi auksion savdoga qoʻyilgan davlat aktivining sotilganligini eʼlon qiladi, sotuv narxini va auksion gʻolibining chiptasi raqamini aytadi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ish hujjatlarida mavjud boʻlgan 2013-yil 18-noyabrda oʻtkazilgan auksion savdolari qayd etilgan video tasvirni oʻrganib chiqib, auksion savdolari qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkazilgan degan xulosaga kelgan va shu bois, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilgan.
9. Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga koʻra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulk oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Xamza tumani hokimligi “NEW STYLE BUSINESS” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Toshkent shahar, Xamza tumani, Oxangaron koʻchasi, 118 a-uy manzilidagi 229 kv.m maydondan iborat oʻzboshimchalik bilan qurilgan binoni MChJ hisobidan buzishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo ariza qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 12-fevraldagi “Aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari qatʼiy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida, Xamza tuman hokimiyati qoshidagi ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishda, Xamza tumani, Ohangaron koʻchasi 118-uy manzilida joylashgan MChJ 1013,0 kv.m yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallanganligi, shuningdek oʻzboshimchalik bilan egallangan yer maydonining 229,0 kv.m qismida noqonuniy qurilgan bino borligi aniqlangan.
Xamza tuman hokimiyatining 229,0 kv.m maydonda qurilgan binoni ixtiyoriy ravishda buzib tashlash toʻgʻrisidagi talabi MChJ tomonidan bajarilmagan.
“Toshkent shahar yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” davlat unitar korxonasi tomonidan MChJga qarashli Xamza tumani, Ohangaron koʻchasi, 118-uyda joylashgan Avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shaxobchasi kadastr ishida Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimining 2009-yil 20-iyuldagi 602-sonli qarori bilan 0,22 ga yer maydoni foydalanishga biriktirib berilganligi, oʻzboshimcha egallangan yer maydoni 1013 kv.m tashkil etishi koʻrsatilgan.
FKning 212-moddasiga koʻra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulk oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining daʼvosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ishni koʻrish davomida MChJ tomonidan unga imorat qurish uchun yer maydoni ajratilganligi, imoratni qurish uchun ruxsatnoma olinganligi, qurilgan bino arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalariga javob berishi isbotlab berilmaganligi sababli, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelingan.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topgan.
10. Agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan boʻlsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi toʻlanadi, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa.
“Xazratqul Abdullayev” fermer xoʻjaligi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Markaziy Osiyo Ulugʻchilik kompaniyasi” shuʼba korxonasidan 148 335 828 soʻm asosiy qarz, 102 831 066 soʻm penya, 12 164 268 soʻm zarar va 13 740 808 soʻm bank foizi undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan “Nodirabonu Safarova” fermer xoʻjaligi, Boyovut tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi, OATB “Oʻzsanoatqurilishbank” Sirdaryo mintaqaviy filiali nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida ishga jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, shuʼba korxonasidan fermer xoʻjaligi foydasiga 102 843 944 soʻm asosiy qarz, 20 000 000 soʻm penya, 700 000 soʻm zarar va 12 341 273 soʻm bank foizi undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, fermer xoʻjaligi va shuʼba korxonasi oʻrtasida paxta xom-ashyosini sotibolish toʻgʻrisida kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan.
Mazkur shartnoma shartlariga koʻra, fermer xoʻjaligi shuʼba korxonasiga 2011-yil hosilidan jami 281,0 tonna paxta xom-ashyosi yetkazib berishi, shuʼba korxonasi esa shartnomada belgilangan tartibda paxta xom-ashyosining toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi, shu jumladan mahsulot qabul qilib olingandan soʻng shartnomadagi mahsulot umumiy qiymatining 80 foizini boʻnak mablagʻlari, terim uchun yuborilgan mablagʻlar va boshqa hisob-kitoblar chegirilgan holda qolgan qismi boʻyicha solishtirma dalolatnoma imzolangandan bir oy keyin toʻlovni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Fermer xoʻjaligi tomonidan shartnoma shartlari toʻliq bajarilib, 281,1 tonna paxta xom-ashyosi topshirilgan. Biroq shuʼba korxonasi tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu bois, fermer xoʻjaligi sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, shuʼba korxonadan 148 335 828 soʻm asosiy qarz, 102 831 066 soʻm penya va 12 164 268 soʻm zarar, 13 740 808 soʻm bank foizi undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo talabining 102 843 944 soʻm asosiy qarz, 20 000 000 soʻm penya undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan boʻlsada, biroq shuʼba korxona hisobidan 700 000 soʻm zarar va 12 341 273 soʻm bank foizi undirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 13-bandida shartnomalardan kelib chiquvchi pul majburiyatlarida, xususan qarzdorning tovarlar, ishlar, xizmatlar toʻlovini amalga oshirish yoxud pul mablagʻlarini qaytarish, toʻlov kechiktirilgan summani toʻlash sharti bilan olingan majburiyatlarda FKning 327-moddasiga asosan foizlar hisoblanishi lozim. Qonunda yoxud taraflar kelishuvida pul majburiyatlarini bajarishni kechiktirganlik uchun qarzdorning neustoyka (penya) toʻlash majburiyati koʻzda tutilishi mumkin. Bunday holatlarda sud shundan kelib chiqishi kerakki, agar qonunda yoki shartnomada toʻgʻridan toʻgʻri boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditor pul majburiyatini bajarmaganligi uchun zarar yetkazilganligi holatini va zararning miqdorini isbotlamasa ham, ushbu choralardan birini qoʻllash haqidagi talabni qoʻyishga haqli ekanligi toʻgʻrisida tushuntirish berilgan.
