Apellatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va unda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlmasa qaytariladi (13-0404/737-son)
25.09.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Oq chashma” fermer xoʻjaligi daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Doʻstlik paxta tozalash” OAJdan 1.099.000 soʻm asosiy qarz, 184.600 soʻm penya, 164.850 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2004-yil 16-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Doʻstlik paxta tozalash” OAJdan “Oq chashma” fermer xoʻjaligi foydasiga 1.099.000 soʻm asosiy qarz, 450.000 soʻm penya, 4.000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan.
Sudning 2006-yil 25-apreldagi ajrimi bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlanib, ish yuritish tugatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 16-yanvardagi qarori bilan taraflar oʻrtasida 2006-yil 14-aprelda tuzilgan kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilgan va 2006-yil 25-apreldagi kelishuv bitimini tasdiqlash va ish yuritishni tugatish haqidagi sud ajrimi bekor qilingan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 10-apreldagi qarori bilan apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 16-yanvardagi qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 8-maydagi qarori bilan sudning 2006-yil 25-apreldagi ajrimi bekor qilingan va ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Sudning 2013-yil 11-iyundagi ajrimi bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash rad etilgan.
Mazkur ajrimdan norozi boʻlgan “Oq chashma” fermer xoʻjaligi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish haqidagi sud ajrimini bekor qilishni soʻragan.
Sudning 2013-yil 15-iyuldagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyatiga davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmaganligi asos qilinib, apellatsiya shikoyati qaytarilgan.
“Oq chashma” fermer xoʻjaligi 2013-yil 23-iyulda yana apellatsiya shikoyati bilan murojaat etib, sudning 2013-yil 11-iyundagi ajrimini bekor qilishni soʻrgan.
Sudning 2013-yil 29-iyuldagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyati belgilangan muddat oʻtgandan keyin berilganligi va unda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlmaganligi asos qilinib, apellatsiya shikoyati qaytarilgan.
Mazkur ajrimdan norozi boʻlib “Oq chashma” fermer xoʻjaligi kassatsiya shikoyati bilan murojaat etib, sudning 2013-yil 29-iyuldagi ajrimini bekor qilishni soʻragan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quydagi asoslarga koʻra sud ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha “Oq chashma” fermer xoʻjaligi sudning 2013-yil 11-iyundagi ajrimini bekor qilishni soʻrab, 2013-yil 23-iyulda apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (keyinchalik matnda — XPK)ning 158-moddasiga koʻra, apellatsiya shikoyati (protesti) xoʻjalik sudi hal qiluv qarorini qabul qilgandan keyin bir oy ichida beriladi. Mazkur kodeks 172-moddasining ikkinchi qismiga koʻra xoʻjalik sudining ajrimi ustidan apellatsiya shikoyatlari (protestlari) sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatlarini (protestlarini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda koʻriladi.
XPK 162-moddasining birinchi qismi 4-bandiga koʻra apellatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va unda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlmasa qaytariladi.
“Oq chashma” fermer xoʻjaligi sudning 2013-yil 11-iyundagi ajrimini bekor qilishni soʻrab, 2013-yil 23-iyulda apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan boʻlsada, unga oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnomani ilova qilmagan.
Shu sababli sudning 2013-yil 29-iyuldagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyati asosli ravishda qaytarilgan.
Bu holda, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini qaytarish haqidagi 2013-yil 29-iyuldagi ajrimi asosli va qonuniy chiqarilganligi sababli uni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
2013-yil 25-sentabr,
13-0404/737-son
