2014-yil va 2015-yilning birinchi yarmi davomida xoʻjalik sudlari tomonidan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 48-3-moddasining qoʻllanilishi bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
30.06.2015
MAʼLUMOTNOMA
Oliy xoʻjalik sudining 2015-yillik ish rejasiga asosan 2014-yil va 2015-yilning birinchi yarmi davomida ishlarni koʻrishda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi)ning 483-moddasini qoʻllanilishi bilan bogʻliq xoʻjalik sudlari tomonidan taqdim etilgan (695 ta) xoʻjalik ishlari va ular yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
1. Qonunning 483-moddasiga asosan berilgan sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudiga taalluqli boʻlib, bunday ariza ish yuritishga qabul qilinishi va XPK 217-moddasida belgilangan talablar asosida koʻrib chiqilishi kerak.
Sayxunobod tuman DSI xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Afshona” fermer xoʻjaligidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 15 850 643 soʻm soliq qarzi undiruvini uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilib, fermer xoʻjaligidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha 15 850 643 soʻm soliq qarzi undirilgan va undiruv uning mol mulkiga qaratilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach sud hujjati boʻyicha ijro varaqasi berilgan va unga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, soliq qarzini qoplash uchun fermer xoʻjaligining mol-mulki mavjud boʻlmaganligi sababli, sud ijrochisi Qonunning 483-moddasiga asosan sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni soʻrab xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi mazkur arizani koʻrib chiqish xoʻjalik sudiga taalluqli emas deb hisoblab, XPK 23-moddasi birinchi qismining 1-bandi va 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan uni qabul qilishni rad etgan.
Vaholanki, Qonun 483-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga asosan yuridik shaxsning qarzlari boʻyicha, shu jumladan, uning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganda, undiruv sud hujjati asosida, qonunda belgilangan shartlarda va tartibda ushbu yuridik shaxs mulkdorlarining, muassislarining va aʼzolarining (ishtirokchilarining) pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
Tegishli qarzdor yuridik shaxslarga nisbatan ijro harakatlarini amalga oshirishda undiruvni xususiy korxona mulkdori, muassasa mulkdori, fermer xoʻjaligining rahbari, dehqon xoʻjaligining aʼzolari, ishlab chiqarish kooperativining aʼzolari, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari, toʻliq shirkat ishtirokchilari, shuningdek kommandit shirkatdagi toʻliq sheriklar pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi sud ijrochisining Qonunning 483-moddasiga asosan sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasini ish yuritishga qabul qilib, uni koʻrib chiqishi lozim edi.
2. Ijro varaqasiga asosan qoʻzgʻatilgan ijro ishi yuritishi qarzdorning mol-mulki mavjud boʻlmaganligi uchun tamomlanib, ijro varaqasi undiruvchiga qaytarilgan boʻlsa, undiruvchi mustaqil ravishda Qonunning 483-moddasiga asosan ijro hujjatini ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Daʼvogar “Agrobank” OATB sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Xoʻjaobod qahramoni” FXdan 16 242 000 soʻm kredit qarzini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 16 242 000 soʻm kredit qarzi undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach daʼvogarga ijro varaqasi berilgan va uning asosida sud ijrochisi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro harakatlari boshlangan.
Biroq, ijro ishi yuritish jarayonida qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki yoki daromadlari yoʻqligi va uning mol-mulki yoki daromadlarini qidirish yuzasidan sud ijrochisi tomonidan qonunda yoʻl qoʻyilgan barcha choralar koʻrilganligi va choralar natijasiz boʻlganligi sababli, ijro hujjatlarida koʻrsatilgan undiruv amalga oshirilmagan va ijro hujjati undiruvchiga qaytarilgan.
Shu bois undiruvchi “Agrobank” OATB xoʻjalik sudiga murojaat qilib, 16 242 000 soʻm kredit qarzi undiruvini qarzdor “Xoʻjaobod qahramoni” fermer xoʻjaligi rahbari M. Abdullayevning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
XPK 217-moddasining birinchi qismiga asosan xoʻjalik sudi undiruvchi, qarzdor yoki sud ijrochisining arizasiga koʻra sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib - boʻlib ijro etishga, ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirishga haqli.
Sud XPK 217-moddasining mazkur normasiga tayangan holda arizani ish yuritishga qabul qilib, uni koʻrib chiqqan va arizani qanoatlantirish toʻgʻrisida ajrim chiqargan.
3. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza daʼvo arizasi hisoblanmaydi. Shu bois, bunday arizani XPKning 117 va 118-moddalarida keltirilgan asoslar boʻyicha qabul qilishni rad etish yoki qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Andijon viloyat xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan “Paxtakor-99” FXning soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 14 326 870 soʻm soliq qarzini undirish uning mol-mulkiga qaratilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Ijro ishi yuritish jarayonida qarzdor fermer xoʻjaligining mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni va qarzdorning soliq qarzi boʻyicha undiruvni “Paxtakor-99” FX rahbarining pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ariza XPK 118-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan, yaʼni ariza XPKning 112-moddasida belgilangan shakl va mazmunga rioya qilinmagan holda taqdim etilganligi sababli qaytarilgan.
Biroq, sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza daʼvo ariza hisoblanmaydi. Shuning uchun, bunday arizani XPKning 118-moddasida belgilangan talablar asosida qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mazkur holatda sud arizani ish yuritishga qabul qilib, uni qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish haqida ajrim chiqarishi lozim edi.
