Nizo xoʻjalik sudida koʻrib chiqishga tegishli boʻlmasa sudya daʼvo arizasini qabul qilishni rad etadi (18-1307/8829-son)
03.09.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Bashirov Bobosher” xususiy korxonasi (bundan buyon matnda — xususiy korxona) xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Nishon tuman Davlat soliq inspeksiyasi (bundan buyon matnda — DSI)ga nisbatan 2012-yil 31-oktabrdagi dalolatnomasi hamda 2012-yil 16-noyabrdagi qarorini bekor qilishni soʻragan.
Sudning 2013-yil 5-apreldagi ajrimi bilan daʼvo arizani qabul qilish rad qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2013-yil 22-maydagi qarori bilan ajrim oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida mazkur toifadagi ishlar xoʻjalik sudlarida koʻrib chiqilganligi, sudlar tomonidan sababsiz chalgʻitish maqsadida daʼvo ariza qabul qilishdan rad etilganligi haqida vajlar keltirilib, sud hujjatlarini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud hujjatlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashining 2009-yil 21-apreldagi ½-G-sonli va viloyat xududiy komissiyasining 2012-yil 19-oktabrdagi 06/10378-sonli ruxsatnomasi hamda DSIning 2012-yil 31-oktabrdagi 253-XS-sonli buyrugʻiga asosan xususiy korxonada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Maxqamasining savdoga oid qarorlari ijrosining taʼminlanishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirishda xususiy korxonaga qarashli savdo doʻkoni rahbari xaridorga 1 litr paxta yogʻini 4500 soʻm naqd pulga sotib, xaridorga qilgan xaridi uchun nazorat kassa mashinasi cheki yoki unga tenglashtirilgan kvitansiya bermaganligi, 100 soʻm miqdorida naqd savdo pullari bank muassasasiga kam topshirganlik xolatlari aniqlanib, bu haqida 2012-yil 31-oktabrda dalolatnoma tuzilgan.
Tekshirish yakuni yuzasidan DSI tomonidan 2013-yil 16-noyabrda “Soliqqa oid qonunbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida”gi qarori chiqarilgan.
Xususiy korxona tekshirish natijasi boʻyicha tuzilgan dalolatnomaga va qabul qilingan qarorga norozi boʻlib, xoʻjalik sudiga daʼvo ariza bilan murojaat qilib mazkur hujjatlarni bekor qilishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda — XPK)ning 24-moddasida xoʻjalik sudlari tomonidan hal etiladigan nizolar belgilangan boʻlib, ushbu nizolar ichida davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladi deyilgan.
Ammo, mazkur moddada belgilangan nizolar ichida DSIning dalolatnomasini yoki qarorini bekor qilish haqidagi nizolarni hal etish belgilanmagan.
XPKning 117-moddasi birinchi qismi 1-bandiga koʻra, nizo xoʻjalik sudida koʻrib chiqishga tegishli boʻlmasa, sudya daʼvo arizasini qabul qilishni rad etadi.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi XPK talablarini toʻgʻri qoʻllagan holda, XPKning 117-moddasi birinchi qismi 1-bandiga muvofiq daʼvo arizani qabul qilishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻz navbatida apellatsiya instansiyasi sudi esa yuqorida qayd etilgan holatlarga asoslangan holda sud ajrimini oʻzgarishsiz qoldirish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2005-yil 23-dekabrdagi “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 136-sonli qarorining 21-bandida xoʻjalik sudining shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin boʻlgan ajrimlari ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) XPKda nazarda tutilgan hollarda beriladi (keltiriladi). XPK 191-moddasining ikkinichi qismiga muvofiq, xoʻjalik sudining ajrimlariga nisbatan berilgan kassatsiya shikoyatlari (protestlari) xoʻjalik sudining hal qiluv qarori va qarori ustidan beriladigan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) qabul qilish va koʻrib chiqish uchun belgilangan tartib asosida qabul qilinadi va koʻrib chiqiladi.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar asosida sud hujjatlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblab, shikoyatni qanoatlantirishni rad etib, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq pochta xarajatlarini xususiy korxona zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2013-yil 3-sentabr,
18-1307/8829-son