Fuqarolik kodeksining 325-moddasiga koʻra, agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan boʻlsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi toʻlanishi belgilangan.
Shu sababli, kassatsiya instansiya sudi hal qiluv qarorining 700 000 soʻm zarar va 12 341 273 soʻm bank foizi undirish qismini bekor qilib, daʼvoning ushbu qismlarini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilgan.
11. Elektr energiyasi vaqtinchalik uzib qoʻyilganligi natijasida hisob-kitob terminallarini ishlatish imkoniyati boʻlmaganligi uchun toʻlovning plastik kartochkasi orqali qabul qilinmaganligi xoʻjalik yurituvchi subyektni Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmaydi.
Samarqand shahar DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, YTT Joʻrayev Nurilloga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 5 173 000 soʻm, Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam oylik ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda va Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga asosan eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish Samarqand viloyat boʻlimining 2014-yil 7-fevraldagi buyrugʻiga asosan “Samarqand shodiyonasi” savdo majmuasi hududida faoliyat yuritayotgan YTT Joʻrayev Nurilloga qarashli savdo doʻkonida savdo va xizmat koʻrsatish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan 2014-yil 8-fevralda qisqa muddatli tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirish vaqtida YTT Joʻrayev Nurillo oʻz oʻrniga fuqaro Begiyeva Shoxsanam Shaxobjonovnani sotuvchi sifatida savdo ishlarini amalga oshirish uchun qoʻyganligi va Sh. Begiyeva 2014-yil 8-fevralda xaridorga savdo xizmati koʻrsatganligi aniqlangan. Xaridor xarid qilingan koʻylak uchun toʻlovni oʻz plastik kartochkasidan amalga oshirishini bildirgan, ammo sotuvchi elektr energiyasi yoʻqligi sababli terminal ishlamayotganligini bildirgan. Sotuvchi ayollar koʻylagini xaridorga 55 000 soʻm naqd pulga sotib, xaridorga nazorat kassa mashinasidan xarid cheki bermagan. Shuningdek, tekshirishda kirim hujjatlari mavjud boʻlmagan 5 173 000 soʻmlik tovarlar savdoga qoʻyilganligi aniqlangan va bu haqda dalolatnoma tuzilgan.
Tekshirish natijalari yuzasidan DSIning 2014-yil 28-fevraldagi qaroriga asosan YTTga nisbatan moliyaviy jarima hisoblangan.
Mazkur qaror YTT tomonidan ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi uchun DSI sudga ariza bilan murojaat qilib, YTTga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talablar qisman qanoatlantirilib, YTT Joʻrayev Nurilloga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 5 173 000 soʻm, Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan 2 883 150 soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan va Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga asosan eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida moliyaviy jarimani qoʻllash qismi rad etilgan.
Apellatsiya sudi tomonidan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarori va qaror oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan YTTga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 5 173 000 soʻm moliyaviy jarima asosli qoʻllangan deb hisoblagan. Chunki ushbu moddaning birinchi qismida kirim qilinmagan tovarlarni saqlash, bundan ularning qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollar mustasno, kirim qilinmagan tovar qiymati miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi belgilangan.
Sud tomonidan YTTga nisbatan Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan 2 883 150 soʻm moliyaviy jarima ham asosli qoʻllangan deb baholangan, chunki YTT tomonidan savdo shaxobchasida nazorat kassa mashinasini ishlatish majburiy boʻlsada, uni ishlatmasdan savdo amalga oshirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sudning YTTga nisbatan Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga asosan eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosasi ham asosli deb topilgan. Bunda sud Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga koʻra, plastik kartochkalar asosida toʻlovlarni qabul qilishni rad etganlik eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishiga, biroq mazkur holatda savdo amalga oshirilgan vaqtda butun savdo kompleksida elektr energiyasi boʻlmaganligiga, shu sababli sotuvchida toʻlovni terminal orqali qabul qilishning imkoniyati boʻlmaganligiga asoslangan.
2014-yil 31-dekabr.