4. Sud hujjatini ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilinganda, u boʻyicha, albatta, sud hujjati (ajrim) chiqariladi. Bunday arizalarga xat bilan javob berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
“Global Invest Import” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Spektr Dizayn Lyuks” MChJdan 32 219 581 soʻm asosiy qarz va 2 028 065 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 32 219 581 soʻm asosiy qarz, 2 028 065 soʻm penya va 349 396 soʻm sud xarajatlari undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach daʼvogarga ijro varaqa berilgan. Ushbu ijro varaqasiga asosan sud ijrochisi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro harakatlari boshlangan. Biroq, ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli mol-mulk aniqlanmagan.
Shu bois, sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirib, undiruvni MChJ taʼsischi (ishtirokchi)larining pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Qonun 483-moddasining ikkinchi qismiga binoan tegishli qarzdor yuridik shaxslarga nisbatan ijro harakatlarini amalga oshirishda undiruvni xususiy korxona mulkdori, muassasa mulkdori, fermer xoʻjaligining rahbari, dehqon xoʻjaligining aʼzolari, ishlab chiqarish kooperativining aʼzolari, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari, toʻliq shirkat ishtirokchilari, shuningdek kommandit shirkatdagi toʻliq sheriklar pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq qarzdorning ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli mol-mulki boʻlmaganda, undiruv sud qarori asosida qarzdorning masʼuliyati cheklangan jamiyat, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq shirkat, kommandit shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga, qarzdorning ishlab chiqarish kooperatividagi payiga qaratiladi.
Mazkur holatda, qarzdorning huquqiy maqomi MChJ boʻlganligi bois undiruvni uning taʼsischisi pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga ijro hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirish orqali qaratib boʻlmaydi. Shu sababli, sud tomonidan sud ijrochisiga arizani mazmunan koʻrib chiqish uchun asos mavjud emasligi haqida javob xati yuborilgan.
Vaholanki, XPKning 217-moddasiga koʻra sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish uni ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish masalalari xoʻjalik sudining majlisida, undiruvchi va qarzdor ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilingan holda koʻriladi, va arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, u undiruvchi hamda qarzdorga, shuningdek sud hujjatini ijro etish sud ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, sud ijrochisiga yuboriladi.
Shu sababli, XPK 217-moddasining uchinchi qismiga muvofiq sud hujjatini ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilinganda, u ish yuritishga qabul qilinib, mazmunan koʻrib chiqilishi va natijasi boʻyicha ajrim chiqarilishi lozim. Bundan tashqari “xat” protsessual hujjat hisoblanmasligi sababli, ushbu shaklda arizaga javob berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yana bir misol.
Daʼvogar “Faxri-Diyor Abdulboriy” xususiy korxonasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Fargʻona Asilbek fayzi” xususiy korxonasidan 164 563 843 soʻm asosiy qarz va 78 781 921 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 138 286 079 soʻm asosiy qarz va 32 821 520 soʻm penya undirilgan.
Sud hujjati qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va unga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, ijro hujjatida koʻrsatilgan pul mablagʻlarini undirish uchun qarzdorning mol-mulki mavjud boʻlmaganligi sababli sud ijrochisi Qonunning 483-moddasiga asosan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni soʻrab xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilgan.
Biroq, birinchi instansiya sudi ushbu holatda ham arizani sud majlisida muhokama qilmasdan va uning natijasi boʻyicha sud hujjati chiqarmasdan, sud ijrochisiga xat bilan javob qaytargan.
5. XPK 217-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi.
Doʻstlik tuman DSI xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Boliqul ota” fermer xoʻjaligidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 35 913 000 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilib, fermer xoʻjaligi hisobidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha 35 913 000 soʻm soliq qarzi undirilgan va undiruv uning mol-mulkiga qaratilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach sud hujjati boʻyicha ijro varaqasi berilgan va unga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, soliq qarzini qoplash uchun fermer xoʻjaligining mol-mulki mavjud boʻlmaganligi sababli sud ijrochisi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonun 483-moddasiga asosan ijro hujjati ijrosini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni soʻrab 2015-yil 13-yanvarda xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi 2015-yil 5-fevralda, yaʼni ariza kelib tushgan kundan boshlab 24 kunlik muddatda uni qanoatlantirish toʻgʻrisida ajrim chiqargan.
Vaholanki, XPK 217-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi.
6. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish jarayonida qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkat)ning mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari) vafot etganligi aniqlansa, sud vafot etgan shaxsning merosxoʻrlari aniqlanib, ular merosga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani olgunga va merosxoʻrlar meros qoldirilgan mol-mulkni egallashga amalda kirishgunga qadar ish yuritishni XPK 82-moddasi birinchi qismining 3-bandiga mos holda toʻxtatib turishi lozim.
Sudning hal qiluv qarori bilan “Salomatli-M.E.N.” xususiy dorixonasidan “Laxisam” MChJ foydasiga 1 885 974 soʻm asosiy qarz, 141 448 coʻm penya va 103 305 soʻm sud xarajati undirilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va unga asosan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Ijro ishi yuritish jarayonida qarzdorning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, undiruvchi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni va undiruvni korxona rahbari I. Mirkamolovning shaxsiy mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Arizani sud majlisida koʻrib chiqish paytida qarzdorning rahbari I. Mirkamolov vafot etganligi aniqlangan. Shu bois sudning ajrimi bilan undiruvchining arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
FK 351-moddasining birinchi qismiga koʻra, agar majburiyatni qarzdorning shaxsiy ishtirokisiz bajarish mumkin boʻlmasa yoki majburiyat boshqacha tarzda qarzdorning shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa, qarzdor vafot etishi bilan majburiyat bekor boʻladi.
