Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi 327-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirilmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda qayd etilgan qoidalar yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shuningdek qonunda belgilangan muddat davomida moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan dehqon va fermer xoʻjaliklariga nisbatan tatbiq etilmaydi (21-1203/11019-son)
29.10.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Qiziltepa tuman hokimligi maxsus tugatish komissiyasi (bundan buyon matnda — hokimlik) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Bekmurod” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda — fermer xoʻjaligi) uzoq muddat mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmasdan kelayotganligi sababli uni tugatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasi qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya protestida birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmasdan, moddiy huquq normalari buzilganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi 327-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirilmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (bundan buyon matnda — Nizom) talablari dehqon va fermer xoʻjaliklariga nisbatan tatbiq etilmasligi toʻgʻrisida vajlar kelitirilib, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati protest vajlarini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga koʻra, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Nizoni hal qilish jarayonida birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy huquq normalarini qoʻllashda xatolikka yoʻl qoʻyilib, fermer xoʻjaligini Nizom talablariga asosan tugatib, notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Nizomning 1.3 -bandiga muvofiq korxonalarni tugatish uchun korxona muassislari (ishtirokchilari)ning qarori (ixtiyoriy tugatish) yoki xoʻjalik sudining hal qiluv qarori asos hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 53-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, Nizomda qayd etilgan qoidalar yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shuningdek qonunda belgilangan muddat davomida moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan dehqon va fermer xoʻjaliklariga nisbatan tatbiq etilmasligi qayd etilgan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2010-yil 19-noyabrdagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 221-sonli qarorining 3-bandida ham tushuntirish berilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 32 va 33-moddalarida fermer xoʻjaligini tugatish asoslari va tugatish tartibi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xoʻjaligining yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomida fermer xoʻjaligini tugatish asosi va tartibi belgilab berilgan.
Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan mazkur qonun talablariga rioya etilmasdan daʼvo ariza qanoatlantirilgan. Vaholanki, ushbu holatda fermer xoʻjaligini Nizomda belgilangan talablar asosida tugatib boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2005-yil 23-dekabrdagi “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 136-sonli qarorining 15-bandiga asosan agar kassatsiya instansiyasi sudi ish holatlari taqdim etilgan dalillarni har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻrganish asosida aniqlanganligini, ammo sudning xulosalari bu holatlarga mos emasligini aniqlasa, kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qiladi va yangi qaror qabul qiladi.
Bunday holatda sudlov hayʼati hal qiluv qarorini bekor qilib, yangi qaror qabul qilishni va daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
2013-yil 29-oktabr,
21-1203/11019-son