Ushbu Kodeksning 1113-moddasiga muvofiq meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan, uning oʻlimidan keyin ham bekor boʻlmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.
Mazkur holatda vafot etgan I. Mirkamolovning xususiy korxona rahbari sifatida vujudga kelgan majburiyati uning shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlmaganligi bois, uning barcha huquq va majburiyatlari meros tarkibiga kiradi.
XPK 82-moddasi birinchi qismining 3-bandiga koʻra ishda taraf sifatida qatnashayotgan fuqaro vafot etganda, agar nizoli huquqiy munosabatlar huquqiy vorislikka yoʻl qoʻysa, xoʻjalik sudi quyidagi hollarda ish yuritishni toʻxtatib turishga majbur.
Shu bois, mazkur holatda sud undiruvchining arizasini qanoatlantirishni rad etmasdan, balki vafot etgan I. Mirkamolovning merosxoʻrlari aniqlanib, ular merosga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani olgunga va merosxoʻrlar meros qoldirilgan mol-mulkni egallashga amalda kirishgunga qadar ish yuritishni XPK 82-moddasi birinchi qismining 3-bandiga mos holda toʻxtatib turishi lozim edi.
7. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish masalasini hal etishda qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkat)ning mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari) almashganligi aniqlansa, sud XPK 38-moddasining birinchi qismiga mos holda ushbu shaxsni daxldor shaxs bilan almashtirishi lozim.
“Buzznes Group LTD” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Servis Lyuks” xususiy korxonasidan 10 500 000 soʻm asosiy qarz va 5 250 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 10 500 000 soʻm asosiy qarz, 1 000 000 soʻm penya va 162 450 soʻm sud xarajati undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach daʼvogarga ijro varaqasi berilgan. Ushbu ijro varaqasiga asosan sud ijrochisi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro harakatlari boshlangan.
Undiruvchi (daʼvogar) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirishni hamda undiruvni qarzdor (xususiy korxona) mulkdori Shukur Abdiyevning pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Ariza sud majlisida koʻrib chiqilishi vaqtida tuman hokimligi qoshidagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olish inspeksiyasida xususiy korxonaning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish kiritilganligi, unga koʻra Shukur Abdiyev qarzdor korxonaning rahbari sifatida 2013-yilning aprelga qadar faoliyat yuritganligi, 2013-yilning 5-aprelidan boshlab qarzdor korxonaning rahbari (mulkdori) sifatida Ulugʻbek Muratov faoliyat yuritayotganligi aniqlangan. Shu sababli, sud undiruvchining arizasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqargan.
XPK 38-moddasining birinchi qismiga koʻra xoʻjalik sudi daʼvo taqdim etish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoki daʼvo boʻyicha javob berishi lozim boʻlmagan shaxsga nisbatan taqdim etilganini aniqlasa, hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar, daʼvogarning roziligi bilan dastlabki daʼvogar yoki javobgarning ishga daxldor daʼvogar yoki javobgar bilan almashtirilishiga yoʻl qoʻyishi mumkin.
Mazkur holatda sud undiruvchining arizasini qanoatlantirishni rad etmasdan, balki undiruvchining roziligi bilan Shukur Abdiyevni daxldor shaxs boʻlgan Ulugʻbek Muratov bilan almashtirib, sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish masalasini mazmunan hal etishi lozim edi.
8. Qonun 483-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra fermer xoʻjaligining qarzlari boʻyicha ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun uning mol-mulki yetarli boʻlmaganda, undiruvni fermer xoʻjaligining rahbari pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi.
Quyichirchiq tuman DSI xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Akim Sevinch agro” FXdan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 35 396 523 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, fermer xoʻjaligi hisobidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha 31 339 826 soʻm soliq qarzi undirilgan va undiruv uning mol-mulkiga qaratilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach sud hujjati boʻyicha berilgan ijro varaqasiga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, soliq qarzini qoplash uchun fermer xoʻjaligining mol-mulki mavjud boʻlmaganligi sababli sud ijrochisi Qonunning 483-moddasiga asosan xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni va undiruvni fermer xoʻjaligi rahbarining pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Qonun 483-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tegishli qarzdor yuridik shaxslarga nisbatan ijro harakatlarini amalga oshirishda undiruvni xususiy korxona mulkdori, muassasa mulkdori, fermer xoʻjaligining rahbari, dehqon xoʻjaligining aʼzolari, ishlab chiqarish kooperativining aʼzolari, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari, toʻliq shirkat ishtirokchilari, shuningdek kommandit shirkatdagi toʻliq sheriklar pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonun 35-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, fermer xoʻjaligining boshligʻi fermer xoʻjaligining mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda fermer xoʻjaligining majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli mol-mulk bilan qonun hujjatlariga muvofiq subsidiar javobgar boʻladi.
Birinchi instansiya sudi qayd etilgan qonun hujjatlariga tayangan holda asosli ravishda sud ijrochisining arizasini qanoatlantirib, sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirgan va fermer xoʻjaligi hisobidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 31 339 826 soʻm soliq qarzi boʻyicha undiruv fermer xoʻjaligi rahbarining pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratgan.
9. Qarzdor – xususiy korxonaning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganda undiruv sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirish yoʻli bilan korxona mulkdorining pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratiladi.
“Bulding and Manufacturing Group” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Qizilqum Tongi Navoiy” xususiy korxonasidan 22 389 165 soʻm asosiy qarz va 7 880 986 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 22 389 165 soʻm asosiy qarz, 1 500 000 soʻm penya va 309 902 soʻm sud xarajatlari undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach daʼvogarga ijro varaqasi berilgan va ushbu ijro varaqasiga asosan sud ijrochisi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro harakatlari amalga oshirilgan.
Undiruvchi (daʼvogar) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirishni hamda undiruvni qarzdor (xususiy korxona) mulkdorining pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan undiruvchining arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Undiruvchining sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasiga Sud departamenti Navoiy viloyat hududiy boshqarmasining xati ilova qilingan. Ushbu xatga koʻra, qarzdordan undiruvchi foydasiga pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi ijro varaqasiga asosan ijro ishi qoʻzgʻatilganligi, ijro ishini yuritish jarayonida qarzdorning bankdagi hisob raqamiga inkasso topshiriqnomasi qoʻyilganligi, qarzdorning mol-mulkini aniqlash uchun tegishli davlat idoralariga soʻrovnomalar yuborilganligi, biroq olingan maʼlumotlarga koʻra qarzdorga tegishli biron-bir turdagi mol-mulklar mavjud emasligi, qarzdor yuridik manzilida joylashmaganligi aniqlangan. Shu bois, undiruv imkoniyati yoʻqligi sababli, ijro hujjati Qonun 40-moddasining 2-bandiga asosan undiruvchiga qaytarilganligi maʼlum qilingan. Yaʼni, mazkur holatda qarzdorning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganligi undiruvchi tomonidan isbotlab berilgan.
Qonun 483-moddasining birinchi qismiga binoan yuridik shaxsning qarzlari boʻyicha, shu jumladan, uning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganda, undiruv sud hujjati asosida, qonunda belgilangan shartlarda va tartibda ushbu yuridik shaxs mulkdorlarining, muassislarining va aʼzolarining (ishtirokchilarining) pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
Shu bois, sud undiruvchining arizasini qanoatlantirib, sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirishni va undiruvni korxona mulkdorining pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratishi lozim edi.
10. Tegishli qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkatlar)ning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmagandagina undiruv sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirish yoʻli bilan yuridik shaxs mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari)ning pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
“Bulding and Manufacturing Group” MChJ sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Serquosh nur tayyorlov” xususiy korxonasidan 40 488 341 soʻm asosiy qarz va 13 280 176 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 40 488 341 soʻm asosiy qarz, 2 000 000 soʻm penya va 544 885 soʻm sud xarajati undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach daʼvogarga ijro varaqasi berilgan va ushbu ijro varaqasi asosida sud ijrochisi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro harakatlari boshlangan.
Undiruvchi (daʼvogar) sudga ariza bilan murojaat qilib, sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirishni hamda undiruvni qarzdor (xususiy korxona) mulkdorining pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Qonun 483-moddasining birinchi qismiga binoan yuridik shaxsning qarzlari boʻyicha, shu jumladan, uning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganda, undiruv sud hujjati asosida, qonunda belgilangan shartlarda va tartibda ushbu yuridik shaxs mulkdorlarining, muassislarining va aʼzolarining (ishtirokchilarining) pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
Undiruvchining sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasiga Sud departamenti Poyariq tuman boʻlimining xati ilova qilingan. Unga koʻra, qarzdordan undiruvchi foydasiga pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi ijro varaqasiga asosan ish yuritish qoʻzgʻatilganligi, ijro ishi jarayonida qarzdorning bankdagi hisob raqamiga inkasso topshiriqnomasi qoʻyilganligi, qarzdorning mol-mulkini aniqlash uchun tegishli davlat idoralariga soʻrovnomalar yuborilganligi va ijro harakatlari davom ettirilayotganligi maʼlum qilingan.
Mazkur holatda, qarzdorning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganligini undiruvchi isbotlab bermagan.
Shu bois, sud undiruvchining arizasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqargan.
Yana bir misol.
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan “Nurobod neftbazasi” unitar korxonasi foydasiga “Sodiq paxtakor” fermer xoʻjaligidan 23 905 197 soʻm qarz undirilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach undiruvchiga ijro varaqasi berilgan. Ushbu ijro varaqasiga asosan sud ijrochisi ijro ishi qoʻzgʻatib, ijro harakatlarini boshlagan. Ijro ishi yuritish jarayonida qarzdor fermer xoʻjaligining pul mablagʻlari va mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni va undiruvni fermer xoʻjaligi rahbarining shaxsiy mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan arizani qanoatlantirish rad etilgan.
Qonun 483-moddasining birinchi qismiga koʻra, yuridik shaxsning qarzlari boʻyicha, shu jumladan, uning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganda, undiruv sud hujjati asosida, qonunda belgilangan shartlarda va tartibda ushbu yuridik shaxs mulkdorlarining, muassislarining va aʼzolarining (ishtirokchilarining) pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
XPK 55-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Ushbu modda mazmunan sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi arizalar bilan murojaat etuvchi shaxslar uchun ham tegishli boʻlib, arizachi ijro hujjatini majburiy ijro etish yuzasidan barcha zarur harakatlar olib borilganligini, qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki aniqlanmaganligini isbotlashi lozim.
Biroq, sud ijrochisi tomonidan sudga ijro hujjatini ijro etish tartibi va usulini oʻzgartirish uchun asos boʻladigan hujjatlar, jumladan qarzdorning mol-mulki yoʻqligini tasdiqlovchi dalolatnoma, qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki yoki daromadlarini qidirish yuzasidan sud ijrochisi tomonidan barcha choralar koʻrilganligini tasdiqlovchi dalillar, tegishli tashkilotlarga soʻrovnomalar bilan murojaat qilganligini isbotlovchi hujjatlar taqdim etilmagan.
Shu bois, sud asosli ravishda sud ijrochisining arizasini qanoatlantirishni rad etgan.
11. Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qarzdorning ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli mol-mulki boʻlmaganda undiruvni qarzdor ishtirokchilarining pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshirilmaydi.
Namangan viloyat xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan “Zamon sanoat invest qurilish” MChJning soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 655 541 999 soʻm miqdordagi soliq qarzi uning mol-mulki hisobidan undirilgan. Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va ijro ishi qoʻzgʻatilgan.
Ijro ishi yuritish jarayonida qarzdor MChJning pul mablagʻlari va mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan. Shu bois sud ijrochisi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, hal qiluv qarorining ijro usuli va tartibini oʻzgartirishni va soliq qarzi boʻyicha undiruvni “Zamon sanoat invest qurilish” MChJ ishtirokchilarining pul mablagʻlari va boshqa mol-mulklariga qaratishni soʻragan.
Qonun 483-moddasining ikkinchi qismiga asosan tegishli qarzdor yuridik shaxslarga nisbatan ijro harakatlarini amalga oshirishda undiruvni xususiy korxona mulkdori, muassasa mulkdori, fermer xoʻjaligining rahbari, dehqon xoʻjaligining aʼzolari, ishlab chiqarish kooperativining aʼzolari, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari, toʻliq shirkat ishtirokchilari, shuningdek kommandit shirkatdagi toʻliq sheriklar pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi.
Ushbu Qonunda koʻrsatilgan yuridik shaxslar roʻyxatida MChJ nazarda tutilmagan.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga koʻra masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zararlar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasida javobgar boʻlishlari belgilangan.
Shu sababli, sud asosli ravishda hal qiluv qarorini ijro etish usuli hamda tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni rad etgan.
12. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirib, qarzdorlik boʻyicha undiruvni MChJ rahbarining pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi arizalar xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli emasligini asos qilib, ish yuritishni tugatish emas, balki arizani qanoatlantirishni rad etish lozim.
Sudning hal qiluv qarori bilan “Andijon elektr montaj qurilish” MChJning mol-mulki hisobidan 24 717 950 soʻm soliq qarzi undirilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va unga asosan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, ijro ishi yuritish jarayonida qarzdor MChJning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirib, soliq qarzi boʻyicha undiruvni “Andijon elektr montaj qurilish” MChJ rahbari D. Ataxanovning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ariza boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilgan.
Qonun 483-moddasining ikkinchi qismiga asosan tegishli qarzdor yuridik shaxslarga nisbatan ijro harakatlarini amalga oshirishda undiruvni xususiy korxona mulkdori, muassasa mulkdori, fermer xoʻjaligining rahbari, dehqon xoʻjaligining aʼzolari, ishlab chiqarish kooperativining aʼzolari, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari, toʻliq shirkat ishtirokchilari, shuningdek kommandit shirkatdagi toʻliq sheriklar pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan yuridik shaxslarning roʻyxatida MChJ nazarda tutilmagan.
Shuningdek, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga koʻra, masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zararlar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasida javobgar boʻlishlari belgilangan.
Bunday holatda, sud hal qiluv qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza boʻyicha XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishni tugatmasdan, balki Qonun 483-moddasining ikkinchi qismiga asosan arizani qanoatlantirishni rad etishi lozim edi.
13. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi arizada tegishli qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkatlar) mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari)ning shaxsi aniq koʻrsatilishi va unga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi lozim. Sudya tomonidan qarzdor korxona rahbarining shaxsiga nisbatan ikkilanish yoki shubha tugʻilgan hollarda, arizani qanoatlantirish rad etiladi.
Sudning hal qiluv qarori bilan “Chorva qorakoʻl” xususiy korxonasining soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 44 624 037 soʻm soliq qarzi boʻyicha undiruv uning mol-mulkiga qaratilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Ijro ishi yuritish jarayonida qarzdor fermer xoʻjaligining mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni va undiruvni korxona rahbari J. Bobomurodovning shaxsiy mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Arizaga ilova qilingan hujjatlar oʻrganilganda, ijro ishini yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror qarzdorning rahbari E. Mannonovga topshirilganligi, undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma (koʻzdan kechirish dalolatnomasi)da xususiy korxona rahbari sifatida E. Mannonov koʻrsatilganligi, sudga taqdim etilgan arizada esa, 44 624 037 soʻm soliq qarzi undiruvini korxonaning rahbari J. Bobomurodovning shaxsiy mulkiga qaratish soʻralganligi aniqlangan. Arizaga J. Bobomurodovning korxona rahbari ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan.
Arizachi tomonidan korxonaning rahbari (mulkdori) sifatida aniq bir shaxs koʻrsatilmaganligi va uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmaganligi sababli, sudda rahbar shaxsiga nisbatan shubha tugʻilgan va shu bois sud ijrochisining arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
14. Unitar korxonaning majburiyatlari boʻyicha undiruv uning taʼsischisi (mulkdori) boʻlgan boshqa yuridik shaxsdan ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish asosida undirilishi mumkin emas.
Quvasoy shahar DSI xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, qarzdor “Un zavodi” unitar korxonasidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 40 840 737 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida sud buyrugʻi berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi arizani qanoatlantirib, “Un zavodi” unitar korxonasidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 40 840 737 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida sud buyrugʻi bergan.
Ushbu sud buyrugʻiga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, soliq qarzini qoplash uchun “Un zavodi” unitar korxonasining mol-mulki mavjud boʻlmaganligi sababli sud ijrochisi Qonunning 483-moddasiga asosan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni soʻrab xoʻjalik sudiga murojaat qilgan. Arizada qarzdor “Un zavodi” unitar korxonasi 2009-yilda “Alisher” sanoat tijorat firmasi qoshida tashkil etilganligi sababli “Un zavodi” unitar korxonasining 40 840 737 soʻm soliq qarzini uning taʼsischisi “Alisher” sanoat tijorat firmasidan undirish soʻralgan.
Birinchi instansiya sudi arizani qanoatlantirish toʻgʻrisida ajrim chiqarib, sud buyrugʻini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirgan va sud hujjati boʻyicha undiruvni “Alisher” sanoat tijorat firmasining pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratgan.
Vaholanki, sud bu bilan boshqa yuridik shaxsning huquq va manfaatlariga taʼsir etuvchi sud hujjati qabul qilgan. “Un zavodi” unitar korxonasining nizomida uning majburiyatlari yuzasidan “Alisher” sanoat tijorat firmasi javob berishi koʻrsatilmagan.
FK 70-moddasining birinchi, yettinchi va oʻninchi qismlariga koʻra, oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor tomonidan mulk huquqi berilmagan tijoratchi tashkilot unitar korxona hisoblanadi.
Unitar korxona oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Unitar korxona mol-mulkining egasi korxona majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, ushbu Kodeks 48-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
FK 48-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlariga asosan yuridik shaxs muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining egasi yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassis (ishtirokchi) yoki mulkdorning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, ushbu Kodeksda yoki yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar yuridik shaxsning nochorligi (bankrotligi) shu yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Bundan tashqari, Qonun 483-moddasining ikkinchi qismida unitar korxonaga nisbatan undiruvni unitar korxona mulkdori pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshirilishi koʻrsatilmagan.
Shu sababli, “Un zavodi” unitar korxonasining majburiyatlari boʻyicha javobgarlikni “Alisher” sanoat tijorat firmasiga yuklash masalasi ish mazmunan koʻrib chiqilayotganda koʻrib chiqilishi mumkin. Aks holda, sud buyrugʻiga asosan “Un zavodi” unitar korxonasining majburiyatlari boʻyicha undiruvni “Alisher” sanoat tijorat firmasiga yuklashga qonun hujjatlari bilan yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Sud hujjatining ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, u undiruvchi, qarzdor hamda sud hujjatining ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish natijasida qarzdorning mulkdori (rahbari, ishtirokchisi, sherigi, aʼzosi va h/k)ga, shuningdek sud hujjatini ijro etish sud ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, sud ijrochisiga yuboriladi.
Oʻrtachirchiq tuman DSI xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Abduxalil Turgʻunboyev” fermer xoʻjaligidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 40 221 414 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, fermer xoʻjaligi hisobidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha 38 998 784 soʻm soliq qarzi undirilgan va undiruv uning mol-mulkiga qaratilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach sud hujjati boʻyicha berilgan ijro varaqasiga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, soliq qarzini qoplash uchun fermer xoʻjaligining mol-mulki mavjud boʻlmaganligi sababli sud ijrochisi Qonunning 483-moddasiga asosan xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, ijro hujjati ijrosini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi arizani qanoatlantirib, sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirgan va fermer xoʻjaligi hisobidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 38 998 784 soʻm soliq qarzi boʻyicha undiruv fermer xoʻjaligi rahbarining pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratilgan.
Biroq, ishda sud tomonidan mazkur ajrim undiruvchi, qarzdor va sud ijrochisiga yuborganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas.
XPK 217-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi. Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, u undiruvchi hamda qarzdorga, shuningdek sud hujjatini ijro etish sud ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, sud ijrochisiga yuboriladi.
Shuningdek, sud hujjatining ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijalari boʻyicha chiqarilgan ajrimga asosan undiruvning qarzdor mulkdori (rahbari, ishtirokchisi, sherigi, aʼzosi va h/k)ning pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi ularning huquq va majburiyatlariga taʼsir etadi. Shu sababli, bu shaxslarning ushbu ajrim ustidan shikoyat qilishlari mumkinligidan kelib chiqib, ajrim nusxasi ularga ham yuborilishi lozim.
16. Sud ijrochisi tomonidan berilgan sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi arizani rad etish haqidagi ajrim ustidan nafaqat sud ijrochisining oʻzi, balki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar ham apellatsiya shikoyati berishga haqli.
Sudning hal qiluv qarori bilan “Urganch elektr hisoblagich” MChJdan “Elektron hisoblagich” MChJ shakldagi qoʻshma korxonasi foydasiga 260 655 379 soʻm undirilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va unga asosan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, ijro ishi yuritish jarayonida qarzdor MChJning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirib, undiruvni qarzdorning mulkdori (taʼsischisi)ning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan arizani qanoatlantirish rad etilgan.
Ushbu ajrim ustidan undiruvchi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda ajrimni bekor qilib, sud ijrochisining arizasini qanoatlantirishni va undiruvni qarzdorning ishtirokchisi (taʼsischisi) M. Samandarovning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan apellatsiya shikoyati ish yurituvga qabul qilingan.
XPKning 217-moddasi beshinchi qismiga koʻra, sud hujjatini ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkin.
Ushbu holatda, garchi ajrim sud ijrochisining arizasi asosida qabul qilingan boʻlsa ham, ushbu ajrim ustidan XPKning 156 — 160-moddalariga muvofiq nafaqat sud ijrochisi, balki ishda ishtirok etuvchi shaxslar ham apellatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Sud tomonidan apellatsiya shikoyati qonuniy ravishda ish yurituvga qabul qilinib, Qonun 483-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaxslarning roʻyxatida MChJ nazarda tutilmaganligi sababli, ajrim oʻzgarishsiz, shikoyat esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
17. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, sudning ajrimi asosida yangi ijro varaqa beriladi.
Sudning hal qiluv qarori bilan javobgar “Daminjon Mehri MMZ” FXning soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 3 646 368 soʻm qarzi uning mol-mulki hisobidan undirilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach ijro varaqasi berilgan va unga asosan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, ijro ishi yuritish jarayonida qarzdorning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirib, undiruvni qarzdor fermer xoʻjaligi rahbarining mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
XPK 217-moddasining birinchi qismiga koʻra, xoʻjalik sudi undiruvchi, qarzdor yoki sud ijrochisining arizasiga koʻra sud hujjati ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etishga, ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirishga haqli.
Sud “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonun 35-moddasining ikkinchi qismi, Qonunning 483-moddasini qoʻllab arizani qanoatlantirish haqida ajrim qabul qilgan.
Lekin ushbu ajrimni majburiy ijro etish uchun sud tomonidan ijro varaqasi berilmagan.
Qonun 7-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan sudlar oʻzlari qabul qiladigan sud hujjatlari asosida beradigan ijro varaqalari ijro hujjatlari hisoblanadi.
Shuningdek, Qonunning 8-moddasida ijro hujjatlarining mazmuni boʻyicha talablar sanab oʻtilgan. Xususan, Qonun ushbu modda birinchi qismining 4-bandiga koʻra ijro hujjatida undiruvchi va qarzdorning nomi, ularning manzillari, jismoniy shaxslar uchun — qarzdorning tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi koʻrsatilishi lozim.
Sudning ajrimi bilan Qonun 483-moddasiga asosan sud (ijro) hujjatini ijro etish usuli va tartibi oʻzgartirilganda qarzdor boshqa qarzdor bilan almashtiriladi. Shu sababli, bunday holatda sud ijro varaqasi berishi, unda yangi qarzdorning ismi sharifi, tugʻilgan sanasi va joyi, yashash manzili, ish joyi koʻrsatilishi lozim.
18. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizada qarzdorning qarzlari boʻyicha uning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar, undiruv uning mol-mulkiga qaratilishi soʻralayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili va joyi, ish joyi hamda yashash manzili koʻrsatilishi lozim.
Kosonsoy tuman DSI xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Valixoji nabiralari” dehqon xoʻjaligidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 4 250 000 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilib, fermer xoʻjaligi hisobidan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha 4 250 000 soʻm soliq qarzi undirilgan va undiruv uning mol-mulkiga qaratilgan.
Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach sud hujjati boʻyicha ijro varaqasi berilgan va unga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Biroq, soliq qarzini qoplash uchun fermer xoʻjaligining mol-mulki mavjud boʻlmaganligi sababli sud ijrochisi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Qonunning 483-moddasiga asosan ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirishni va undiruvni qarzdor dehqon xoʻjaligi rahbari va aʼzolarining pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Arizada undiruv qaratilishi lozim boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan. Yaʼni, undiruv qarzdor dehqon xoʻjaligi rahbari va aʼzolarining mol-mulkiga qaratilishi soʻralayotgan boʻlsada, biroq dehqon xoʻjaligining rahbari va aʼzolari kimligi (ularning familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning tugʻilgan yili va joyi, ish joyi va yashash manzili koʻrsatilmagan.
Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
ijro varaqasini chiqargan xoʻjalik sudining nomi;
xoʻjalik ishi raqami va sanasi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi;
ijro varaqasi boʻyicha undirilishi lozim boʻlgan pul mablagʻlarining miqdori;
qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki yoki daromadlari yoʻqligi va uning mol-mulki yoki daromadlarini qidirish yuzasidan sud ijrochisi tomonidan qonunda yoʻl qoʻyiladigan doirada koʻrilgan barcha choralar va olib borilgan boshqa ijro harakatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish asoslari;
undiruv qaratilishi lozim boʻlgan shaxsning (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari)ning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi va yashash manzili;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
19. Sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan ajrimning mazmuni XPK 151-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan talablarga javob berishi va uning xulosa qismida undiruv qaratilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi hamda yashash manzili koʻrsatilishi lozim.
Jomboy tuman DSI sudga ariza bilan murojaat qilib, qarzdor “Xosilkor” FXdan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 15 246 000 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida sud buyrugʻi berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi arizani qanoatlantirib, qarzdordan soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 15 246 000 soʻm soliq qarzini undirishni va undiruvni uning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida sud buyrugʻi bergan.
Ushbu sud buyrugʻiga asosan Sud departamentining tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Ijro ishi yuritish jarayonida qarzdor FXning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulki mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bois, sud ijrochisi sudga ariza bilan murojaat qilib, sud buyrugʻini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirib, soliq qarzi boʻyicha undiruvni fermer xoʻjaligi rahbari Sayyora Siddiqovaning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ariza qanoatlantirilgan.
Biroq, ajrimning xulosa qismida undiruv qaratilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan. Yaʼni, undiruv qarzdor “Xosilkor” FX rahbarining mol – mulkiga qaratilgan boʻlsada, “Xosilkor” FXning rahbari kimligi (uning familiyasi, ismi, otasining ismi), uning tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi va yashash manzili koʻrsatilmagan. Vaholanki, bunday ajrimlar boʻyicha ijro varaqasi beriladi. Ijro varaqasi esa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 10-apreldagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qoʻllashda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar haqida”gi 06/196-sonli qarorining 6-bandiga asosan sud hujjatining xulosa qismiga soʻzma-soʻz monand boʻlishi kerak.
Qonun 8-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra ijro hujjatida undiruvchi va qarzdorning nomi, ularning manzillari; jismoniy shaxslar uchun - qarzdorning tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi koʻrsatilishi lozim.
Sud amaliyotini umumlashtirish natijalari boʻyicha quyidagi tavsiyalar beriladi.
Xoʻjalik sudlari sudyalari:
Qonunning 483-moddasiga asosan berilgan sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudi sudloviga taalluqli boʻlib, bunday ariza ish yuritishga qabul qilinishi va XPK 217-moddasida belgilangan talablar asosida koʻrib chiqilishi kerakligiga;
ijro varaqasiga asosan qoʻzgʻatilgan ijro ishi yuritishi qarzdorning mol-mulki mavjud boʻlmaganligi uchun tamomlanib, ijro varaqasi undiruvchiga qaytarilgan boʻlsa, undiruvchi mustaqil ravishda Qonunning 483-moddasiga asosan ijro hujjatini ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqliligiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza daʼvo arizasi hisoblanmaydi. Shu bois, bunday arizani XPKning 117 va 118-moddalarida keltirilgan asoslar boʻyicha qabul qilishni rad etish yoki qaytarishga yoʻl qoʻyilmasligiga;
sud hujjatini ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilinganda, u boʻyicha, albatta, sud hujjati (ajrim) chiqariladi. Bunday arizalarga xat bilan javob berilishiga yoʻl qoʻyilmasligiga;
XPK 217-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddat ichida koʻrib chiqilishiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish jarayonida qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkat)ning mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari) vafot etganligi aniqlansa, sud vafot etgan shaxsning merosxoʻrlari aniqlanib, ular merosga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani olgunga va merosxoʻrlar meros qoldirilgan mol-mulkni egallashga amalda kirishgunga qadar ish yuritishni XPK 82-moddasi birinchi qismining 3-bandiga mos holda toʻxtatib turishi lozimligiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish masalasini hal etishda qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkat)ning mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari) almashganligi aniqlasa, sud XPK 38-moddasining birinchi qismiga mos holda ushbu shaxsni daxldor shaxs bilan almashtirishi lozimligiga;
Qonun 483-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra fermer xoʻjaligining qarzlari boʻyicha ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun uning mol-mulki yetarli boʻlmaganda, undiruvni fermer xoʻjaligining rahbari pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshirilishiga;
qarzdor – xususiy korxonaning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganda undiruv sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirish yoʻli bilan korxona mulkdorining pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishiga;
tegishli qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkatlar)ning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmagandagina undiruv sud hujjatini ijro etish usulini oʻzgartirish yoʻli bilan yuridik shaxs mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari)ning pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi mumkinligiga;
masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qarzdorning ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli mol-mulki boʻlmaganda undiruvni qarzdor ishtirokchilarining pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshirilmasligiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirib, qarzdorlik boʻyicha undiruvni MChJ rahbarining pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi arizalar xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli emasligini asos qilib, ish yuritishni tugatish emas, balki arizani qanoatlantirishni rad etish lozimligiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi arizada tegishli qarzdor yuridik shaxs (xususiy korxona, muassasa, fermer xoʻjaligi, dehqon xoʻjaligi, ishlab chiqarish kooperativi, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, toʻliq va kommandit shirkatlar) mulkdori (rahbari, aʼzolari, ishtirokchilari, toʻliq sheriklari)ning shaxsi aniq koʻrsatilishi va unga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi lozim. Sudya tomonidan qarzdor korxona rahbarining shaxsiga nisbatan ikkilanish yoki shubha tugʻilgan hollarda, arizani qanoatlantirish rad etilishiga;
unitar korxonaning majburiyatlari boʻyicha undiruv uning taʼsischisi (mulkdori)boʻlgan boshqa yuridik shaxsdan ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish asosida undirilishi mumkin emasligiga;
sud hujjatining ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, u undiruvchi, qarzdor hamda sud hujjatining ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish natijasida qarzdorning mulkdori (rahbari, ishtirokchisi, sherigi, aʼzosi va h/k)ga, shuningdek sud hujjatini ijro etish sud ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, sud ijrochisiga yuborilishiga;
sud ijrochisi tomonidan berilgan sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi arizani rad etish haqidagi ajrim ustidan nafaqat sud ijrochisining oʻzi, balki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar ham apellatsiya shikoyati berishga haqliligiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, sudning ajrimi asosida yangi ijro varaqa berilishiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizada qarzdorning qarzlari boʻyicha uning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar, undiruv uning mol-mulkiga qaratilishi soʻralayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili va joyi, ish joyi hamda yashash manzili koʻrsatilishi lozimligiga;
sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan ajrimning mazmuni XPK 151-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan talablarga javob berishi va uning xulosa qismida undiruv qaratilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi hamda yashash manzili koʻrsatilishi lozimligiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
Mazkur toifadagi arizalarni koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan berilgan aksariyat tavsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 10.04.2009-y. 06/196-son “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qoʻllashda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar haqida”gi qarorida va Oliy xoʻjalik sudining boshqa Plenum qarorlarida tushuntirishlar berilmaganligi uchun yuqoridagi tavsiyalardan kelib chiqib, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining tegishli qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish maqsadga muvofiq.
2015-yil 30-iyun.
